PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING YIGIRMA TO‘RT YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI SO‘ZI
Aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Bugun mana shu go‘zal va muhtasham maydonda siz, aziz yurtdoshlarimiz bilan ko‘rishish, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni biz uchun eng ulug‘ va eng aziz bo‘lgan O‘zbekistonimizning Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan tabriklash – men uchun katta baxt, katta sharafdir.
Mustaqillik biz uchun hayotimizning ma’no-mazmunini butunlay o‘zgartirgan, tariximizda yangi sahifa ochgan buyuk voqea bo‘lib, Vatanimizni, xalqimizni eski mustabid tizim kishanlaridan ozod qilgani, milliy demokratik davlat qurish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan teng bo‘lib, farovon hayot barpo etish yo‘lini ochib bergani bilan qadrli va mo‘tabardir.
Aynan mustaqillik toptalgan qadriyatlarimizni, dinu diyonatimizni, oru nomusimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, xalqimizning orzu-intilishlariga, milliy manfaatlariga javob beradigan kelajagimizni qurish yo‘lini ochib bergani bilan tariximizda abadiy saqlanib qolajak.
Aynan mustaqillik sharofati bilan mard va matonatli xalqimiz tarixan qisqa davrda amalga oshirgan olamshumul ishlar tufayli shahar va qishloqlarimizning, butun mamlakatimizning qiyofasi tobora ochilib, obod bo‘lib borayotgani, aholimizning hayot darajasi va sifati yuksalayotgani, bugun O‘zbekistonimiz zamonaviy davlatlar qatoriga kirayotgani – o‘zingiz ayting, aziz do‘stlar, mustaqillikka erishmasdan turib, bunday marralarga yetish mumkinmidi?
Bunga javob bitta – yo‘q va aslo yo‘q.
Bu fikrning yaqqol tasdig‘ini, avvalo, bosib o‘tgan yo‘limiz va mamlakatimiz qo‘ygan qadamlarda ko‘rish, kuzatish qiyin emas.
O‘zbekistonimiz iqtisodiyoti, jahon miqyosida hali-beri davom etayotgan inqirozga qaramasdan, istiqlol yillarida 5, 5 karradan ziyod o‘sgani, aholimizning real daromadlari jon boshiga 9 marta ko‘paygani, odamlarimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 75 yoshga yetgani hech kimni befarq qoldirmaydi, albatta.
Mamlakatimiz yer yuzidagi eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlatlar orasida bugun beshinchi o‘rinni egallagani va so‘nggi o‘n bir yil davomida yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish hajmi 8 foizdan yuqori bo‘lib kelayotganining o‘zi barchaning havasi va hayratini uyg‘otishi tabiiydir.
Bugungi kunda dunyodagi eng nufuzli xalqaro iqtisodiy va ijtimoiy markazlarning oxirgi ma’lumoti bo‘yicha, O‘zbekiston “Butunjahon baxt indeksi”da 158 ta mamlakat o‘rtasida 44-pog‘onani, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egallagani barchamizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi va yangi ufqlarni zabt etishga undaydi.
Biz qo‘lga kiritgan o‘sish sur’atlari, erishgan marralar va ularga olib kelgan sabablar haqida, albatta, ko‘p gapirishimiz mumkin. Lekin bu haqda so‘z yuritganda, bunday ulkan yutuqlarimizning eng muhim omili va mezoni borki, u ham bo‘lsa, zamon o‘zgarishi bilan xalqimiz, odamlarimizning dunyoqarashi, ongu tafakkuri, huquqiy madaniyati, siyosiy faolligi, fuqarolik mas’uliyati va burchi yuksalib borayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Eng muhimi, biz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab eski tuzumning qolip va aqidalaridan butunlay xoli bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan, hayotga yangicha qaraydigan, buyuk ishlarga qodir kuch sifatida yosh avlodimizni tarbiyalashga qaratilgan mutlaqo yangi tizimni yaratdik.
Yurtimizda har yili 600 mingdan ko‘proq zamon talabiga javob beradigan yosh mutaxassislar – kamida ikki-uchta kasb-hunarni, chet tillarni, Internet va axborot texnologiyalarini, zamonaviy bilim cho‘qqilarini egallagan, rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor bo‘lgan, ko‘zi yonib turgan yigit-qizlarimiz bugun jamiyatimizning haqiqatan ham hal qiluvchi kuchiga aylanib, hayotga kirmoqda. Bizning eng katta suyanchimiz va tayanchimiz bo‘lmish ana shunday yoshlarga, ana shunday beqiyos salohiyatga ega bo‘lgan xalqni hech qachon o‘z yo‘lidan qaytarib, yengib bo‘lmaydi. Bunga barchamizning ishonchimiz komil.
Aziz do‘stlarim, yurtdoshlarim!
Hech kimga sir emas – biz yurtimizda o‘zimizga xos, o‘zimizga mos hayot qurishda shoshma-shosharlik, kaltabinlik holatlariga, pala-partish ishlarga aslo yo‘l qo‘ymadik. Boshqalarga o‘xshab, marrani kim tezroq egallaydi, degan musobaqalarga qo‘shilmadik, o‘zgalardan nusxa olmadik, uzoqni ko‘zlamaydigan “maslahatchi”lardan yiroq bo‘ldik. Eng muhimi, o‘z taqdirimizga, kelajagimizga yengil-elpi qarab, taklif etilayotgan kreditlarga uchib, qarzga botganimiz yo‘q.
Bir so‘z bilan aytganda, biz haqiqatan ham “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan prinsipga amal qilib, maqsadimizga erishish uchun bosqichma-bosqich, evolyusion – tadrijiy taraqqiyot yo‘lini mahkam ushladik.
Chuqur va puxta o‘ylangan, mashhur besh tamoyilga asoslangan, bugungi kunda jahon miqyosida “o‘zbek modeli” deb tan olingan strategik taraqqiyot dasturini ishlab chiqib, uni amalga oshirganimiz, hech shubhasiz, tariximizda o‘chmas iz qoldirishi muqarrar.
Aziz yurtdoshlar!
Biz oldimizga qo‘ygan oliy maqsad, ya’ni, taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlash, xalqaro hamjamiyatda yuksak obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lish yo‘lidagi ezgu niyat va orzu-intilishlarimiz barchamizga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.
Shu bilan birga, hammamizga ayonki, biz yashayotgan XXI asr, tez sur’atlar bilan rivoj topayotgan globallashuv jarayonlari, intellektual mehnat va Internet hayotimizga chuqur kirib borayotgani, jahon bozorida raqobat kurashining miqyosi, keskinligi va beshafqatligi tobora ortib borayotgani bugungi kunda har qaysi davlat, har qaysi xalq oldiga o‘ta muhim va dolzarb talablarni qo‘ymoqda.
Bugun kimki, qaysi davlat ana shunday o‘tkir talablarga itoat qilib, ularga hamohang bo‘lib yashamasa, hech shubhasiz, bunday davlat jahon taraqqiyotining chekkasida qolib ketishi muqarrar. O‘zbekistonimizda ham bunga yo‘l qo‘yishga bizning hech qanday haqqimiz yo‘q, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman. Chunki, biz hech qachon hech kimdan kam bo‘lmaganmiz va kam bo‘lmaymiz, inshoolloh.
Shu borada bizning asosiy vazifamiz – mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotimiz va uning tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash, axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish hisobidan iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshirish, jahon bozorida o‘zimizga munosib o‘rin egallashdir.
Bugungi kunda iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlar siyosatini amalga oshirish, sanoatimizni diversifikatsiya qilish, yuksak texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish tarmoqlari va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bizning eng ustuvor, eng dolzarb vazifamiz bo‘lishi darkor.
Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bu sohaga to‘liq erkinlik berish, uning yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyotimizda davlat hissasini asoslangan darajaga qadar qisqartirishni bugun hayotning o‘zi talab qilayotganini barchamiz chuqur anglab olishimiz zarur.
Aziz do‘stlar!
Hozirgi kunda yaqin va uzoq atrofimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar, to‘qnashuv va qon to‘kishlar, nizo va adovatlar kuchayib borayotganini, muxtasar aytganda, vaziyat g‘oyat qaltis bo‘lib, tobora murakkab va keskin tus olayotganini ko‘rmasligimiz mumkin emas.
Bunday o‘ta tahlikali vaziyatda bizning olib borayotgan siyosatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida, xalqaro qonun va normalarda muhrlab qo‘yilgan asosiy prinsiplarga rioya qilish, yuzaga keladigan qarama-qarshilik va nizolarni zo‘ravonlik bilan emas, faqatgina tinch va siyosiy yo‘l bilan hal etishni, bugungi kunda dunyoning turli hududlarida davom etayotgan urush va qon to‘kish holatlarini so‘zsiz to‘xtatishni nazarda tutadi.
Yana va yana bir bor aytib o‘tishni zarur deb bilaman: O‘zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmaydi, o‘z hududida chet el harbiy bazalarining joylashtirilishiga, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaydi. O‘zbekiston davlatining qonuni darajasiga ko‘tarilgan bu tamoyillarni, ayni shunday chuqur o‘ylangan yo‘lni, shunday siyosatni biz uchun eng to‘g‘ri, eng ma’qul deb bilamiz va bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz.
Ilgari ham aytganman – bizga, xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Bu – o‘zbek xalqining istagi, bu – o‘zbek xalqining maqsadi, bu – o‘zbek xalqining qaroridir.
Biz boshimizdan kechirayotgan zamon barchamizdan, avvalo, ogoh va sezgir bo‘lib yashashimizni, tinch va osuda hayotimiz uchun, musaffo osmonimizni himoyalash uchun kurashishimizni talab qiladi.
Shu maqsadda biz yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz bilan til topishib, o‘zaro do‘stona munosabatlarni, mintaqamizda hamkorlik va hamjihatlikni yanada kuchaytirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, bizga yaqindan yordam va ko‘mak berib, hamkorlik qo‘lini uzatib, doimo xayrixoh bo‘lib kelayotgan xorijiy mamlakatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlarning vakillarini, barcha chet ellik mehmonlarimizni samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.
Azizlarim, qadrli yurtdoshlarim!
Bir haqiqat hech qachon xayolimizdan ko‘tarilmasligini istardim. Biz yigirma to‘rt yillik mustaqil taraqqiyotimiz davomida qanday ulkan yutuqlarga erishgan bo‘lsak, turmushimiz yanada obod va farovon bo‘lib, odamlarimizning hayotdan roziligi ortib borayotgan bo‘lsa, buning negizida, avvalo, tinchlik va osoyishtalikni saqlab, azal-azaldan shunday fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab, yosh avlodimizni ana shu ruhda tarbiyalab kelayotgan xalqimizning fidokorona mehnati, aqlu zakovati, mustahkam irodasi mujassamdir.
Bugun shu yuksak minbardan turib, siz, azizlarning nomingizdan, shaxsan o‘z nomimdan mehnatkash va bag‘rikeng, olijanob xalqimizga ta’zim qilishni o‘zim uchun ham qarz, ham farz deb bilaman.
Oilalarimizni, hayotimizni ezgulik va mehr nuri bilan charog‘on etib kelayotgan, dunyodagi eng go‘zal, munis ayollarimiz, opa-singillarimizga baxtu saodat, xonadonlariga fayzu baraka tilayman.
Mana shu muazzam maydonda jam bo‘lgan siz yoshlarga, sizlar orqali yurtimizning barcha o‘g‘il-qizlariga, mening aziz farzandlarimga o‘zimning samimiy mehrim va chuqur ishonchimni yana bir bor bildirmoqchiman.
Ishonaman, barcha-barchangiz sizga mansub bo‘lgan kuch-g‘ayrat va qat’iyat, izlanish va yana bir bor izlanish, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirish bilan o‘z oldingizga qo‘ygan ezgu maqsadlarga albatta erishasiz, jamiyatimizda munosib va mustahkam o‘rin egallaysiz.
Hech qachon bo‘sh kelmang, aziz bolalarim, ertangi kun – kelajak sizniki!
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Mana shu hayajonli, unutilmas damlarda sizlarni Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami bilan yana bir bor tabriklab, qalbimda, yuragimda bo‘lgan eng go‘zal, samimiy tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi qo‘llasin, o‘zi madadkor bo‘lsin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin!
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!