QIZ BOLANING ZIYNATI – HUNAR
– Qizim, gullarni tikayotganingda igna oralig‘iga e’tibor bersang, katakchalar bir tekisda ipak bilan yopilib, kashta silliq va chiroyli chiqadi. “Iroqi” kashtachiligi bizga onalarimizdan meros bo‘lib qolgan hunardir. U xalq milliy-amaliy san’atining noyob turi bo‘lganligi uchun hozirda dunyo hunarmandlari e’tiborini tortyapti.
– Oyi, men ham katta bo‘lganimda xuddi sizdek “iroqi” kashtachiligini mukammal egallab, o‘z ko‘rgazmalarimni tashkil etaman.
– Aytganing kelsin. Agar hunar o‘rgansang, albatta, kun kelib el-yurt olqishiga erishasan. Ota-ona duosini olib, ustozga munosib shogird bo‘lish katta baxt. Huzur-halovatdan kechib halol mehnat qilgan odamgina muvaffaqiyatga erishadi. Sen ham ana shunga intilsang albatta, orzu-maqsadlaringga yetasan…
Ha, “Iroqi” kashtachiligi yo‘nalishida mohir usta, shahrisabzlik hunarmand ayol Gulnora Odilova o‘z farzandi, 5 yoshli Sug‘diyona bilan ana shunday suhbat qurganiga ancha yillar bo‘ldi. 6 yoshida tikkan kashtasi bolalar bog‘chasidagi tengqurlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda 1-o‘rinni egallab qo‘g‘irchoq sovg‘a olgani hamon Sug‘diyonaning yodida.
Bolaligidan kashta tikib, tunlarni tongga ulagan, onasi va buvisining yonida jajji qo‘lchalari bilan igna ushlab, dastro‘molchalar tikib, uni tengqurlariga ulashib voyaga yetgan Sug‘diyona hozirda ustozlari kabi mohir kashtachiga aylandi.
Sug‘diyona Shahrisabz akademik litseyida ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida tahsil olish bilan birga, “Iroqi” kashtachiligiga mehr qo‘ydi, darslardan bo‘sh vaqtida izlandi, onasidan o‘rganib, yangi kashta nusxalarini yaratdi. Milliy an’ana va qadriyatlarimizni o‘zida aks etgan “Iroqi” xalq amaliy san’atini kelajak avlodga yetkazishni maqsad qildi.
Ayni paytda, Sug‘diyona Omonova respublika “Hunarmand” uyushmasi Shahrisabz hududiy bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Ustoz-shogird maktabi”ning eng iste’dodli o‘quvchilaridan biri. Sug‘diyona 2-3 sinfdayoq maktabdagi ustozi Nabi Muhammadiyevdan arab kashtachiligi va ganjkorlik san’atini o‘rgangani, kashtachilik sohasida yangi gul va naqshlar yaratishda qo‘l keldi. Onasi va ikkinchi ustozi Hafiza Xushvaqtovadan o‘rganganlarini esa tikkan kashta, so‘zana, qopchiq, yostiq, ayollar nimchalari, sumkalari, oyoq kiyimlarida jilolantirib, jonlantirib barchani hayratga soldi.
Sug‘diyona Omonova 2008 yilda Respublika miqyosidagi “Yangi avlod” bolalar festivalida “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Bugungi kunda uning mehr qo‘ri ila tikkan mahsulotlari davlatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlarning ham e’tiborini tortmoqda.
– Har kim o‘zi sevgan kasbni egallasa, shu orqali katta muvaffaqiyatlarga erishadi, – deydi qahramonimizning onasi, “Tashabbus – 2006” Respublika tanlovi g‘olibi Gulnora Odilova. – Yetti yoshidayoq qizimning kashtachilikdagi yutuqlarini ko‘rgach, kelajakda undan yaxshigina dizayner chiqishini angladim.
Yaqinda Sug‘diyona Omonova Respublika “Yangi avlod” ko‘rik tanlovining “Amaliy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Orzulari sari dadil intilayotgan iqtidorli kashtachi qiz – Sug‘diyonaning milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan mehr-muhabbati, yaratuvchanlik ishlari o‘z tengdoshlari va kelajak avlodning faxri va g‘ururiga aylanishi, shubhasiz.
Maryam AHMEDOVA