NODIR ISTE`DOD SOHIBI

“Bola boshidan”, – deydi dono xalqimiz. Bu gap bejizga aytilmagan. Zero, butun dunyoga ma`lum va mashhur bo‘lgan alloma-yu donishmandlarning ko‘pchiligi go‘dakligidanoq o‘zlarining noyob qobiliyatlari bilan barchani hayratga solib kelgan. Buyuk musiqa dahosi, bastakor Volfgang Amadeus Motsart ham o‘zining ilk musiqasini 4 yoshidayoq bastalagani bunga yaqqol misoldir.

Men bu yigitchani ilk bor ko‘rganimda uning yuz-ko‘zlarida o‘ziga va ertangi kuniga bo‘lgan ishonch yog‘ilib turganini his etdim. Bu hissiyotni qahramonimiz faqat mengagina emas, balki butun dunyodagi shaxmat ishqibozlariga ham ulasha oldi. Gap kim haqida ketayotganini anglagandirsiz? 8 yoshli Nodirbek Abdusattorov 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘z tengdoshlari o‘rtasida jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lib, afsonaviy grossmeyster Garri Kasparov qo‘lidan kubokni qabul qilib oldi va butun dunyoga O‘zbekiston chinakam iste‘dodlar mamlakati ekanini yana bir bor namoyon etdi.

– Nodirjon shaxmat bilan to‘rt yoshidan buyon shug‘ullanib keladi – deydi yosh chempionimizning onasi Marziya opa. – Esimda, o‘sha vaqtlarda Nodirjonning akasi bilan opasi shaxmat to‘garagi mashg‘ulotlariga qatnay boshlagandi. Ishdan qaytayotganimda, Nodirni bog‘chadan olib, akasi va opasining oldiga borardik. Yosh bo‘lishiga qaramay, o‘sha paytdayoq Nodirjonda shaxmatga mehr uyg‘ongan.

Shundan so‘ng Nodirjon Ravshan Shukurov rahbarligidagi “Vunderkind” shaxmat klubi mashg‘ulotlariga qatnay boshladi va ustozidan shaxmatning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganishga kirishdi. Tinimsiz mashg‘ulotlar asta-sekin o‘z samarasini bera boshladi. Nodirbekning hozirgacha qo‘lga kiritgan natijalariga har bir o‘quvchi havas qilsa arziydi. U 3 karra O‘zbekiston chempioni (2011-yil 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida, 2012-yil 8 va 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida), 2011-yil Filippinda o‘tkazilgan bolalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida klassik shaxmat bo‘yicha 3-o‘rin, tezkor shaxmat bo‘yicha 2-o‘rin sohibi, shu yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkillashtirilgan Xalqaro bolalar festivalida 1-o‘rin, yana shu yili Hindistonda bo‘lib o‘tgan 7 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida Osiyo chempioni va har qancha faxrlanib aytsa arziydigan 2012-yilning noyabr oyida Sloveniyada bo‘lib o‘tgan bolalar o‘rtasidagi shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida 8 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida jahon chempioni!

Chempionat taassurotlari haqida Nodirbekning o‘zi shunday deydi: “Har bir o‘yin qiyin kechdi. Hatto ba‘zi bir matchlar 4-5 soatgacha cho‘zildi. Ayniqsa, eronlik raqibim Muhammadi Arbati Poyaga qarshi kechgan bahs keskin vaziyatlarga boy bo‘ldi. Ustozlarimdan o‘rganganlarimni barchasini qo‘llashga va g‘alaba qozonishga astoydil harakat qildim. Yakunda niyatimga yetdim”.

Яна ўқинг:  QISHLOG'IM

Yosh shaxmatchimiz umumiy 11 o‘yinda 9 g‘alaba, 2 durang bilan 11 imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, chempionlik shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. E‘tiborlisi, o‘zbek o‘g‘loni bironta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchramadi.

Nodir Abdusattorov shaxmat bilan muntazam shug‘ullanish bilan bir vaqtda maktabdagi o‘qishini ham aslo esdan chiqargan emas. U o‘zi tahsil olayotgan 152-maktabning a‘lochi va na‘munali o‘quvchilaridan hisoblanadi.

– Nodirjon nihoyatda tirishqoq yigit, ayniqsa matematika faniga juda ham qiziqadi. Musobaqalar sabab qoldirilgan darslarini individual tarzda o‘rganib sinfdoshlariga yetib olishga harakat qiladi, – deydi chempionimizning sinf rahbari Rumiya Safiulina.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, jismonan va ma‘nan sog‘lom, yuksak intellektual salohiyatga ega avlodni voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Yurtboshimizning “Hech bir narsa mamlakatni sportchalik dunyoga tez tanita olmaydi” degan so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanligiga bugungi kunda butun dunyo ahli Nodirjon misolida yana bir bor guvoh bo‘lmoqda.

Yaqindagina Hindistonda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi VIII Osiyo chempionatining rapid – tezkor shaxmat bahslarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan Nodirbek Abdusattorov 9 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida olti imkoniyatdan besh ochko jamg‘arib, kumush medal bilan taqdirlandi.

Hozirda o‘z ustida tinimsiz ishlayotgan Nodirjonning orzulari bir olam. Har bir shaxmatchi singari u ham kattalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Mamlakatning porloq kelajakli yoshlari qatorida Nodirjon ham albatta o‘z orzulariga erishadi. Zero, O‘zbekiston tom ma`noda iste`dodlar yurtidir.

Farhod TOLIPOV

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: