BUGUNNING YOSHLARI: ILG‘OR VA TADBIRKOR

Bugun Andijon viloyatida 12 ta akademik litsey va 117 ta kasb-hunar kollejlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, bu yerda jami 157 438 nafar o‘quvchi turli mutaxassislik hamda ixtisoslik bo‘yicha tahsil olmoqdalar. 2012 yil mahalliy byudjet hisobidan viloyatdagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar ixtisosligi bo‘yicha o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan, ta’lim sohasida zarur bo‘ladigan laboratoriya, sport anjomlari, chilangarlik uskunalari, tikuv mashinalari bilan ta’minlangani ta’lim samaradorligiga erishishda muhim omil bo‘lmoqda. Shuningdek, 2012-2013 o‘quv yilida ushbu xayrli ishlarni davom ettirib, 13 ta kasb-hunar kollejining kompyuter sinflariga zaruriy jihozlar, kompyuter texnikalari, sport anjomlari va tibbiyot sohasida kerakli asbob-uskunalarni olib kelish rejalashtirilmoqda.

Tan olib aytish lozimki, ta’limning o‘rta maxsus bosqichi bir muncha murakkab bo‘lib, o‘quvchilar bilan ishlashda o‘qituvchilardan katta mas’uliyat va tajribani talab etadi. Zero, bu davrda o‘quvchilar ruhiyatida turli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.

Shu maqsadda viloyat yoshlarining chuqur bilim olishlari, ularni milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga hurmat ruhida kamol topishi va “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi mafkuraviy xurujlarga o‘zining shaxsiy immunitetini shakllantirish maqsadida bir qancha tadbir va tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, barcha ta’lim muassasalarida ichki ishlar boshqarmasi, milliy xavfsizlik xizmati, sog‘liqni saqlash xodimlari va “Kamolot” YOIH vakillari bilan hamkorlikda o‘quvchi-yoshlar bilan “Chekmasdan yoshlik zavqini sur”, “XXI asr yoshlari giyohvandlikka qarshi”, “Yoshlar sog‘lom turmush tarzi tarafdori” kabi mavzularda turli uchrashuvlar, tadbir va tanlovlar o‘tkazildi. Barcha kasb-hunar kolleji va akademik litseylarida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!”, “O‘zing tanla”!”, “Men tanlagan yo‘l” mavzularida o‘tkazilgan rasmlar tanlovida 1231 nafar o‘quvchi o‘zlarining 3000dan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdilar. Mazkur tadbirda o‘quvchilar o‘zlarining ijodiy ishlari, turli rasmlari, badiiy chiqishlari orqali tengdoshlariga og‘usiz dunyo sari qadam qo‘yishda yoshlarning vazifasi va burchlari nimalardan iborat ekanligi haqida ma’lumotlar berishdi. Shuningdek, yoshlar orasida yurtimizda qonunchilik sohasida olib borilayotgan keng islohotlarni targ‘ib etish maqsadida “Inson huquqlari to‘g‘risidagi meyoriy hujjatlar va qonunlar to‘plami” slaydlari namoyish etilib, yoshlar huquq sohasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan tadbir va tanlovlarda ham andijonlik yoshlar faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Jumladan, “Yosh chegarachilar” respublika tanlovida Xo‘jaobod pedagogika va ijtimoiy-iqtisodiyot kollejining “Vatanparvar” jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni egalladilar. Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Barhayot an’analar” ko‘rik-tanlovida Andijon tuman pedagogika va ijtimoiy-iqtisodiyot kollejining “Nihol” jamoasi “Yaxshi askiya” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi. “Yagonasan, muqaddas Vatan!” qo‘shiqlar tanlovida esa Andijon san’at kollejining 2-bosqich o‘quvchisi Bekzod Pozilov “O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan tanlovning respublika bosqichida 2-o‘ringa loyiq deb topildi. “O‘zbekiston” teleradiokompaniyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “O‘yla, izla, top” teleo‘yinida Jalaquduq pedagogika va ijtimoiy-iqtisodiyot kollejining “Jalaquduq” jamoasi respublikada faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, joriy yilning boshlarida yoshlarni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Jizzax shahrida o‘tkazilgan “Shunqorlar” harbiy sport musobaqalarida Oltinko‘l iqtisodiyot kollejining “Oltinko‘l lochinlari” respublika jamoalari o‘rtasida faxrli 3-o‘ringa munosib deb topildilar. Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Siz qonunni bilasizmi?” respublika tanlovida esa Buloqboshi pedagogika va ijtimoiy-iqtisodiyot kollejining “Femiza” jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi.

Yana o‘qing:  OILA SALOMATLIGI – JAMIYAT KO‘ZGUSI

Yoshlarning ta’lim olishlariga barcha sharoitlarni yaratib berish muhim vazifa bo‘lsa, bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash esa galdagi jiddiy maqsad hisoblanadi. 2011-2012 o‘quv yilida viloyatdagi 117 ta kollejni jami 47 ming 25 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularni egallayotgan mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirish uchun tashkilot, korxona va muassasalar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzilib, bitiruvchilar 87,5 foizi ish bilan ta’minlandi. 694 nafar bitiruvchilar o‘qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalari tuzish va bunda kichik korxonalar va mikrofirmalar uchun imtiyozlarning saqlanib qolinishi o‘z samarasini bermoqda. Viloyat markaziy banki, tijorat banklari, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, Adliya boshqarmasi, “Kamolot” YOIH viloyat bo‘limi, Savdo-sanoat palatasi va yana bir qator tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan yoshlarga ish yuritishni tashkil etish, biznes rejalar tuzish, belgilangan tartibda davlat idoralaridan ro‘yxatdan o‘tishda ularga yengilliklar yaratish, huquqiy maslahatlar berish, tadbirkorlik faoliyatida uchragan muammolarni bartaraf etish borasida amaliy yordamlar berilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan bitiruvchilarga “Tadbirkorlik – farovon hayot sari” mavzusida malakali tadbirkorlar bilan tuman va shaharlarda yosh tadbirkorlar ishtirokida davra suhbatlari o‘tkazilib, yoshlarga kerakli amaliy tavsiyalar berilmoqda.

2011-2012 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini tamomlagan bitiruvchilardan tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan yigit-qizlarga tijorat banklari tomonidan 3 milliarddan ziyod imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. Imtiyozli kredit olgan 920 nafar tadbirkorlarning 299 nafari 2012 yil bitiruvchilar bo‘lib, ularga 1 milliard 146 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari berildi. Asaka avtomobil sanoati kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Tursunxo‘ja Abdullayev 2011 o‘quv yilida “Mening biznes g‘oyam” tanlovining g‘olibi sifatida bankdan 2,1 million so‘m kredit olib, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini boshlab, 3 ta ish o‘rinini yaratdi. Yo. G‘anijonova ham Asaka maishiy xizmat va tadbirkorlik kasb-hunar kollejini imtiyozli tamomlab, “Mening biznes g‘oyam” respublika tanlovining g‘olibi sifatida bankdan 6,4 million kredit olib, bolalar trikotaj kiyimlarini ishlab chiqarish “Bernino-lyuks favorit” xususiy firmasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Yana o‘qing:  Oqliq – mustahkam sog‘liq demakdir

Nozimjon TO‘XTABOYEV,

Andijon viloyat O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i,

Faxriddin NURMUHAMMEDOV,

jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: