DUOGO‘Y KEKSALAR – BAXTU SAODATIMIZ
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida qimmatli maslahatlari, pand-o‘gitlarini ayamay kelayotgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Nuroniylarning salomatligini mustahkamlash, hayotini mazmunli qilish, ko‘nglini ko‘tarish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014 yil 13 oktyabrdagi “1941–1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ularni ijtimoiy himoyalash ko‘lami yanada kengaydi. Xususan, urush va mehnat fronti faxriylari yiliga bir marta sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2015 yil mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb nomlandi. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi doirasida yoshi ulug‘ insonlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimli asosda sog‘lomlashtirish kabi xayrli ishlar takomillashtirildi.
Xususan, keksa va nuroniylar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida tashkil etilgan 2-sonli Farg‘ona viloyat Urush va mehnat faxriylari shifoxonasi ana shunday maskanlaridan biridir.
– Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘i “Bo‘ston” mahallasi hududida joylashgan mazkur shifoxonadagi tabiiy go‘zal manzaraning o‘zi kayfiyatingizni ko‘taradi. Hovuz va favvoralari, kapital ta’mirdan chiqarilgan ikki qavatli bino hamda keng va yorug‘ xonalar keksalarimizning davolanish va ko‘ngilli dam olishlariga mo‘ljallangan, – deydi shifoxona bosh vrachi Alijon Jo‘rayev. – Muassasa hovlisidan Arabsoy oqib o‘tadi. Uning qirg‘oqlarida xushmanzara joylar tashkil etilgan. Shifoxonani sanatoriyga mengzasa arziydi. Shinam va barcha sharoitlarga ega oshxona, dam olish va ma’naviyat xonasi, fizioterapiya, muolaja xonalari nuroniylarga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda.
Shifoxonada urush va mehnat faxriylaridan tashqari, I va II guruh nogironlari hamda yakka-yolg‘iz qariyalar ham davolanadilar. Ularga imtiyozli davolanishlari uchun davlatimiz tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shifoxonaning klinik laboratoriyasida gemotologiya, biokimyo tahlillar amalga oshirilsa, sterillash bo‘limida tibbiy jihozlar yuqori bosimda tozalashdan o‘tkaziladi. Bemorlar uchun uch mahal issiq ovqat, yotoq va malakali tibbiy xizmat, dori-darmonlarning barchasi bepul. Bu yerda keksalar bilan tez-tez ijodiy uchrashuvlar, konsert va ma’naviy suhbatlar uyushtiriladi.
Aytish joizki, Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan davolanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida byudjet mablag‘lari hisobidan yumshoq va qattiq jihozlar keltirilib, homiylar yordamida gaz trubasi o‘tkazildi, xonalar gilam, televizor bilan jihozlandi. Viloyat moliya boshqarmasi tomonidan qo‘shimcha sog‘lomlashtirish trenajyorlari, tibbiy jihoz va uskunalari, fizioterapiya xonasiga darsenval, UTT va UVCH apparatlari keltirildi.
Shifoxonada davolanayotgan 100 yoshli Karimjon Sheraliyev, 96 yoshli Uzoqhoji Mirzayev, 93 yoshli Odilhoji Zokirov, 92 yoshli Mo‘minjon Toshmatov, 90 yoshli Abdullajon Oltiyev kabi urush va mehnat faxriylari faoliyat ko‘rsatayotgan barcha shifokor va hamshiralarning tibbiy malakasi va shirinsuxanligidan mamnun. Ular davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, e’zoz hamda mehrdan boshlari osmonda. Nuroniylar shukronalar keltirib yurtning tinch va osoyishtaligini tilab har tong duoga qo‘l ochadilar.
Maryam AHMEDOVA