MUKOFOT MENGA MAS’ULIYAT YUKLAYDI,
– deydi II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi, Nukus shahridagi “Ona va bola skriningi” markazi bo‘lim mudiri, genetik-shifokori Feruza QUTLIMURATOVA
Dunyoda chaqaloq isidan yoqimli bo‘y bo‘lmasa kerak. O‘zi yig‘lab yaqinlarini quvontirgancha dunyoga kelgan go‘dak sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayishi uchun ota-ona mus’uldir.
Kulib turgan munchoq ko‘z kichkintoylarning beg‘ubor nigohiga, yuzidagi quvonchiga qarab hayotning mazmuni nima ekanini anglaydi kishi. Vataning tinch, oilang farovon, farzanding salomat bo‘lsa, shuning o‘zi eng katta baxtdir.
Shu sababdan mamlakatimizda ona va bola salomatligini saqlash yo‘lida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yurtimizda tashkil etilgan skrining markazlarining faoliyati ham sog‘lom farzandlar dunyoga kelishida asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan mazkur markazlarning malakali xodimlari tomonidan olib borilgan tibbiy tekshiruvlar hamda aholi orasida turli mavzularda o‘tkazilgan suhbatlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida bolalikdan nogiron tug‘ilish holatlari sezilarli tarzda kamaydi.
Nukus shahar “Ona va bola skriningi” markazining jonkuyar xodimlari tomonidan ham “Tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish to‘g‘risida”gi Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo‘lida asosan, chekka qishloqlardagi aholi orasida “Sog‘lom turmush tarzi”, “Yosh qizlarni turmushga tayyorlash”, “Sog‘lom oilani shakllantirish”, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish” mavzusida targ‘ibot va keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Buning natijasi o‘laroq dunyoga kelgan sog‘lom chaqaloqlarni ko‘rganimda, ularning beg‘ubor nigohi va jarangdor ovozini eshitganimda kasbimdan faxrlanaman. Menga shunday imkoniyatlar tuhfa etgan yurtning farzandi ekanimdan ko‘nglim g‘ururga to‘ladi.
Vatanimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami Mustaqilligimizning 24 yillik shodiyonasi arafasida Prezidentimiz tomonidan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandim.
Ushbu mukofotni, menga va jamoamizga bildirilgan ishonch deb hisoblayman. Qolaversa, ustozlarim hamda yaqinlarimning yaratib bergan shart-sharoitlari bois shunday sharafga muyassar bo‘ldim. Buning uchun barchaga o‘z minnatdorligimni izhor etaman. Millatimiz kelajagi bo‘lgan sog‘lom avlodning dunyoga kelishida o‘z bilim va imkoniyatlarim bilan munosib hissamni qo‘shaman, albatta.