JAROHATLAR ULTRATOVUSH YORDAMIDA TEZROQ BITADI
Britaniyadagi Sheffild universiteti mutaxassislari ultratovush yordamida tanadagi jarohatlarni ikki‑uch marotaba tezroq bitirish mumkinligini aniqlashdi.
Tovush to‘lqinlari hattoki, hech qanday davo choralari yordam bermasligi sababli amputatsiya – tana a’zosini kesib tashlash tashhisi qo‘yilgan bemorlarga ham yordam berishi ta’kidlanmoqda. Homiladorlikni aniqlashda qo‘llaniluvchi yuqori chastotali tovush to‘lqinlari organizmda kechuvchi tabiiy tiklanish jarayonini rag‘batlantirib, yara va jarohatlarning tezroq bitib ketishiga yordam beradi.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ultratovush yordamida amputatsiyaga olib keluvchi diabet yaralarini ham davolab, tana a’zolarining uzoq vaqt o‘z vazifasini to‘laqonli bajarishiga xizmat qiladi. Ushbu uslubning yana bir ustunligi shundaki, tovush to‘lqinlari jarohatning bitishiga xizmat qiluvchi hujayralarni tabiiy rag‘batlantirish xususiyatiga ega bo‘lgani bois, boshqa dori vositalaridan farqli ravishda, o‘zidan hech qanday asorat qoldirmaydi.