ONA ZAMIN MO‘JIZASI

Yetti yuz yoshli yong‘oqni eshitganmisiz? Biz esa uni ko‘rishga ham ulgurdik. Mazkur boboyong‘oq betakror yurtimizning muazzam vohalaridan biri – Jizzax viloyatining jannatmonand go‘shasi Zomin tumanida bo‘y cho‘zib turibdi. Diametri 2,7, balandligi 20, shoxlarining eni esa 28 metrni tashkil etadi. Bu ma’lumotlardan ajablanyapsizmi? VII asrlik daraxtning bo‘yi enidan kamligi sizni hayratga solyaptimi?

U grek yong‘og‘i. Ushbu boboyong‘oqning mamlakatimizga kelib qolishi haqida xalq ichida turli xil rivoyatlar yuradi. Ularning qanchalik haqiqatga yaqinligi esa noma’lum. Mazkur qadimiy tabiat mo‘jizasining tanasi ikkiga bo‘lingan. Orasidan zilol suv bir maromda oqib o‘tadi. Uning sokinligi, xotirjam va musaffoligi toza qalbli, tinch va osoyishta umrguzaronlik qilayotgan xalqimizni yodga soladi.

Ha, bu yurtning tabiati ham insonlari kabi saxiy, oliyjanob.

Darhaqiqat, Zomin tabiatining o‘ziga xos tarovati bor. Yo‘l-yo‘lakay odimlarkanmiz, tog‘ yon bag‘irlarida yastanib yotgan baland-past archalar bizni maftun etadi. Gulu giyohlarning muattar bo‘yi hayotga bo‘lgan muhabbatimizni yanada oshiradi. Moviy osmon bag‘rida, yuksak-yuksak­larda qanot qoqayotgan burgutlarning erkin parvozida bebaho hurlik va salobatni ko‘ramiz. Archalar poyidan sizib chiqayotgan zilol suvlarga mahliyo bo‘lamiz. Bizga hamrohlik qilayotgan Zomin milliy bog‘ining katta inspektori To‘lqin Ismoilov hovuchini to‘ldirib, lunjlaridan suv oqizganicha to‘yib chanqog‘ini qondiradi. Ichib bo‘lgach, bunday buloqlar Zominda minglab uchrashini, har birining o‘ziga xos xususiyati, shifosi borligini ta’kidlaydi. Biz ham tabiiy “dorixona”dan bahramand bo‘lishga shoshilamiz. Ammo bir ho‘plam suvning ta’mi, uning muzday harorati oftob tig‘ida qurib borgan sillamizga darmon bo‘lishga yetadi. To‘lqin aka esa suvning tarkibiy xususiyatlari haqida gapirarkan, tuprog‘imizga duo ketgani, bu makonda ko‘plab avliyolarning xoki yotganini ta’kidlashdan charchamaydi. Ha, bunday ziyoratgohlar Zomin tumanida ham ko‘plab topiladi.

Shulardan biri Xo‘ja Sarob ota ziyoratgohi hamda Peshag‘or g‘ori yodgorligidir. Bu qadamjoni mahalliy aholi “Xo‘jai Sarob ota” ziyorotgohi deb atashadi. Bu “Suv boshining egasi”, degan ma’noni ang­latadi.

Bu yerda 1321 yilda tavallud topgan Mavlono Muhammad Peshag‘oriy qabri joylashgan. Ma’lumotlarga qaraganda Muhammad Peshag‘oriy Naqshbandiya tariqatining zabardast vakillaridan biri bo‘lgan. Yuksak tafakkur egasi hisoblangan. Morguzar tog‘i yon-bag‘irlaridagi ajib kengliklar, betakror go‘zal manzara, so‘lim va bahavo joylar uni maftun qilib, bu mas­kanda muqim qolish niyati tug‘ilgan. Shu istak bilan o‘ziga bir kulba qurib, shu yerda istiqomat qila bosh­laydi. Hududi ikki gektarni tashkil etadigan mazkur ziyoratgoh Jizzax viloyati Zomin tumanidagi so‘lim Peshag‘or qishlog‘ining yuqori qismida joylashgan.

Yana o‘qing:  Hushyorlikda hikmat bisyor

Bejiz Muhammad Peshag‘oriy bu yerlarni manzilu makon aylamagan. Zero, Zomin tumanida joylashgan Zomin milliy bog‘i va Zomin davlat qo‘riqxonasi yurtimizning so‘lim go‘shalaridan biri sanaladi. Mazkur go‘sha bo‘ylab dunyodagi quyosh botishiga qarab oqadigan to‘rt daryodan biri Sangzor daryosi oqib o‘tadi.

Jizzax viloyati Zomin tumanida joylashgan go‘zal manzara va qadimiy tarixiy yodgorliklar bilan yaqindan tanishish maqsadida mazkur diyorga ikki kunlik ijodiy safar uyushtirdik.

– Ikki kunda Zominga sayohat qilib bo‘larkanmi? – deya tabassum bilan bizni qarshi olarkan savolga tutdi “O‘zbek milliy turizm kompaniyasi” Jizzax viloyat bo‘limi bosh­lig‘i Lola Sanayeva. Lola opaning kutilmagan savoli bizni biroz shoshirib qo‘ydi. – Hududimizda shunday qadamjolar borki, ularni bir oy davomida ham ziyorat qilib ulgurmaysiz.

Darxaqiqat, istiqlol yillarida har jabhada bo‘lgani kabi ekoturizm sohasi jadal rivojlanmoqda. Qarovsiz qolgan ko‘plab tarixiy obidalarimiz davlat muhofazasiga olinib, sayyohlar tashrif buyuradigan maskanlarga aylantirildi. Sohaga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ko‘lami yil sayin ortib bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda mamlakatimizda to‘rt mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorliklar mavjud. Yurtimiz tarixiy qadamjolarning ko‘pligi jihatidan dunyoda yetakchi 10ta mamlakat qatoridan o‘rin olgan. Shu jumladan, Jizzax viloyati ham o‘zining 372 ta madaniy meros ob’yektlari, shundan 42 ta tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, 267 ta arxeologik manzilgohlar, 63 ta monumental yodgorliklar (haykallar, byustlar, xotira maydonlari)i bilan ajralib turadi. Mazkur yodgorliklarning barchasi davlat muhofazasi ro‘yxatiga kiritilgan.

– Turizm sohasi yaxlit bir tizim sifatida barqaror rivojlanib bormoqda. Buni biz soha ravnaqi uchun hukumatimiz tomonidan joriy qilinayotgan qator qaror va qonunlarda ko‘rishimiz mumkin, – deydi Lola Sanayeva. – Bu esa faoliyatimizga katta dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2014 yil 13 martidagi “Turizm Faoliyatini amalga oshirish va litsenziyalar tartibini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori “O‘zbekistonning ekoturistik potensialini mustahkamlash va ekalogik turizmni rivojlantirish” mavzusida ishlab chiqqan loyiha shular jumlasidandir. Zero, avvallari bizga tashrif buyurgan mehmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularni mehmonxonalarga joylashtirishda qator kamchilik va muammolarga duch kelardik. Endi esa xorijlik mehmonlar nafaqat yurtimizning tarixiy obidalari, yodgorliklarini tomosha qiladi, balki milliy urf-odat va an’analarimiz aks etgan, quyosh batareyalari bilan jihozlangan, qulay shart-sharoitga ega milliy o‘tovlardan bevosita foydalanishmoqda va bu ularga ma’qul kelmoqda. Natijada 2014 yilning o‘zida 1ming 72 nafar xorijlik mehmon tashrif buyurib Jizzax viloyatining moddiy va ma’naviy hayoti, turli ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishib yurtimiz haqida iliq taassurotlarga ega bo‘lib qaytdilar.

Yana o‘qing:  Biosfera – yerning hayot qobig‘i

Suhbat qizigandan qiziydi. Vatanimiz tabiatining sirli mo‘jizalari bizni tobora qiziqtira boshlaydi. Mutaxassislarni birma-bir savollarga ko‘ma bosh­laymiz. To‘lqin Ismoilov ham beixtiyor gurungga qo‘shiladi.

– O‘simliklar olami, daraxtlar va archalar bizning benazir boyligimiz, – deydi To‘lqin aka. Hududimizda Zarafshon, Saur va Turkiston archa turlari bor. Zarafshon archasi quyi-past mintaqada dengiz sathidan 2 ming 300 metr balandliqda o‘sadi. Saur archasi esa o‘rta tog‘ mintaqasida dengiz sathidan 2 ming 500 metr balandlikda, tog‘ning yuqori mintaqasida dengiz satxidan 3 ming metr balandlikda esa Turkiston archasi ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Mazkur archalarning qimmatli jihati shundaki, u yaxshi sharoitda 5-8 yilda yarim metr balandlikkacha o‘sa oladi, xolos. Zomin milliy bog‘idagi aksariyat archalarning bo‘yi 3, 4 ba’zilari 6-7 metrga teng. Har bir 50 yoshga yetgan archa ildizi tagiga 1 tonnagacha suv yig‘ish xususiyatiga ega. O‘zidan ortgan suvlar sizib bora-bora ayrim joylardan buloq bo‘lib chiqadi. Mayda jilg‘alar qo‘shilib soylarga tutashadi. Soylar esa bir bo‘lib Zomin suv omborini obi-hayotga to‘ldiradi.

Yengil mashinada tepalikka qarab ko‘tarilib bordik. Ilon izini yodga soluvchi so‘qmoqlar, biroz xatarli ko‘ringan qiyaliklar asta-sekinlik bilan samoga eltayotgandek tuyuldi.

Zomin milliy tabiat bog‘i Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy yon bag‘rida yastangan. Har bir aylana yo‘l bizni tobora dengiz sathidan yuqoriga olib o‘tardi. 1000, 1500, 1800, 2000, 2300, 2600… Azim daraxtu saf tortgan archalar poyimizda qolib ketgandek, yuqoridan juda mitti bo‘lib ko‘rinadi. Quyosh issiq qo‘lini kiftimizga qo‘ydi chog‘i, yelkamizni qizdira boshladi. Ammo uzoq-uzoqlardan yelgan shamol kishiga huzur bag‘ishlab bizni yana va yana tepaliklarga chorlagandek bo‘ladi. Biz turgan tepalikning biroz narirog‘ida ming yillik archa salobat bilan turardi. Ming yil davomida esgan shamolu bo‘ronlarga bag‘rini tik tutgancha viqor bilan turishi kishiga bir hayotiy haqiqatni yodga soladi: Hayotning har qanday qi­yinchiligu tashvishlari bo‘lmasin, hamisha ularga ko‘ksini qalqon qilib sabr-matonat bilan kurashmoq lozim.

Zomin milliy bog‘ining eng baland nuqtasi Turkiston tog‘ tizmasining Shaukartog‘ cho‘qqisi bo‘lib, dengiz sathidan 4 ming 33 metr balandlikda joylashgan. Qo‘riqxonaning ilmiy ishlar bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, bu hududda 700 dan ortiq o‘simliklar turlari o‘sadi, 13 turi O‘zbekistonning “Qizil kitobi”ga kiritilgan, ayniqsa shirachlarning, lolalarning kamyob turlari bu hududda saqlanib qolgan. Zomin milliy bog‘i o‘simlik dunyosi boy bo‘lib, qadimdan botanik olimlarining e’tiborini o‘ziga jalb qilgan.

Yana o‘qing:  Bolaga pul berilsa uning tarbiyasi buziladimi?

Joriy yildan milliy bog‘ hududida bir xayrli ishga qo‘l urilgan. Zomin milliy bog‘i hududida unib-o‘suvchi dorivor giyohlar turkumiga kiruvchi tabiiy kiyik o‘ti, choy o‘ti, tog‘ rayhoni, chakanda, efedra kabi turli shifobaxsh giyohlar milliy bog‘ qo‘riqchilari tomonidan tepaliklardan yig‘ib kelinib tabiiy sharoitda quritiladi. Tayyor bo‘lgan giyohlar omborlarga joylashtiriladi.

– Hududimizda flora dunyosiga putur yetkazmagan holda o‘rmon xodimlari giyohlarni yig‘ib tabiiy sharoitda quritib yurtimizdagi tegishli tashkilotlarga yetkazib berish niyatidamiz, – deydi To‘lqin aka. – Ilgari bunday shifobaxsh giyohlar chet davlatlardan keltirilardi. Endi esa bunga hojat yo‘q. Zero, yurtimizdagi har bir giyoh shifobaxsh, ming bir dardga davo sanaladi. Nasib qilsa faoliyatimiz kengayib qadoqlash bo‘limini ham o‘z hududimizda tashkil etamiz. Natijada bo‘sh ishchi o‘rinlar ochiladi. Aholi band­ligi ta’minlanadi.

Quyosh o‘z xobgohi tomon oqqan mahal bexosdan etni junjuktiradigan salqin shabada esdi. Dimoqqa tepaliklardan azim archalarning yoqimli ifori urildi. Uning hayotbaxsh nafasidan entikasan, kishi. Ko‘ksingni to‘ldirib yoqimli havodan sipqorasan, sipqorasanu ammo bunga qanoat qilmaysan. Vujuding bo‘shamagunicha yana va yana musaffo havodan simirasan. – Bu yerning havosi shunday bexosdan o‘zgaruvchan, – deydi To‘lqin aka Ismoilov. – Zominning qish faslidagi tarovatini ko‘ring, nihoyatda farahbaxsh.

Tong o‘z o‘rnini asta tun zebolariga bo‘shatib berdi. Zomin osmoni uzra porlagan yulduzlar aksi shu qadar tiniq tortganki, go‘yo samodan to‘kilib tushayotgandek, olis-olislardan burgutlarning ahyon-ahyonda eshitilgan ovozi o‘zini shu zamin samosining egasi ekangiligi ta’kid­lab turgandek. Mashinada ortga qaytar ekanmiz, vujudimiz bir tiniqqanini his etamiz. Bir olam yangiliklar olganimizdan sevinamiz. Bilamizki, bu Zomin zamini haqida bilganlarimizdan bilmaganlarimizning cheki yo‘q. Bilamizki, ertangi kun yangi va unutilmas hayratlarga shohid bo‘ladi.

Ma’rifat TOLIPOVA,

Gulnoza EGAMBERDIYEVA,

Toshkent – Zomin – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: