AHOLI SALOMATLIGIGA HAMISHA KAMARBASTA
Mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Endilikda eng chekka tumanlar aholisi ham malakali tibbiy xizmat turlaridan bahramand bo‘lmoqda. Ana shunday xayrli ishlarning bardavomligini bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga nazar solmang albatta guvohi bo‘lasiz. Chunki, el sog‘lig‘ini asragan yurtning kelajagi porloqdir.
Bugun mevali va manzarali daraxtlarning soya-salqini, qiyg‘os ochilgan gullarning xushbo‘y ifori dilga xush yoqib, asta odimlab borayotgan yo‘lakchamiz bizni Samarqand shahar Tibbiyot birlashmasi sari boshlaydi. Tibbiyot birlashmasi binosiga kirar ekanmiz davolash xonalarida eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar e’tiborimizni tortdi. Eng avvalo, “Ona va bola salomatligi” borasida olib borilayotgan tibbiy muolajalarning risoladagidek tashkil etilganini ko‘rib dilimiz ravshan tortdi. Qayerdaki ish to‘g‘ri tashkil etilib, rahbar izlanuvchan bo‘lishi bilan birgalikda jamoaga keraklicha g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsa shu yerga qut-baraka inadi. Buni birlashma shifokor va hamshiralarining ish faoliyatini kuzata turib yana bir bor amin bo‘ldik.
– Ayni kunda Samarqand shahar Tibbiyot birlashmasida 1 ming 380 nafarga yaqin malakali shifokorlar hamda o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari mehnat qilmoqda, – deydi mazkur birlashma boshlig‘i o‘rinbosari, oliy toifali shifokor Sanjar Xushvaqtov. – Bizning vazifamiz aholi salomatligini muhofaza qilish va tibbiy xizmat sifatini yanada yuksaltirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 18 fevralda qabul qilingan “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan vaqt davomida 561 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylari Samarqand tibbiyot instituti professor va dotsentlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 270 nafarga yaqin keksalar ambulator, shifoxona va uy sharoitida sog‘lomlashtirildi. Birgina bu emas shahardagi “Saxovat” uyida yashayotgan 140 nafarga yaqin qariyalar yiliga ikki marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilish rejalashtirilgan bo‘lib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish tadbirlariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida shahar markaziy shifoxonasi bo‘limlarida 720 nafarga yaqin Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari, yolg‘iz qariyalar, I va II guruh nogironlariga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Aniqlangan xastaliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirildi. O‘tgan davr mobaynida “Tovoqsoy”, “Oltiariq”, “Nuroniy” sihatgohlarida ikki yuz nafarga yaqin keksalarning sog‘lig‘i tiklandi. O‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar davomida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mintaqaviy filiali tomonidan 89 million so‘mdan ziyod dori-darmon tarqatildi.
Tibbiyot xodimlarining muntazam ravishda aholi o‘rtasida, maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv dargohlarida bo‘lib turli kasalliklar, ularning oldini olish borasidagi suhbatlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida xayrli qadam bo‘lmoqda. Shuningdek, “Yuqumli kasalliklar va ularning oldini olish”, “Biz giyohvandlikka qarshimiz”, “Erta va qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohning oldini olish” borasidagi ko‘rgazmali vositalar, videoroliklar namoyishi yoshlarni hushyorlikka chaqirib, ularni o‘z salomatliklariga yanada e’tiborli bo‘lishga chaqiradi.
Shahardagi 11 ta oilaviy poliklinika, teri-tanosil kasalliklari dispanseri, Silga qarshi kurashish dispanseri, 2 ta stomatologiya poliklinikasi, 1-son shahar shifoxonasi, 1-,2-,3-son tug‘ruq majmualari hamda Samarqand shahar Ko‘p tarmoqli poliklinikalarini o‘z tasarrufga olgan mazkur Tibbiyot birlashmasi el salomatligi borasida yana bir qator ibratli ishlarni amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bu yerda mehnat qilayotgan qo‘li yengil shifokorlar va hamshiralarning shirinso‘zligi, o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshib bemorlarga o‘z vaqtida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ayniqsa, onalar va bolalar salomatligi borasida ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ha, istiqlol buyuk ne’mat. Hurlik va tinchlik bag‘rida qo‘lga kiritilayotgan har bir yutuq zamirida halol mehnat mujassam. Biz esa o‘z kasbiga sidqidildan yondoshib el sog‘lig‘iga kamrbasta bo‘layotgan Samarqand shahar Tibbiyot birlashmasi jamoasining yanada yuksak marralarni ko‘zlab mehnat qilishida zafarlar tilab xayrlashdik.
Zero, mustaqillik sharofati ila jannatmakon O‘zbekiston yanada gullab-yashnamoqda. Uning har bir go‘shasi betakror. Beixtiyor qalbingizning tub-tubidan “Betakrorimsan, yagonasan ona Vatanim – O‘zbekistonim”, – degan farahbaxsh o‘ylar kechadi.
Axtam BERDANOV,
Samarqand viloyati