O‘ZBEKISTON – UMUMIY UYIMIZ
Poytaxtimizning G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbir Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda uyushtirildi. Unda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan milliy madaniyat markazlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, badiiy jamoalar, mahalla faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida milliy madaniyat markazlari tomonidan tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy taomlar va liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Turli xalqlarga xos urf-odatlar namoyishi, milliy madaniyat markazlari qoshidagi folklor jamoalarning kuy-qo‘shiqlari barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
V.PO‘LATOVA