ME’DA OSTI BEZI SARATONINI ERTA ANIQLASH USULI TOPILDI
Britaniyalik olimlar oddiy peshob tahlili asosida me’da osti bezi saratonini bir zumda aniqlash usulini taqdim etishdi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur xastalikka chalingan vaqtda peshobda uchta oqsil miqdori yuqori darajada bo‘lar ekan.
Ushbu usul saratonning yallig‘lanish holatidagi surunkali pankreatitdan osongina ajratib olishga ham xizmat qiladi. Zero, ko‘p hollarda tashhis qo‘yuvchilar me’da osti bezi saratoni bilan pankreatitni to‘g‘ri ajrata olmay qolishadi va davolanish noto‘g‘ri o‘zanga yo‘naltirib yuboriladi.
Londondagi qirolicha Mariya universiteti tadqiqotchilari 488 ta peshob namunasini tahlil qilib chiqishdi. Ularning 192 tasi me’da osti bezi saratoni, 92 tasi surunkali pankreatitga chalingan bemorlardan, 87 tasi esa sog‘lom ko‘ngillilardan olingan edi. Shu bilan birga, tadqiqot natijalarini tasdiqlash uchun yana 117 ta namuna boshqa jigar va o‘t pufagida xavfli va xavfsiz o‘sma aniqlangan bemorlardan olindi.
Peshob namunalarida taxminan 1 ming 500 ta turli‑tuman oqsillar topilib, ularning qariyb yarmi barcha bemorlar uchun xos bo‘lgan. Biroq, uchta oqsil – LYVE1, REG1A va TFF1 navbatdagi chuqur izlanishlar uchun ajratib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, me’da osti bezi saratoniga chalingan bemorlarda mazkur oqsillar miqdori sog‘lom ko‘ngillilarnikiga qaraganda ancha yuqori ekan. Surunkali pankreatitda esa ushbu oqsillar saratonga chalinganlarga qaraganda pastroq ekani kuzatildi. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, ushbu uch oqsil kasallikning I-II bosqichlariga 90 foizdan ziyod aniqlikda tashhis qo‘yishga imkon tug‘diradi.
Sahrogul OQBO‘TAYEVA,
O‘zMU talabasi