BOLALAR MAYDONCHASI – KICHKINTOYLAR QUVONCHI
Mamlakatimizda ko‘plab ko‘ngilochar sayrgohlar, sport va bolalar maydonchalari barpo etilmoqda. Yurtimizda ayniqsa yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga keng e’tibor qaratilmoqda. Ular uchun qurilayotgan ta’lim va sport majmualari fikrimizning yaqqol dalilidir. Bunday bolalar maydonchalari kichkintoylarimizning sog‘lom ulg‘ayishi, bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishini, hordiq chiqarishi va uyi atrofidan yiroq ketmasdan kattalarning ko‘z oldida bo‘lishini ta’minlaydi. Davlatimiz tomonidan farzandlarimizga quvonch ulashish maqsadida ana shunday ko‘plab shart-sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 dekabrdagi “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011-2015 yillarga mo‘ljallangan chor-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga binoan “Mahalla” xayriya fondi Respublika boshqaruvining 2011-2015 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi tuzildi.
Ushbu dasturga asosan, shahar va qishloqlarga moslashgan 5 turdagi zamonaviy va xavfsiz bolalar va sport maydonchalarining namunaviy loyihalari ishlab chiqildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan barpo etilayotgan maydonchalar mo‘jaz o‘yingoh asosida qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barpo etilayotgan bolalar maydonchalariga joy tayyorlash, hudud atrofini o‘rash, o‘yin jihozlarini tanlash ishlari dastur talablari asosida amalga oshirilmoqda.
– Belgilangan dastur bo‘yicha 2011-2015 yillar davomida jami 1 ming 474 ta bolalar maydonchasi namunali loyihalar asosida qurildi, hamda 2 ming 994 ta maydonchada ta’mirlash, jihozlash, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 9 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Shundan “Mahalla” fondining 3mlrd. 79 mln. so‘mlik, homiylarning 5,1mlrd. so‘mdan ziyod, mahalliy davlat byudjetidan tashqari moliyaviy mablag‘lar hisobidan 810 mln.so‘mlik mablag‘lar, qolaversa 33 mln.so‘mdan ortiq mablag‘ fuqarolar yig‘inlari tomonidan ajratildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi bosh mutaxassisi Elmurod Qarshiyev.
Har bir mahallada obodonlashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Inson o‘zi yashaydigan yurtini asrab-avaylasa, yerining har bir qarichini toza-ozoda bo‘lib yashnab turishi uchun mehnatini ayamasa o‘sha yerdan tinchlik, fayz-baraka arimaydi. Farzandlarimiz, mahallalardagi maydonchalarda quvnoq va baxtiyor holatda vaqtlarini mazmunli o‘tkazadi. Ayniqsa, mustaqil yurtimizda bolalarga e’tibor, kelajakka e’tibor darajasida e’zozlanadi.
– Bizning mahallamizda “Bolalar maydonchasi” qurilishi mahalla fuqarolari tomonidan katta qiziqish va mamnuniyat bilan qabul qilingan, – deydi Chilonzor tumani “Navbahor”MFY raisi Alim Hayitboyev. – Bolalarning quvonchini aytmaysizmi?! Ushbu maydonchaning har tomonlama chiroyli va qulayligi, bolaning ma’nan va jismonan rivojlanishiga yordam beradi.
Yurtimizdagi har bir mahallalarda bunday maydonchalarning bo‘lishi, bolalarning bir-biri bilan inoq bo‘lib o‘sishiga yordam beradi. Atrof-muhitni toza-ozoda saqlanishiga ota-onalar ham o‘z hissasini qo‘shadi.
– Kichkintoylarimizning ushbu maydonchada zavq bilan o‘ynashini ko‘rib xursand bo‘laman. O‘z tengqurlari bilan ahil va inoqligidan sevinaman, – deydi “Navbahor”mahallasida istiqomat qiluvchi Dilorom Orzuqulova.
Bolajonlar ushbu maydonchada o‘ynar ekanlar ularning ko‘zlaridagi quvonchni yaqqol ko‘rishimiz mumkin. U yerdagi ertak qahramonlari aks ettirilgan haykalchalar, o‘yinchoq mashinalar bolalik lahzalarining mazmunli o‘tishiga xizmat qiladi.
– Uyimiz oldidagi maydonchada maza qilib o‘ynaymiz. Ayniqsa, “Sirpanchiq” o‘yin moslamasi menga juda yoqadi. O‘rtoqlarim bilan “poyezd-poyezd” bo‘lib unda birga sirpanchiq uchamiz, – deydi 8 yoshli Durbek Davlatov.
Yurtimizda bolalarning ham ma’nan, ham jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, ularni asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazish bizning burchimizdir.
Charos XUSHVAQTOVA
“Sog‘lom avlod” muxbiri