MUSTAQILLIKNING QUTLUG‘ SAODATI
“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan so‘zlar bugun har birimizga g‘urur-iftixor, kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlaydi. Zero, Mustaqillik – tenglik sari qo‘yilgan birinchi qadam. Chunki, tenglik hukm surmagan jamiyatda tinchlik bo‘lmaydi. Mutelik bor joyda hukmronlik, o‘zgalar hisobiga yashash kabi illatlar yuzaga keladi. Tenglik odamlarning o‘zaro munosabatlaridan tortib mamlakatlararo munosabatlargacha hamma narsani me’yor-mezonga soladi, turli kamsitishlar yoki ortiqcha tobeliklarga chek qo‘yadi.
Mustaqillik – ulug‘ ne’mat. U bizga har kim o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini berdi, adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish, o‘z milliy davlatchiligimizni barpo qilishga imkoniyat yaratdi, O‘zbekiston xalqaro miqyosda o‘z nufuzini topdi. Barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qila boshladi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun sharoit yaratildi, mulkka munosabat o‘zgardi, xalqning ma’naviy uyg‘onishi uchun to‘la imkoniyatlar eshigi ochildi. Yurtimizning boy tarixi, milliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 17 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda xususan, men ishlayotgan Andijon davlat tibbiyot instituti “Asab kasalliklari va nevrologiya” kafedrasida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” deb nomlangan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy va axborot-tushuntirish tadbirlari olib borilmoqda. Ushbu tadbirlar eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kunini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgandir. Ushbu tadbirlarning amalga oshirilishi jamoatchilikning ona Vatanimizning betakror qadr-qimmatini, istiqlol yillarida O‘zbekiston bosib o‘tgan mashaqqatli va shu bilan birga, shonli yo‘lning, keng qamrovli islohotlarning, fuqarolarimizni yangi marralarni zabt etishga undaydigan ulug‘vor muvaffaqiyatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini chuqur anglab yetishida muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimiz qarorida erishgan yutuqlarning asosi chuqur ochib berilyapti. Bugun mustaqil yurtning har bir fuqarosi, ayniqsa, yoshlarimiz qarorda aks etgan fikrlarga o‘z munosabatini bildirmoqda.
Mening nazarimda, buning bosh omili birinchi navbatda, yoshlarimiz tarbiyasi, ta’lim tizimiga berilayotgan beqiyos e’tibor, milliy qadriyatlarimiz qadrlanayotgani, ma’naviyatni yuksaltirish uchun qilinayotgan ishlar, ajratilayotgan katta-katta mablag‘lar, eng asosiysi, rivojlanishning, taraqqiyotning to‘g‘ri yo‘lini tanlaganimizdadir.
Darhaqiqat, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan, mustaqil fikrlaydigan, ona yurtiga mehr va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan, hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgan yangi avlodni tarbiyalash maqsadida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Shu o‘rinda ayrim raqamlarga nazar solsak. Faqat so‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 278 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 523 ta sport inshooti va 100 dan ziyod suzish havzalari qurilgani va rekonstruksiya qilingani, bugungi kunda 2 million nafar farzandimiz, jumladan, 840 mingdan ortiq qiz sport bilan muntazam shug‘ullanayotgani ham ma’nan, ham jismonan yetuk, ona Vatan, xalq yukini yelkasida ko‘tarishga qodir bo‘lgan avlod shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.
Namunali uylar – mening ham quvonchim
Andijon viloyati ulkan iqtisodiy salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘ringa ega. Rivojlangan sanoat tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi, fidoyi insonlar mehnati barcha sohalarni izchil taraqqiy ettirishda muhim omil bo‘lmoqda. Viloyat markazi, shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarib, obod bo‘lib, aholining hayot darajasi yuksalib borayotir.
Zamonaviy qishloq infratuzilmasini yaratish maqsadida Yurtboshimiz rahnamoligida davlat dasturi negizida ishlab chiqilgan zamonaviy me’morchilik talablariga javob beradigan va bizning iqlim sharoitlarimiz hisobga olingan shinam hamda qulay, namunaviy loyihadagi uy-joylarning butun mamlakatimiz miqyosida, shu jumladan, bizning Andijon viloyatida qurilayotganligi qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.
Xususan, o‘tgan yili eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Oltinko‘l tumanining Jalabek qishlog‘idagi “Dalvarzin” mahallasida zamonaviy guzar qurilib, foydalanishga topshirildi. Hududdagi namunaviy loyiha asosida qad rostlagan 50 ta yakka tartibdagi uy-joyga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashgan ushbu guzarni ko‘rib dil yayraydi. Yosh oila sifatida menga ham ushbu uylardan nasib qildi.
Yurtboshimiz joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 2014 yil 6 oktyabr kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi. Prezidentimiz Oltinko‘l tumani “Dalvarzin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan zamonaviy uy-joy mavzesi bilan tanishdi, Ayniqsa, Prezidentimiz Islom Karimovnig g‘oyasi asosida uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yer maydoni 6 sotix qilib belgilangani, avtomobil uchun alohida darvoza va uni saqlash uchun maxsus joy ko‘zda tutilgani, xonalar xalqimizning mentaliteti va turmush tarzidan kelib chiqqan holda joylashtirilgani, xullas qulay va shinamligini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Bu yerda “Dalvarzin” mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi ham bugungi kun talablari asosida qad rostlagan. Shuningdek, militsiya tayanch punkti mahalla mutasaddilarining ish faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, albatta.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosiga mo‘ljallangan guzarning ikki yonida barpo etilgan majmualar tarkibidan sartaroshxona, kimyoviy tozalash xizmati, dorixona, go‘zallik saloni, chevarchilik, qassobxona, oziq-ovqat, xo‘jalik mollari hamda non do‘konlari singari yigirmaga yaqin maishiy va servis xizmati shoxobchalari joy olgan.
Biz Sh.Rahmatullayevlar oilasi bu yerda ro‘zg‘orning og‘irini yengil qilish uchun barcha sharoit va qulaylik yaratilganidan xursandmiz. Bu ayniqsa, biz ayollarning og‘irini yengil qilishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, mahallamiz ahli uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ro‘zg‘orga nimaiki zarur bo‘lsa, avvalgidek shahar markaziga borib emas, shundoqqina guzarning o‘zidan xarid qilish mumkin.
“Dalvarzin” mahallasining boshqa hududlardan farqli yana bir muhim jihati shundaki, guzar oldida attraksionlar, bolalar dam olish maskani hamda futbol maydonchasi yoshlar ixtiyorida. 80 sotix maydonda barpo etilgan intensiv bog‘ hudud obodligi, mahalla qiyofasiga ko‘rk bag‘ishlab turibdi.
Favvoralar farovonlik va tinchlik ramzi
Andijon oqshomlari favvoralar sayri bilan yanada fayzli. Darhaqiqat, shahrimizni tomosha qilgan kishini bir-biridan ko‘rkam favvoralar ko‘kka zilol suv sochib qarshilaydi. Bu yurtimizdagi tinchlik, ko‘ngil xotirjamligidan dalolatdir. Zero, xotirjamlik hukm surgan yurtdagina xalq bunyodkorlik ishlariga qodir bo‘ladi. Ko‘kka intilayotgan favvoraga qarab, yurtimizning qudrati ham shu kabi viqor ila yuksaklikka bo‘y cho‘zayotganini, uning ulug‘vorligini teran his qilaman.
Shahardagi eng katta favvora Bobur maydonida joylashgan. Suvning turli shakllarda otilishi, chiroqlar va musiqa uyg‘unligi kishiga zavq beradi.
Faxrlanib aytamanki, ma’joziy ma’noda raqsga tushayotgan favvora ohanglari – zamonaviy opera va mumtoz musiqa sadolari, suvning yengil epkini dillarga huzur bag‘ishlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun Andijon viloyatida ona Vatanimizning yanada gullab-yashnashi, qishloqlarimiz obodligi, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan davlatimiz dasturlarning hayotga izchil tatbiq etilayotganini amalga oshirilayotgan xayrli ishlar tasdiqlab turibdi.
Hurriyatparvar ajdodlarimizning asriy orzusini, xalqimizning tenglar ichra teng bo‘lish huquqini yuzaga chiqargan, milliy o‘zligimiz, qaddimiz va qadrimizni tiklagan, mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlayotgan, biz yoshlar kelajagiga mustahkam zamin yaratayotgan aziz va mukarram – Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Nasibaxon RAHMATULLAYEVA,
Andijon davlat tibbiyot instituti “Asab kasalliklari va nevrologiya” kafedrasi asisstenti