Eng namunali mahallalar aniqlandi
Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi oldidan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni egallagan 11 nafar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi qatnashdi. Ular faoliyatiga baho berishda mahallaning asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha komissiyalar ishining nechog‘li yo‘lga qo‘yilgani, ish tajribasi, aholini ijtimoiy himoyalash, keksalarni e’zozlash, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol toptirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Urganch shahridagi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini eng namunali, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Keyingi o‘rinlarni Shovot tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini, Yangiariq tumanidagi “Shixbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini egalladi.
G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
M. XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri