MUSHTARAK MAQSADLI TAKLIFLAR
18 dekabr kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “O‘ztelekom” kompaniyasining o‘quv markazi binosida “Obod turmush yili” davlat dasturining ayrim bandlarini ishlab chiqishda jamoatchilik takliflarini jamlash maqsadida videomuloqot o‘tkazildi.
Davlat dasturining aniq va xalqchil bo‘lishi uchun o‘tkazilgan mazkur muloqotda ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining tuman hamda shaharlaridagi xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, mahalla oqsoqollari, diniy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, mahalla faollari, vazirlik, idora va tashkilotlar mas’ullari, xalqimizning turmush tarzini, muammolarini yaxshi biladigan mas’ullar hamda jamoatchilik vakillari dasturning V hamda VI yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Dasturning V yo‘nalishi bo‘yicha oilada turmush madaniyatini oshirish, mahallalarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarni mahalla ishida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, yoshlar ongu shuuriga mahalla qadriyatini singdirish, ularning mahalla ijtimoiy hayotida milliy an’analarimizga xos ravishda ishtirok etishini faollashtirish, to‘y marosimlarini ixchamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, obodonchilik ishlari, hashar qadriyatlarini keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar yuzasidan ko‘plab takliflar berildi.
Shuningdek, mazkur dasturning VI yo‘nalishida ta’kidlanganidek, oilada turmushni yanada sog‘lom va obod qilish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini, ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida ularning mehnatlarini munosib baholash, uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, oilada jamiyat uchun har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish mas’uliyati bo‘yicha psixologiyani shakllantirish maqsadida har bir oilaga zamonaviy tibbiyot, pedagogika va psixologiya tavsiyalari yetkazilishini ta’minlash, imkoniyati cheklangan bolalarning ta’limiga alohida e’tibor qaratish, qizlarni yosh turmushga berish kabi salbiy holatlarga barham berish choralarini ko‘rish va boshqa takliflar bildirildi.
M.XO‘JAMURODOVA