HAR BIR INSONGA MEHR VA E’TIBOR
xalqimizga xos azaliy tushunchalardir
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan eng ulug‘, eng aziz bayram – mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligiga bag‘ishlab “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilmoqda.
Xalqimizning munosib hayot kechirishi uchun barcha shart-sharoitni yaratish, aholi, jumladan, onalar, bolalar va keksalarni har tomonlama himoyalash, ularning salomatligini muhofaza qilish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Davlatimiz rahbarining 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori va “Keksalarni e’zozlash yili” davlat dasturi doirasida bu boradagi loyihalar ko‘lami yanada kengaymoqda.
Bu galgi aksiyaga ham yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rildi. Tadbirning ilk bosqichi viloyatlar miqyosida tashkil etilib, chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvga ehtiyoji bor bemorlar ro‘yxati shakllantirildi. Shu bilan birga tibbiy ko‘riklarga Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari, pensionerlarni to‘la qamrab olishga alohida e’tibor qaratildi.
Tibbiy ko‘rikda poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda yetakchi klinikalarning malakali olimlari, nevropatolog, jarroh, kardiolog, endokrinolog, ginekolog, terapevt, pediatr, oftalmolog, otorinolaringolog, ortoped, travmatolog, stomatolog, dermatovenerologlari ishtirok etayotgani aholi uchun katta qulaylik yaratmoqda.
Pskent tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirga poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi yetakchi klinikalardan o‘ttiz nafarga yaqin olim va malakali shifokor jalb etildi. Ular Pskent va Bo‘ka tumanlaridan kelgan qariyb besh yuz nafar aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Shifokorlar alohida ehtiyojmand keksalarning xonadoniga borib, ularning salomatligini tekshirdi.
Sog‘lomlashtirish haftaligi mamlakatimiz bo‘ylab keng davom etmoqda.
Ch.XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri