YANGI NANOGENERATOR
Viskonsin-Medison universiteti muhandislar guruhi va ularning xitoylik hamkasblari avtomobil shinasi ishqalanishidan quvvat oladigan nanogeneratorni ishlab chiqishdi.
Maxsus nanogenerator va o‘yinchoq “Jeep” modeli bilan qurollanib olgan tadqiqotchilar jarayonda qanday qilib quvvat ishlab chiqarilishini ko‘rsatib berishdi. Quvvatdan kelajakdagi katta hajmli avtomobillarning yoqilg‘i samaradorligini oshirishni ta’minlab beradigan elektr paydo bo‘ldi.
Nanogeneratorning ishlash prinsipi yo‘l sirti va avtomobil g‘ildiragi oralig‘ida almashib turgan elektr kuchidan quvvat oluvchi triboelektr effekti (ikki turdagi ob’yektning o‘zaro aloqasi yoki ishqalanishidan paydo bo‘ladigan elektr zaryadi)ga asoslanadi.
Viskonsin shtati universitetining muhandislik bo‘yicha dotsenti Syudong Vanning ma’lum qilishicha, avtomobil g‘ildiragi va yo‘l sirti orasidagi aloqa payti paydo bo‘ladigan ishqalanish vaqtida taxminan 10 foiz yonilg‘i sarflanadi.
Dastlabki sinovlar vaqtida konsepsiyani namoyish qilish maqsadida Van va uning hamkasblari svetodiod farali o‘yinchoq avtomobildan foydalanishdi. Yorug‘lik manbasini quvvatlab turishga kerak bo‘lgan elektr miqdorini ishlab chiqarish uchun ishqalanish yordamida harakatga kelgan elektronlar yetarli bo‘ldi. Bu bilan olimlar harakatlanish paytidagi ishqalanishga sarflangan quvvatning yig‘ib olinishi va qayta ishlatilishi mumkinligini isbotlashdi. Olimlar yana yig‘ib olingan quvvat miqdori bevosita avtomobil og‘irligi va uning tezligi bilan bog‘liq ekanligini aniqlashdi. Shunday ekan nanogenerator ishlab chiqaradigan quvvat transport vositasining turiga qarab o‘zgarishi mumkin.