AJDODLARIMIZ O‘LCHOVLARINI BILASIZMI?
Kundalik hayotimizda gramm, kilogramm kabi og‘irlik, metr, santimetr ko‘rinishidagi uzunlik o‘lchovlari, tiyin, so‘m kabi baho o‘lchovlaridan doimiy foydalanamiz. Bu o‘lchov birliklari o‘zga tillardan o‘zlashgan bo‘lsa-da, so‘zlashuvda keng qo‘llaniladi.
Xalqimizda “Birniki mingga, mingniki tumanga”, “Etti o‘lchab, bir kec”, “Bir miri hamyon – o‘n miri ziyon” kabi naqllar borki, ularda ota-bobolarimizga xos o‘lchov birliklari nomi mujassam.
Qayd etish joizki, sharqona o‘lchovlar qadriyatlarimizning bir ko‘rinishi, tariximizning ajralmas va mushtarak qismi. Ammo ularning ma’no-mazmuni haqida u qadar ham ko‘p narsalarni bilmaymiz.
Botmon, misqol, jarib, gaz, pud, qadoq, andoza, tanob, tosh, tutam, chaqirim, qarich, miri, tuman, hazor kabi o‘lchov birliklari yaqin o‘tmishda yozilgan badiiy asarlarda, yoshi ulug‘ kishilar so‘zlashuvida hali-hamon saqlanib qolgan.
Masalan, botmon – og‘irlik o‘lchov birligi bo‘lib, kichik botmon 20, 6 kilogramm, katta botmon 171, 99 kilogrammga teng bo‘lgan. Botmon yer o‘lchovida ham qo‘llanilib, bir botmon og‘irlikdagi bug‘doy yoki arpa sepilishi mumkin bo‘lgan yerga nisbatan qo‘llangan.
Daxsar – botmonning to‘rtdan bir qismi, ba’zan 32 kilogrammga teng bo‘lgan.
Jarib – og‘irlik va yuza o‘lchov birligi bo‘lib, o‘rta asrlarda Movarounnahrda ishlatilgan o‘lchov birligi, 22, 825 kilogrammni, yuza o‘lchovi sifatida kichik jarib 1 ming 592 kvadrat metrni, katta jarib 5 ming 837 kvadrat kilometrni anglatgani ajdodlarimizning naqadar aniqlikka intilgani va zukko bo‘lganidan dalolat beradi.
Misqol – zargarlik, attorlik va tabobatda keng qo‘llanilgan bo‘lib, 4, 1-4, 4 grammni tashkil etgan.
Pud – 16 kilogrammni anglatgan bo‘lsa, 400 grammdan ziyodi qadoqni tashkil etgan.
Gaz – o‘rta asrlarda kishining barmog‘i uchidan bo‘ynigacha yoki bir qo‘lining uchidan ikkinchi qo‘ltig‘igacha bir gaz hisoblangan. Bu o‘lchov turini hozir ham bozorlarda uchratishimiz mumkin. Bobomiz Amir Temur zamonida bir gaz 70 santimerga teng bo‘lgan.
Tanob – uzunligi o‘rtacha 60 gazga teng bo‘lgan yer maydoni, 17-18 sotixni tashkil etgan. “Tanobingni tortib qo‘yaman”, degan gap ham shunga ishora bo‘lgan.
Chaqirim – ovoz yetadigan masofa – 1, 5-2 kilometrga, qarich 20 santimetrga teng bo‘lgan.
Miri – besh tiyinlik chaqa. “Cho‘ntagida bir miri yo‘q” iborasi ham hozirgacha ishlatib kelinadi.
Bu kabi o‘lchov birliklari alohida o‘rganishni talab qiladigan mavzu. Ammo bugun biz aytadiganimiz – ularda aniqlik, zukkolik va donolik mujassam. Ularning zamirida chuqur ma’no, mazmun bor.
Chorshanbi XUDOYOROV