QADRIYATLAR ULUG‘LANGAN XONADONDA

hamisha fayz-baraka, farovonlik va osoyishtalik bo‘ladi

Shahrisabz tumani Qutchi mahallasida yashovchi Abdulla Fayziyev – ibratli oila sohibi. Abdulla aka hozirda nafaqada. Shu davrga qadar yoshlarga saboq berib kelgan. Oila bekasi Marhamat Sheraliyeva mahallaning mohir chevari. Ularning 50 yillik hayot yo‘llariga nazar solsangiz, oila deb atalmish mustahkam qo‘rg‘onning, turmush quvonchu tashvishlarining asl siyratini ko‘rganday bo‘lasiz va bu hayot ortida naqadar mashaqqatli mehnat, yuksak muhabbat, qadr va halollik yotganini anglaysiz.

– Abdulla aka Marhamat opa bilan birgalikda ahil hayot kechirmoqda, farzandlarini tarbiyalab voyaga yetkazdi, o‘qitdi, o‘rni kelganda hayot qiyinchiliklarini birgalikda yengib o‘tdi, – deydi qo‘shnilardan biri Zilola Ro‘ziqulova. – Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deganlaridek, oiladagi 8 farzandning barchasi o‘qimishli, boshqalarga namuna qilsa arziydigan insonlar. Marhamat opa biz – qo‘shnilarning eng yaqin maslahatgo‘yimiz. Mahallamizdagi deyarli barcha qizlarning kelinlik sepi opaning qo‘llarida sayqal topadi.

– 7 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahallamizda xususiy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, oilaviy daromadlarini yaxshilayotgan ishbilarmon uy bekalari talaygina, – deydi hamrohim, mahallaning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xursand Abdiyeva. – Ayni paytda Marhamat opaga nisbatan ibratli oila bekasi, qo‘li gul hunarmand, ishning ko‘zini biladigan uddaburon ayol degan qator ta’rifu-tavsiflar keltiriladi. U kishi mahalladagi xotin-qizlarga, yosh kelinchaklarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatib kelayapti.

To‘rt nafar kelin bu oilaga xuddi qizday bo‘lib ketgan. Chunki Marhamat opa kelinlarini bolam-bo‘tam deb bilmaganini bildirdi, tushunmaganini o‘rgatdi. Shu sababdanmi, kelinlar qaynonasini o‘z onalaridan ham ziyoda ko‘rishadi.

– Oilada otaning o‘rni beqiyos, – deya suhbatga chog‘lanadi Marhamat opa. – Faqat otagina aytishi mumkin bo‘lgan tarbiyaviy o‘gitlar bor. Ilmu hunarga ixlos, mehnatsevarlik, mardlik, jasurlik, insoniy g‘urur farzandga avvalo otadan yuqadi. Zararli odatlardan bolani ehtiyot qilmoqqa ham avvalo ota burchli. Otaning tarbiyasini olgan farzandlarimiz bugun el koriga yaraydigan bo‘lib voyaga yetishdi.

– Tarbiyada onaning ham o‘rni otanikidan kam emas, – deya Abdulla aka Marhamat opaning so‘zlariga qo‘shimcha qiladi. – Ota oilani boqish uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradi, shu bois uyda kamroq bo‘ladi, tarbiyaga vaqti yetmasligi mumkin. Shunda, tabiiyki, bolaga onaning ta’siri kuchliroq bo‘ladi. Yana shuni ham aytmoqchimanki, farzandlar tarbiyasida qattiqqo‘llik bilan mehr-muhabbatni omixta qilgan holda ish tutgan ma’qul. Faqat me’yorni saqlash muhimroq. Masalan, men oilada qattiqqo‘llik ko‘proq darkor deb hisoblayman. Qattiqqo‘llik mening tushunchamda avvalo intizom, tartib, majburiyat, mas’uliyat deganidir.

Yana o‘qing:  To'lqinjonning bobosi

Abdulla aka nafaqaga chiqqandan so‘ng ham bekor o‘tirib qolmadi. U kishi vaqtini ko‘proq tomorqasida mehnat qilish, mol-holga qarash, mevali daraxtlarga ishlov berish bilan o‘tkazadi. Ro‘zg‘or uchun barcha oziq-ovqat mahsulotlarini tomorqasida o‘zi yetishtiradi. Meva-cheva o‘zlaridan chiqadi. Ro‘zg‘ordan ortganlarini esa farzandlariga ilinadi.

Ha, oddiy hayot haqiqati shunday: o‘z oilasida baxtli, saodatli bo‘la olgan insongina jamiyatda ham obro‘-e’tibor qozona oladi.

Shohista BOZOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: