TA’LIM TIZIMINING TENGSIZ TARAQQIYOTI
Bolam tutsin desang donolik yo‘lin,
Kichiklikdan tegiz bilimga qo‘lin.
Yusuf Xos Hojib
Iste’dodli yoshlari ko‘p yurt gullab-yashnaydi. Yurtimizda minglab, millionlab ana shunday iqtidor egalari kamolga yetmoqda. Bularning barchasi istiqlol bergan ne’matdir. Mamlakatimiz mustaqillika erishgandan so‘ng o‘tgan vaqt ichida barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham amalga oshirilgan o‘zgarishlar ulkan muvaffaqiyatlarga aylandi.
Darhaqiqat, yaqin tarixga nazar tashlasak, 1991 yilgacha respublikada 8 ming 214 ta maktab mavjud bo‘lib, ularning 4 ming 689 tasi loyihalashtirilgan binolarda joylashgandi. 2 ming 358 tasi maktabga moslashtirilgan inshootlarda, 1 ming 167 tasi esa hashar yo‘li bilan paxsa va xom g‘ishtdan qurilgan, birorta ham me’yorga javob bermaydigan ob’yektlarda faoliyat olib borar edi. Jumladan, Jizzax viloyatining 60, Navoiy viloyatining 63, Samarqandning 65, Qoraqalpog‘istonning 54 foiz umumta’lim dargohlari shunday ayanchli ahvolda bo‘lgan.
Shu bois mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2004 yil 19 fevralda qabul qilingan “2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish dasturini tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyish asosida barcha umumta’lim maktablari to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi hamda shu yili “2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon ijrosiga ko‘ra dastur doirasida belgilangan davrda 3 mln. o‘rinli 8 ming 501 ta maktabda qurilish-tiklash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 351 ta yangi maktab binosi qurildi, 2 ming 470 ta maktab kapital rekonstruksiya qilindi, 3 ming 608 ta maktab kapital, 2 ming 72 tasi esa joriy ta’mirlashdan chiqarildi.
Dastur doirasida qayta tiklash ishlari amalga oshirilgan maktablarning 1 ming 326 tasi shaharlarda, 6 ming 887 tasi qishloqlarda, 288 tasi esa borish qiyin bo‘lgan hududlarda joylashgan bo‘lib, bu bilan shahar va qishloq maktablarining moddiy-texnik bazasi orasidagi tafovut barham topdi.
Bilasizmi, maktabga ilk borganimda Prezident sovg‘asi sifatida o‘quv qurollari to‘ldirilgan sumka berishgandi. Xursandligimdan uyga kelib akalarimga maqtandim. Yuqori sinfda o‘qiydigan akalarim “bizlarga kitob sovg‘a qilishmasmikan, kutubxonada varag‘i yirtilib, yozuvlari uniqqan kitoblardan foydalanish qiyin” deya ayamga yuzlandi. Ayam jilmaygancha, “albatta yangi kitob keladi, sabr qil bolam” dedi. Oradan hech qancha o‘tmay, kutubxonamizga yangi kitoblar to‘plami keltirildi…
Yangi qurilgan maktablarning moddiy texnik bazasi ham boyitildi. Quvonarlisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2005-2009 yillarda umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv – metodik qo‘llanmalar nashr etish dasturi to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida darsliklarning yangi avlodini yaratish, ularni nashr etish va o‘quvchilarga yetkazishning tizimli mexanizmiga asos solindi.
1991 yilda maktab o‘quvchilarining darsliklar bilan ta’minlanishi 55, 4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2011 yilga kelib 99, 4 foizga yetdi. Shundan muayyan qism darsliklar davlat hisobidan kam ta’minlangan oila farzandlari uchun bepul ajratildi. Shu yillar ichida xalq ta’limi tizimida 1 ming 073 ta Axborot-resurs markazi tashkil etildi va ular zarur texnik jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Mazkur markazlarning kitob fondi 6 million 410 ming 166 nusxani tashkil etadi. Bunga qo‘shimcha Axborot-resurs markazlarida 197 ming 501 dona elektron nashr mavjud. Respublika ilmiy-pedagogika kutubxonasida mavjud kitob fondining elektron katalogini yaratish hamda respublika yig‘ma elektron katalogiga kiritish uchun tizimda jami 106 ming 432 elektron yozuv tayyorlangan. Shu tarzda o‘quvchilarni darsilklar bilan ta’minlash tizimi ham muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi.
Ozod va obod Vatan, erkin va farovon jamiyatning chinakam bunyodkori va egalari bo‘lgan yosh avlodning ma’naviy kamolotiga e’tibor yil sayin kuchayib bormoqda. Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ta’lim muassasasi bolaga faqat ta’lim beruvchi, ilmu hunar o‘rgatuvchi maskan emas, balki inson shaxsini tarbiyalovchi, uni har tomonlama barkamol etib shakllantiruvchi qutlug‘ dargoh. Yurtimizda joriy etilgan ta’lim-tarbiya tizimi oldiga yosh avlodni nafaqat chuqur bilim, zamonaviy dunyoqarash egasi qilib o‘stirish, balki qalbida ezgu tuyg‘ularni parvarishlash, ularni ona Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifa qo‘yilgan.
Bugungi o‘quvchilar xalqimizning asrlar davomida asrab-avaylab, e’zozlab kelgan o‘lmas ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarini qalbi va ongiga chuqur jo qilish barobarida, dunyoda ro‘y berayotgan turli siyosiy vaziyatlarni o‘rganib, uni tahlil etish va o‘z munosabatini emin-erkin bildira olish darajasiga ega bo‘ldi. Xususan, 1995-2015 yillar davomida esa o‘quvchilarimiz kimyo, biologiya, fizika, matematika, informatika va xorijiy tillar fanlaridan xalqaro fan olimpiadalarida qatnashib, oliy o‘rinlarni egallagan.
Toshkent shahrida 2008 yil may oyida o‘tkazilgan kimyo fani bo‘yicha Mendeleev nomidagi 42-xalqaro olimpiadada 15 nafar o‘zbekistonlik yosh o‘g‘il-qiz eng yuqori natija ko‘rsatib, 13 ta medal – 1 ta oltin, 1 ta kumush va 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani butun yurtimiz ahlini cheksiz g‘ururlantirdi.
Shuningdek, 2009 yil iyul oyida Germaniyaning Bremen shahrida matematika fanidan o‘tkazilgan 50-xalqaro olimpiadada o‘quvchilarimiz 1 ta oltin, 2 ta bronza medali bilan taqdirlandi. 2010 yilning iyul oyida Ostona shahrida matematika fanidan o‘tkazilgan 51-xalqaro olimpiadada ham 96 ta mamlakatdan yig‘ilgan 517 nafar o‘quvchi qatorida ishtirok etgan 6 nafar yoshlar 4 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
2014 yil 23-26 iyul kunlari Koreya Respublikasining Tedjon shahrida bo‘lib o‘tgan matematika fanidan xalqaro musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi. Quvonarli jihati respublikamizning umumta’lim maktabi o‘quvchilari mazkur musobaqada muvafaqqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Yurt taqdirini o‘z zimmasiga olgan yoshlar mas’uliyat bilan ezgu maqsadlar sari odimlamoqda. Barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi sa’y-harakatlar bundan keyin ham o‘z natijalarini berishi shubhasiz.
Dildora QARSHIBOYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri