QADIMIY TOPILMALAR KO‘RGAZMASI
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvon saroyida “Qadimiy Choch madaniy merosi” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi. Unda Toshkent viloyatidagi Qonqa hamda Qorshovultepa qadimiy yodgorlik majmualari topilmalari namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada arxeolog olimlar tomonidan Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Qorshovultepa hamda Oqqo‘rg‘on tumanidagi Qonqa yodgorlik majmualariga o‘tkazilgan ekspeditsiyalar natijasida topilgan qadimiy ashyolar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Ushbu yodgorlik majmualariga taalluqli badiiy bezaklar, tangalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, sopol idishlar qadimiy Choch tarixini yanada boyitish bilan birga, azaldan diyorimizda turli millat va elatlar hamjihatlikda istiqomat qilganidan darak beradi.
Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan davra suhbatida Xalqaro madaniyat karvon saroyida o‘tkazilayotgan ilmiy ekspeditsiyalarning ahamiyati, qadimiy yodgorlik majmualari, u yerda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
V. PO‘LATOVA