Sport xabarlari (2015-31)
TAEKVONDO
Janubiy Koreyada taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan “Koreya open – 2015” turnirining kattalar, o‘smirlar va kadetlar o‘rtasidagi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, jami 45 medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 72 davlatidan 2 ming nafardan ziyod sportchi ishtirok etgan musobaqaning kattalar o‘rtasidagi bellashuvlari keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Chunki ushbu bahsda sportchilar sovrinli o‘rinlar bilan birga 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini beruvchi muhim reyting ochkolari uchun ham bellashdi.
Mazkur bahsda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan Jasur Boyqo‘ziyev, Dmitriy Shokin va Mustafo Valiyev o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritib, 20 tadan reyting ochkoga ega bo‘ldi. Shuningdek, kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada yana bir tajribali sportchimiz Nikita Rafalovich 80 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida bronza medal bilan taqdirlandi.
Musobaqaning o‘smirlar va kadetlar o‘rtasida kechgan bahslarida taekvondochilarimiz 16 tadan oltin va kumush, 9 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
BOKS
Germaniyaning Galle shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy “Chemistry Cup” xalqaro turnirida terma jamoamiz a’zolari 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Nufuzli turnirda o‘ndan ziyod davlatdan yuz nafarga yaqin bokschi o‘nta vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda Hasanboy Do‘smatov, vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida esa Abror Qodirov kabi tajribali bokschilarimiz tengsiz ekanini isbotlashdi.
Terma jamoamizga navbatdagi oltin medalni eng og‘ir vazn toifasidagi bokschilar bellashuvida qatnashgan Bahodir Jalolov qo‘lga kiritdi. O‘z vazn toifasida Murodjon Ahmadaliyev va Burgut Hojiboyev kumush, Isroil Madrimov va Rustam To‘laganov bronza medal bilan taqdirlandi.
T.ORTIQOVA