G‘ILON – BETAKROR YURTNING BEBAHO MANZILI
Quyosh zarrin nurlarini sochib to‘ymaydi. Ayniqsa, u purviqor cho‘qqiga tirsagini tirab turganida bizga juda yaqin ekanini his etamiz. Ruhimiz tabiatning ulug‘vor mo‘jizalaridan quvvat oladi. Beixtiyor, yarim tunda qishloqqa chiqib borganimizda hamrohlarimizdan birining hazilomuz so‘zlarini eslayman: “Yulduzlar ham ming metrlar pastda qolib ketdiyov”…
Darhaqiqat, Hisor tog‘lari bag‘rida yastangan G‘ilon qishlog‘i dengiz sathidan 2 ming 223 metr balandlikda joylashgan. Yil o‘n ikki oy erimaydigan qorli cho‘qqilar, yam-yashil adirlar poyidagi so‘lim manzil o‘zining go‘zal tabiati, zilol suvlari, tilni yorar meva-yu sabzavotlari, ayniqsa, mehmondo‘st, ahil va samimiy odamlari bilan yanada ulug‘vor tuyuladi.
Ayni saraton bo‘lishiga qaramay bahoriy nasim etni junjiktiradi. Qizg‘ish tusga kirgan olchalar oftob nurida tovlanadi. Ollana boshlagan giloslardan tatishga chog‘lanamiz. Tishimiz qamashadi. Shaharda allaqachon hazm bo‘lib ulgurgan mevalarning bu yerda endi shira bog‘layotganidan hayratlanasan, kishi. Tongdanoq sayrga oshiqamiz.
Bilimga ishtiyoqmand, tabiatga havasmand inson borki, G‘ilonning ta’rifini eshitib, qalbida ushbu manzilda bo‘lish istagini tugadi.
Mahalla raisi Haqnazar aka Niyozov sayohatga bosh-qosh bo‘ladi:
– Sayohat avvalida Abduhalim boboning xonadonlariga bir kirib o‘tamiz, – dedi Haqnazar aka, – u kishi duogo‘yimiz – ma’rifatli, piru badavlat otaxon.
Yam-yashil bog‘ oralab Abduhalim boboning orasta xonadoniga bordek. Odmigina uylarning birida qimtinibgina qo‘nim topdik. Ko‘p hayallamay, boshida iroqi do‘ppisi nuroniy chehrasiga yarashgan, iliq tabassumi, nigohidagi mayinlik samimiy suhbatga chorlab turgan bobo eshik hatlab kirdi, barcha bilan bir-bir so‘rashib poygakda cho‘kkaladi.
– Men bir tog‘lik qo‘shchi odamman, hol so‘rab kelibsiz, boshim ko‘kka yetdi, – kamtarinlik va sokinlik bilan so‘z ochadi otaxon. – Tinch va osoyishta kunlardan bahramand bo‘lib shu ulug‘ yoshda el-yurtning, sizlarning duoyingizni qilib o‘tiribmiz. Shu kunlarga yetkazganiga shukr…, – bobo biroz o‘yga tolib, diqqatini jamlab gapida davom etadi. – O‘zim uchun bir savolga xulosa yasadim: Mustaqillik so‘zi nima? Bu so‘zning harflarini bir joyga terib o‘yladim… Prezidentimiz Islom Karimovning bir so‘zini kitobidan yod oldim: “Xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, ularni asrab avaylash…” menimcha shu so‘zlarning zamirada mustaqillik nafasi bor. Mustaqillik, avvalo, ma’naviy qadriyatimiz – muqaddas dinimizni, tariximizni, buyuk bobokalonlarimizning ulkan merosini qayta tikladi. Sobiq tuzum davrida toptalgan izzatimiz, nazarga ilinmagan tarixiy obidalarimiz ta’mirlanib, ziyoratgohlarga aylantirildi, bir so‘z bilan o‘zimizni, o‘zligimizni angladik…
Mamlakatimizning olis qishlog‘ida umrguzaronlik qilayotgan keksa otaxonning ilmu ziyosi, dunyoqarashi, tafakkuri qalbimizdagi hayratni alangalatdi. Bobo G‘ilon qishlog‘ining kelib chiqishi, uning nomi qanday ma’no kasb etishi borasida ham uzoq to‘xtaldi:
– Qishloqning ming yildan ziyodroq tarixi bor. G‘ilon so‘zi ikki xil ma’no kasb etadi, arab alifbosida “g‘ilon” va “g‘aylon” so‘zi bir xil shaklda yoziladi, shu bois g‘aylon – jamlash ma’nosida, bu qishloq ahlining qadimdan olimi ham, hunarmandlari ham o‘zidan chiqqaniga urg‘u beradi. G‘ilon so‘zi esa forschada ko‘chki, bo‘shliq ma’nolarini anglatadi.
Abduhalim ota mumtoz adabiyot bilimdoni ham ekan, u kishining ruboiyni yod aytishi va so‘zma-so‘z sharh keltirishi bir hayratimizga o‘n hayrat qo‘shdi…
Boboning uyidan chiqib Haqnazar aka yetovida qishloq ahlini behad quvontirgan ulkan qurilish maydoniga yo‘naldik.
– Mana, bu maktab binosi, – deydi Haqnazar Niyozov iftixor bilan. – 480 nafar o‘quvchi ta’lim olishi uchun mo‘ljallangan. Zamonaning sozligini qarang, Shahrisabz shahridan sakson kilometr uzoqlikda, tog‘ bag‘ridagi olis qishloqda shunday bunyodkorlik ishlari kimning tushiga kiribdi, deysiz. Bundan ko‘zlangan maqsad bitta: jonajon O‘zbekistonimizning har bir hududi go‘zal va zamonaviy qiyofaga ega bo‘lishi kerak, har bir bolasi mukammal bilim olishi zarur. Axir, qishlog‘imizdan ertaga sport ustalari, xalqaro tanlovlar g‘oliblari chiqsa faxrlanmaymizmi?! Yurtdan, yurtdoshlardan faxrlanish tushunchasi qalbimizda vatanparvarlikni shakllantiradi-da. Qolaversa, muzaffar yoshlar kelajak avlodga ham o‘rnak bo‘ladi. Qishlog‘imizdan ko‘plab yoshlar mamlakatimizning markaziy shaharlaridagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olyapti. Ular kun kelib Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladi.
Qishloqda ayni vaqtda ikkita umumta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 800 nafarga yaqin o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beriladi. Hududda ta’lim o‘zbek va tojik tillarida olib boriladi. 82-umumta’lim maktabining zamonaviy binosi esa eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligiga qishloq ahli uchun munosib sovg‘a bo‘ladi.
G‘ilon Surxi tepaligidan kaftdek ko‘rinadi. Bir-biriga yelka tutgan hovlisiz qalama uylar bir bosh uzumdek ko‘zga tashlanadigan eski qishloq ajib manzara kasb etadi.
Qishloqda 1 ming 400 dan ortiq oilada 5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. 150 nafardan ziyod 80-100 yoshli bobo-yu momolar yurtning, farzandu nabiralarning e’zozu ehtiromidan bahramand yashayotir.
Aholi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanar ekan. Qishloq ko‘chalarini aylanar ekanmiz, hovlilarda zamonaviy ko‘rinishdagi uy-joylar barpo etilayotganiga ko‘zimiz tushadi. Eng asosiysi g‘ilonliklarning barchasi mehnatsevar, kasbu korni yaxshi egallagan, temirchisi ham, ta’mirchisi ham, duradgoru quruvchisi ham o‘zlaridan… Hamma bir-biriga tayanch, el ishi – hasharda hamisha faol.
Xalqimiz azaldan ahil-inoqligi bilan nom qozongan. Bu xislat bir necha ming yillik qadriyatlarimiz sirasiga kiradi. G‘ilon ko‘chalarini sayr etarkanmiz, bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Kishilarning bir-biriga o‘zaro ishonchi, mehr-oqibati bizni hayratlantirdi. Qo‘shnilar o‘rtasida devor yo‘qligi, biror xonadonda darvoza o‘rnatilmagani diqqatimizni tortdi. – Shunday ko‘rkam koshonalarni qurgan aholi nega hovlisini devor bilan o‘ramagan?
Haqnazar aka esa miyig‘ida kulib qo‘yadi: – Ajablanmang, bu yurtimizning tinchligi, xalqimizning osoyishta turmushidan darak emasmi?! Qolaversa, qishloqdoshlarning bir-biriga ishonchi mustahkam. Molimiz ham, jonimiz ham bir. Shunday ekan, devor qurib, o‘rtaga shubha oralashiga hojat yo‘q. Axir, ahillik ishonch ustida qurilmaydimi?!
Bergan savolimizdan o‘zimiz mulzam bo‘ldik. Bir tarafi, hali ham qadrdon urf-odatlarimizga sodiq kishilar borligidan sevinamiz. Yana atrofga, tabiat go‘zalligiga mahliyo bo‘lamiz. Mashina old oynasidan kirayotgan salqin shabada tanimizga tetiklik bag‘ishlaydi. Yo‘l bo‘yidagi buloqlarning biriga to‘xtab chanqog‘imizni qondirishga chog‘lanamiz. Toshlar orasidan sizib chiqayotgan zilol suvga hovuchimizni botiramiz. Uning muzday harorati suvni to‘yib sipqorishga yo‘l qo‘ymaydi. Uch-to‘rt ho‘plamning o‘zida obi-hayotning shirin ta’mi og‘zimizda qoladi.
Yo‘l-yo‘lakay hamrohimiz bilan zilol suvning mazasini ta’riflashdan charchamaymiz. Rais esa bunday buloqlar G‘ilonda yuzlab topilishi, aholi birdamlik bilan quvurlar orqali o‘z xonadonigacha suv olib kirganini aytadi: – Huv, anovi cho‘qqining har tarafidan suv sizib chiqadi, – deydi u ko‘rinishidan bosh kiyim – bo‘rkka o‘xshash ulkan cho‘qqiga diqqatimizni qaratarkan. – Nomi “Umoxona”. “Umo” eski fors tilidan olingan, suv degan ma’noni beradi.
Sharqirab oqayotgan ulkan soydagi zilol suvda sakrayotgan tomchilar quyoshda olmos donachalaridek tovlanadi. Atrofidagi dov-daraxtlar, yam-yashil o‘simliklar o‘ziga xos manzara kasb etadi. Ahyon-ahyonda soydan “quloq ochib” yo‘nalgan ariqlar va ariq ustida bunyod etilgan kichkina tomlarga ko‘zingiz tushadi. Bu kichik GESlar aholining elektr tokiga bo‘lgan ehtiyojiga xizmat qiladi. Inshootlarning har biri 20-30 oilaga elektr toki yetkazib beradi.
–Hammasi mustaqillik sharofatidan, – deydi Haqnazar Niyozov. – Istiqlolga erishgach xalqimiz dunyoga yuz tutdi, dunyoqarashimiz butkul o‘zgardi. Oldinlari bunday GESlar qurish hech kimning xayoliga kelmagan edi. Qarang, yigirma to‘rt yillik yuksalish davrida odamlarning saviyasi, fikrlash doirasi kengaydi. Tadbirli, shijoatli xalq ekanimizni isbotlay oldik. Ana shu kichik elektr inshootlari ham keng o‘yli kishilarning ilmi mahsulidir. Albatta, buni hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, sansalorlikka yo‘l qo‘ymasdan ahillik bilan amalga oshirdik. Shunday tinch va osoyishta yurtda ahil-inoq yashamaslik – noshukrlikdir.
G‘ilonda qurilish uchun zarur hisoblangan yog‘och va taxtalar mahalliy mahsulotga aylanib ulgurgan. Dara-yu, qiyaliklarda behisob teraklar viqor bilan osmonga bo‘y cho‘zib turibdi. Tog‘ yonbag‘irlaridagi bog‘larda olma-yu noklar shig‘il mevasini ko‘tarolmay bosh eggan. Aytgancha, g‘ilonliklar kartoshka yetishtirishning hadisini olgan. Qumloq yerlardan ekin uchun joy ochib yetishtirgan kartoshka mahsulotining xaridori ko‘plab topiladi. Bir paytlar markazdan uzilib qolgan, “aravasini o‘zi tortgan” g‘ilonliklar hayotiga ham istiqlol sabab taraqqiyot epkini kirib borgan, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish jadal rivojlangan, to‘yxona, bozor, zamonaviy qiyofadagi do‘konlar qad rostlagan.
G‘ilonga tunning qorong‘usida yo‘l bosib kelgan edik. Qulog‘imiz bilan shovullagan daryoning shovqinini, dimog‘imiz bilan xushbo‘y giyohlarning iforini, orombaxsh shabadani his qilgan bo‘lsakda, nigohimiz bilan cheksiz tog‘larning manzarasini anglamagan edik. Shu bois qaytish uchun tongotarda yo‘lga tushdik. Oqdaryoning goh o‘ng, goh so‘l qirg‘og‘ida huddi mohir naqqosh tomonidan ishlov berilgandek baland va tik qoyalar bizni kuzatib borardi. Ortimizda esa purviqor tog‘lar, alp cho‘qqilar mag‘rur kuzatayotgandek ko‘rinadi. Go‘yo ular g‘ilonliklarning iftixori, tog‘ odamlarining irodasi, mehr-oqibatining, insoniy fazilatlarining ramzidek tobora ko‘kka bo‘y cho‘zardi. Mashinadan tushib, qalbimizdagi barcha zavq-shavqimizni bir ibora bilan izhor qilgimiz, shu alp qoyalar saltanatida turib bor ovozimizda hayqirib aytgimiz keldi: “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!”
Faxriddin Hayitov,
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbirlari