MAHORATLI JARROHLAR
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda turli jabhalarda bo‘lganidek tibbiyot sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shifokorlar nafaqat aholi salomatligini asrash, balki fuqarolarning tibbiy savodxonligini oshirishda ham o‘z hissasini qo‘shib kelishmoqda.
Yurtimizda o‘z sohasining bilimdon, zukko va tajribali mutaxassislari ko‘plab topiladi. Ana shunday kasbiga sodiq, mahoratli, qo‘li yengil shifokorlardan bir guruhi Buxoro shahri Markaziy shifoxonasida faoliyat yuritadi. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro viloyati filialiga qarashli 2-jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Lazizbek Najmiddinov ham uzoq yillardan beri bemorlar dardiga malham bo‘lmoqda.
– Lazizbek xushmuomila, bemor qalbiga mehr bilan yo‘l topa oladigan shifokor. Insonning ertangi kunga ishonchini oshirib, xasta kishining oyoqqa turib ketishiga umid bag‘ishlaydi. Shifokor nafaqat o‘z sohasining bilimdoni, balki inson ruhiyatini chuqur tushunadigan, bemorning ko‘ngliga yaqin dardkash va mehribon bo‘lsagina u odamlar qalbidan joy oladi. Shunday mutaxassislarga bemorlar o‘z hayotlarini ishonib topshiradilar – deydi shifokor qabulidagi fuqaro Manzura Akramova.
Jamoa yetakchisi o‘z insoniy fazilatlari bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, Buxoro Markaziy shifoxonasida tajribali, oliy toifali jarroh Zoir Bafoyev, oliy toifali shifokorlar Zamira Ibragimova, Shahnoza Nasullayeva kabi malakali mutaxassislar jonfidolik bilan bemorlar boshida parvona bo‘lishmoqda. Ular inson salomatligini asrashda jonbozlik ko‘rsatib, elning duosini olishmoqda. Zero, “Yomg‘ir bilan yer ko‘karadi, duo bilan el ko‘karar” degan maqol bejizga aytilmagan.
Hakim YULDASHEV,
Buxoro viloyati