BOBO VA NABIRALAR SOG‘LOM TURMUSH TARZINI TANLAYDI
Umrining saksoninchi yozini qarshilagan Telman bobo Pirnazarov ham bugun hayot yo‘llariga nazar tashlar ekan ich-ichidan mamnunlik hissini tuyadi. O‘ziga talabchan bobo har qancha quvonsa arziydi. Poytaxtimizning Olmazor tumanida istiqomat qilayotgan bu oilaga barchaning birdek havasi keladi. Boisi Telman bobo umrining qariyb ellik yilini tibbiyot sohasiga bag‘ishladi. Shuningdek, T. Pirnazarov ham yoshligida sportning boks turi bilan shug‘ullangan.
Shu yillar mobaynida bobo yuzlab shogirdlar tayyorladi. Sohaga oid ko‘plab kitoblar nashr ettirdi. Uch nafar o‘g‘li va qizini o‘qitib oliy ma’lumotli qildi. Ikki nafar farzandi ota izidan borib shifokorlik kasbini tanladi. Ota ham, tibbiyot sohasida uning izidan borayotgan o‘g‘illari ham tibbiyot fanlari nomzodlaridir. Telman ota nafaqat o‘z farzandlarini, balki ko‘plab qarindosh-urug‘larining ham o‘g‘il-qizlarini oliy ma’lumotga ega bo‘lishida sidqidildan yordamini ayamadi. Ularning minnatdor nigohlarini ko‘rganda bu hayotda behuda yashamayotganiga yana bir bor amin bo‘ladi.
Zarrin sepini yoyib otayotgan tong yanada nurafshon, yanada farahbaxsh. Sababi kechagina sportning boks turi bilan jiddiy shug‘ullanib, ko‘plab natijalarni qo‘lga kiritgan Telman boboning o‘g‘li Jahongir, Doniyor, Bahodir Pirnazarovlar sambo bo‘yicha o‘z vaznlarida nafaqat O‘zbekiston chempioni, balki Yevropa hamda jahon chempionatida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan. Bugun esa nabiralari Jamshid, Shohruh, Murodjon va Lazizjonlar O‘zbekiston chempionlaridir. Birgina bu emas, sportsevar nabirasi Shohnazar Pirnazarov o‘z vazni toifasida O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. U joriy yilning aprel oyida Germaniyada o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qatnashib oltin medalga sazovor bo‘ldi. Olmazor tumanidagi 249-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Shohnazar otasi Bahodir aka hamda qalbi mehru saxovatga boy Telman bobosining ham sportdagi natijalarini yanada mustahkamlashga intilmoqda.
Shohnazar I toifali sport ustasi. U 8-sinf o‘quvchisi bo‘lishiga qaramay sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib ko‘plab oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan. Nabirasini bag‘riga bosayotib uning muvaffaqiyatidan quvonib ketgan Telman bobo bir zum tin olganicha, yelkasini qoqarkan, beixtiyor “Barakalla, barakalla”, – deb qo‘yadi. Axir Shohnazarning erishgan yutug‘i arzirli g‘alaba, yurtimiz bayrog‘i yana bir bor jahon arenasida baland hilpirashining o‘zi bir baxt edi-da.
– Shunday dorulomon kunlarga yetkazganiga shukur. Bugun atrofimda farzandlarim, nabiralarim, oqibatli qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar hoziru nozir. Ularning diltortar suhbatlaridan bahramand bo‘lib, mehridan kuch-quvvatga to‘laman. Har bir insonga ana shunday farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rish, ularning e’zozida bo‘lish nasib etsin degim keladi, – deydi Telman bobo.
Ha, shu yurtning farzandiman deya qalbidagi g‘urur nashidasidan shodumon bo‘lgan keksa-yu yosh hamisha shu elga munosib bo‘lishga intiladi. Telman bobo Pirnazarov esa farzandlari, nabiralari qolaversa mahalladoshlariga, kasbdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelgan qalbi pok yurtdoshlarimizdan biridir.
Izzat AHMEDOV,
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi