M U Sh T I P A R
(hikoya)
Qish faslining qahraton kunlari. Atrof oppoq qorga burkangan. Quyosh bugungi kun hisobidan o‘zining so‘nggi nurlarini zaminga sochgancha sovuqdan qunishib yotog‘iga oshiqmoqda. Atrof sham nuri bilan yoritilgandek g‘ira-shira…
O‘shanda Gulmira besh yoshda edi. Qizini bog‘chadan olib kelayotgan Nigora opaning labida tabassum. Biyron so‘zlab kelayotgan Gulmiraning savollari qulog‘iga chalinadi-yu, ilg‘ab-ilg‘amay bosh irg‘ab qizalog‘iga javob beradi, ammo xayoli olam-olam orzular bilan band. Bu orzular ro‘yobida oilasining ertasi, qizalog‘ining kelajagi ko‘rinadi.
Ammo taqdir uning orzularini bir lahzada qo‘ldan bexos tushib ketgan ko‘zgudek chilparchin qildi. Ko‘cha muyulishida turmush o‘rtog‘i Bahodir akani o‘zga ayol bilan ko‘rdi-yu, nima qilarini bilmay, turgan joyida toshdek qotib qoldi. Bahodir aka esa ayoli va farzandini sezmadi chog‘i, ularga qayrilib ham qaramadi. O‘shanda Nigoraning xayolidan nimalar kechmadi, deysiz. Nigora opa avvaliga, erim meni ko‘rmadi, shuning uchun indamasdan o‘tib ketdi, aks holda meni bu darajada oyoqosti qilmasdi, deb o‘zini ovuta boshladi. U ko‘zlari yoshga to‘lgancha uyga qanday yetib kelganini ham bilmay qoldi. Mushtipar ayol turmush o‘rtog‘ining uyga kelishini kutar, erining ko‘chadagi suhbatdoshi kim ekanligini bilishni juda-juda xohlardi. Uyquga ketgan qizini yotog‘iga o‘tkazdi-da, istar-istamay dasturxonga o‘tirdi. Bexosdan jiringlagan telefon qo‘ng‘irog‘idan cho‘chib ketdi. Sim qoqqan onasi Halima xola ekanini bilgach, ovozi titrab ketdi.
Ha, ming qilsa ham ona-da, farzandining iztirobini sezgandek, savol tashladi. Nigora opa “tinchlik” dedi-yu, ko‘zlari yoshga to‘ldi. Ona-bolaning suhbati uzoq davom etmadi…
O‘sha kuni Bahodir aka uyga kelmadi. Ertasiga go‘yo hech narsa bo‘lmagandek ostona hatlab kirdi. Nigora opaning bergan savollari ham javobsiz qoldi.
Umr yo‘ldoshining bu darajada o‘zgarib qolganini tushunmagan Nigora opa yana aybni o‘zidan qidira boshladi. “Balki unga yetarlicha e’tibor bera olmayotgandirman” deya o‘yladi va turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini olishga harakat qildi.
Ammo, shundan keyin ham hech narsa o‘zgarmadi. Aksincha Bahodir aka kundan kunga qo‘rslashib, qo‘pollashib boraverdi. Biroq, ayol shunda ham tobora nurab borayotgan oilasidan umidini uzmay, barchasi iziga tushib ketishiga ishonardi. Ammo hammasi Nigora opa o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. Uydagi har kungi janjal, vaj-karson uning ota xonadoniga qaytib borishiga sabab bo‘ldi. Lekin ko‘nglida oilasining tiklanishiga umid bor edi. Go‘yo, turmush o‘rtog‘i keladi-yu ko‘zmunchoqday qizi va uni uyiga olib ketadi…
Oradan yillar o‘tdi. Halima xola ham xastalikka chalinib, dunyoni tark etdi. Hozirda Gulmira ulg‘aydi. Onasining eng yaqin sirdoshi va ko‘makchisiga aylangan.
Nigora opaning asli kasbi jarroh bo‘lganligi bois qizi Gulmira ham onasiga havas qilib shifokorlik kasbini tanladi. O‘qidi, izlandi, o‘rgandi… O‘z ustida tinmay ishladi… Tibbiyot oliygohida tahsil oldi. U ham mahoratli jarrohlar qatorida o‘z tajribasini oshirdi…
…Erta tong Nigora opa ishxonaga otlanar ekan, ko‘ngli bezovtalandi. Gulmira bilan bino yo‘lagidan hatlab xonasiga kirarkan, hamshiralar ularni bo‘lim boshlig‘i Elmurod Haydarovich zudlik bilan chaqirtirganini aytishdi.
Suhbat chog‘ida bo‘lim mudiri shifoxonaga og‘ir ahvoldagi bemor olib kelinganini, zudlik bilan jarrohlik-operatsiyasi o‘tkazilmasa, uning hayoti xavf ostida qolishini shoshib tushuntirdi.
…Oq xalat va qo‘lqopni kiyishga uringan Gulmira undan avval operatsiya xonasiga kirib ketgan onasining ko‘zida yosh qalqiganini ko‘rib, ajablandi.
Nigora opa qiziga o‘zida kechayotgan tuyg‘ularni sezdirmaslik uchun darhol ishga kirishdi. Operatsiya uzoq davom etdi…
Operatsiya xonasidan chiqqan Nigora opa Elmurod Haydarovichdan so‘radi:
– Bu bemorga nima bo‘lgan ekan? Nega qonga belanib yotibdi?
– U mast holda avtomashina boshqargan. “Sayoq yurgan tayoq yeydi”… Oqibati ayon…, – dedi Elmurod aka javobni qisqa qilib.
Bu suhbat Gulmiraning ham qulog‘iga chalindi. So‘ngra sekin odimlab onasining yoniga bordi:
– Oyi taniysizmi?
– Kimni, – dedi Nigora opa ko‘zlarini olib qochib.
– Kimni bo‘lardi, operatsiya qilgan bemorimizni-da…
Ko‘zlaridagi yoshlarni yashira olmagan Nigora opa qizining boshini ko‘ksiga qo‘yib, yig‘lab yubordi:
– Qizim, seni hech kimdan kam bo‘lmasligingni, yaxshi ta’lim olishingni xohladim. Ham ota, ham ona bo‘lib seni voyaga yetkazdim. Eslaysanmi? Ustozing hamma otasi haqida insho yozib kelsin deganida, meni mahkam quchoqlab, otam haqida ayting, deb xarxasha qilganding. O‘shandan keyin mendan otang haqida bir og‘iz ham so‘ramaganding.
Ko‘z yoshlarini to‘xtatolmagan Gulmira:
– Oyi, nimalar deyapsiz, men sizdan otam haqida emas…, — Gulmiraning oxirgi so‘zi bo‘g‘zida qoldi. So‘ng bir zumda otilib chiqdi, – Yolg‘on!!! Siz, siz-z, aytmoqchisizki, u mening otam… Ishonmayman, nahotki bizni tashlab ketgan odamning jonini saqlab qoldik.
Uning ko‘zlari tubida sog‘inch, armon, alamzadalik ila mung cho‘kib qolgan edi. Nigora opa esa qizidagi bu holatni ko‘rib, uni mahkam quchoqlab oldi. Uni qo‘yib yubormaslikka harakat qilar edi. O‘ziga birozdan so‘ng kelib qolgan Gulmira:
– Oyi, men o‘sha insonni ko‘rmoqchiman… Unga bir savolim bor, — deya onasining yelkasidan boshini ko‘tardi.
Nigora opa ilojsiz bosh irg‘adi:
– Mayli, qizalog‘im…
Nigora opa garchi operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa-da, sobiq turmush o‘rtog‘i ikki dunyo oralig‘ida turganini sezib ham rozilik bildirdi.
– Siz bilan boraman! – Nigohlarini onasiga qadadi Gulmira.
…Ikkalasi jonlantirish bo‘limiga kirishdi. Hushsizlantiruvchi dori ta’siridan o‘ziga kelgan Bahodir aka ingrab ko‘z ochdi-yu, Nigora opani ko‘rdi. Kutilmagandagi uchrashuv uning tanasidan bir nafasga og‘riqni quvib chiqardi. Birdan hushyor tortdi:
– Nigor, Nigor bu sen… Sen?!
Bahodir akaning tiliga boshqa so‘z kelmadi. Yo kelsa ham, qarshisida turgan ayolga bir so‘z aytishga o‘zini ojiz his qildi. Oraga yoqimsiz sukunat cho‘kdi. Bu paytda deraza oynasidan ko‘chaga boqib turgan Gulmira yig‘lab yubordi. Bu yig‘i alamdanmi, onasini zor qaqshatib ketgan odamga nafratdanmi, to‘shakda yuzini eslolmayotgan otasining ojiz yotganidanmi, o‘zi ham his qilmadi, ammo yig‘lab yubordi.
Bahodir aka og‘ir tanasini ko‘targan bo‘lib, atrofga olazarak boqdi:
– Nigor, kim u? – so‘radi ovozi titrab.
Nigora opa bir savol nazari bilan qarab turgan Bahodir akaga ko‘z tashlasa, bir deraza oldida o‘ksib yig‘lab turgan qiziga yuzlanadi:
Nigora opa javob berishga og‘iz chog‘laganda, Gulmira onasining og‘zidan so‘zni yulqib oldi.
– Men Gulmiraman, lekin sizning qizingiz emasman, — Shu so‘zni aytdi-yu u xonadan otilib chiqib ketdi.
Bu so‘zlar va Gulmiraning zarb bilan urilgan qadam tovushlari Bahodir akaning yuragiga xanjarday sanchildi. U harchand urinsa-da, boshini yostiqdan ko‘tarolmadi. Lablari titrab, mungli boqib turgan Nigora opaga bir so‘z aytishga urindi-yu, majoli yetmadi. Butun tanasini og‘ir yuk bosdi…
Gulmira biroz tin olib bino yo‘lagiga qaytib kirganda, jonlantirish xonasidan onasining faryodi eshitildi. Bo‘lim tibbiyot xodimlari bino yo‘lagiga otilib chiqishdi.
Gulmira otasi yotgan xona tomon qanday yugurib kelganini o‘zi ham bilmay qoldi. Onasi otasining ko‘ksiga boshini qo‘yib o‘ksib-o‘ksib yig‘lar edi. U umr yo‘ldoshining vafotiga kuyib yig‘layaptimi yoki xazon bo‘lgan muhabbati, uvol bo‘lgan yoshligiga aza tutayaptimi..? Buni uning faqat o‘zi biladi, xolos. Gulmira esa topganida yo‘qotgan otasining mehriga yana to‘ymay qolganidan armonda edi…
Lutfiya ABDULATIF qizi