YURTGA MADADKOR YOSH TADBIRKORLAR
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Buxoro viloyati kengashi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va tijorat banklari hamkorligida tashkil etilgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovi fikrimizning yaqqol dalilidir. Mazkur tanlovning viloyat bosqichida 130 nafar yigit-qiz ishtirok etdi.
Tanlov doirasida qatnashchilar uchun uch kunlik o‘quv-seminar tashkil etilib, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida mashg‘ulotlar, tajribali tadbirkorlar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Yoshlarning ishbilarmonlik sohasi bo‘yicha bilimi hamda o‘z biznes rejasini taqdim qilishdagi mahorati baholandi. Bunda taklif etilgan biznes rejaning iqtisodiy ko‘rsatkichi, loyihaning samaradorligi hamda uning kredit maqsadlariga nechog‘li muvofiqligiga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘n nafar ishtirokchi tanlovning respublika bosqichiga yo‘lllanma oldi.
– Bugungi kunda yupqa metall-tunukadan yasaladigan to‘r-simlarga ehtiyoj ortib borayotir, – deydi g‘oliblardan biri Mirjon Karimov. – Men viloyatga asosan boshqa hududlardan keltirilayotgan bu mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Ayni paytda besh ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan mazkur loyiham “Ipoteka bank”ning viloyat filiali tomonidan 54 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit bilan qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi. Biz, yoshlar uchun bunday imkoniyatlar yaratib berayotgan hukumatimizdan minnatdormiz. Bunday sharoitlar va bildirilgan ishonch biz yoshlarni yangi g‘oya va muvaffaqiyatlar sari yetaklashi shubhasiz.
Namoz RASULOV,
Buxoro viloyati