BOLALARDAGI QIZG‘ANISH HISSI

buning boisi nimada?

Bolalar orasidagi bir-birini qizg‘anishlar ko‘pchilik oilalar uchun muammoli vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan bunday holatlar har bir davrda mavjud bo‘lgan, u bizga bir qancha ertaklar orqali ham yetib kelgan. Bolalar o‘z ukasidan yoki singlisidan ota-onasini qizg‘anishi natijasida, hatto teri qurishi, immunitetning pasayib ketishi natijasida, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning asoratli kechishi), qayt qilish kabi holatlar ham ro‘y berishi mumkin ekan. Bu xususda psixologlarning fikri qanday? Savollarimizga psixolog Sevara Matqurbonova javob beradi.

Bolalarning ota-onasini qizg‘ana boshlashiga asosiy sabab ota-ona o‘z mehrini boshqa birovga yoki oilaga tashrif buyurgan yangi mehmonga ko‘rsatishi bilan to‘ng‘ich farzandlarning fe’l-atvorida salbiy o‘zgarishlar yuzaga kela boshlaydi. Chunki, shu paytgacha bor diqqat e’tibor unga qaratilgan, uning xohish istaklari doimo inobatga olingan edi. Endi esa oilada uning “raqibi” paydo bo‘ldi. Ota-onasi ko‘proq unga e’tibor qarata boshladi, bu vaziyatni ko‘rgan bolada uka yoki singlisiga nisbatan qizg‘anish hissi uyg‘onadi. Ushbu muammo ayniqsa, bolalardan birining kasal bo‘lib qolishi, unga ota-onaning diqqati ko‘p qaratilishi natijasida kuchaya boradi.

Qizg‘anish sababli bolaning xulq-atvorida keskin o‘zgarishlar yuz beradi. Gapga ko‘nadigan, muloyim bolakay endi injiqlik qila boshlaydi. Shunday hollar bo‘ladiki, yaqinlari tugul, uning o‘zi ham nima xohlayotganini bilmaydi. U uchun eng asosiysi ota-onasi, yaqinlari e’tiborini shu yo‘l bilan o‘ziga qaratish. Shuni unutmaslik kerakki, bolalardagi surunkali kasalliklarning paydo bo‘lishiga qizg‘anishlar sabab bo‘lishini psixologlar isbotlashgan. Yana shunday vaziyatlar bo‘ladiki, ona tug‘ruqdan so‘ng o‘zini yomon his qilsa yoki depressiya (tushkunlik) holatida bo‘lsa, to‘ng‘ich farzand qiyin holatdagi qizg‘anish tuyg‘usini boshdan o‘tkazadi. Unga ko‘ra onasining bu holati chaqaloq bilan bog‘liq. Demak, onasining tashvishiga shu go‘dak sababchiligi xususida to‘ng‘ich farzandda salbiy taassurot yuzaga kelishi mumkin.

Tug‘ruqlar oralig‘idagi yaqin farq ham bolalarda rashk hissini uyg‘otadi. Psixologlarning kuzatishlaricha, bolalar o‘rtasidagi salbiy kelishmovchiliklarga ular orasida 5 yosh farq bo‘lganda, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kenjatoy to‘ng‘ich farzandga havas qiladi, sababi to‘ng‘ich farzand biroz kech uxlashi, kechki filmlarni tomosha qilishi, ko‘chada ko‘proq o‘ynab kelishi mumkin. To‘ng‘ich farzandga esa kenjatoy kichkina bo‘lganligi sababli onasi unga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilayotgandek tuyuladi. Shu bilan birgalikda kichik farzandning uyda hech qanday majburiyatga ega emasligi uni havasini keltiradi. Oilada shunday ichki tartib-intizom yaratilishi kerakki, unda oiladagi har bir bolaning imtiyozlari bilan birgalikda majburiyatlari ham mavjud bo‘lsin. Shunda kenja farzand vaqt o‘tishi bilan akasi kabi imkoniyatlarga ega bo‘lishi barobarida qilinishi kerak bo‘lgan majburiyatlar ham borligini tushuna boradi. Eng muhimi farzandlar qilingan har bir salbiy xatti-harakati uchun javob berishga majbur ekanliklarini tushunib yetishadi. Yana shunday oilalar borki, ota-onalarning bolalarga nisbatan yomon munosabati, zarda, nohaqlik, ta’qiqlar natijasida qizg‘anish yuzaga keladi.

Yana o‘qing:  Sport xabarlari (2015-29)

Buni oldini olish chorasi bor. Bolani oilada yana bir shirintoy tug‘ilishiga tayyorlab borish zarur. Unga kichkintoyga bo‘lgan munosabat nafaqat o‘ziga, balki butun oilaga salbiy ta’sir qilishini bolaga tushunarli tilda ta’kidlab borish maqsadga muvofiq. Asosiysi bolaga e’tiborli bo‘lish darkor, uning uka yoki singlisiga bo‘lgan qizg‘anishiga, oiladagi kattalarning uzoq vaqt e’tiborsiz bo‘lishlari sababli salbiy natijalarga olib kelishi mumkinligini unutmang. To‘ng‘ich farzand chaqaloq bilan gaplashib, u bilan o‘ynab bo‘lmasligini tushungach undan hafsalasi pir bo‘ladi. Shunday vaziyatda ota-onalar farzandiga chaqaloqqa kattalarning g‘amxo‘rligi va yordami zarur ekanligi tushuntirishi kerak. Iloji boricha yangi mehmon tug‘ilgandan so‘ng to‘ng‘ich farzandga bo‘lgan e’tiborni kamaytirmang. Agar imkoningiz bo‘lsa, to‘ng‘ich farzandingizni buvisi, xolasi yoki qo‘shnining uyiga jo‘natmang. Bolakay buni ota-onamga keraksizligim sababli meni boshqa bolaga almashishdi, deb tushunadi. Oiladagi barcha o‘zgarishlarni sekin-astalik bilan amalga oshiring.

Ota-onalar bolalar bilan sayrga chiqishlari, qiziqarli o‘yinlar o‘ynashlari yoki ularga sevimli kitoblarni o‘qib berishlari bolalar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilovchi eng yaxshi usul bo‘lib hisoblanadi. Qizg‘anishga qarshi eng asosiy vosita bu – ota-onaning bolalarga bo‘lgan kaynoq mehri. Agar farzandlar ota-onalari ularni o‘ziga xos tarzda sevishlarini his qilishsa bir-birlaridan qizg‘anish uchun hech qanday vaj topa olmaydilar.

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: