PROFILAKTIK KO‘RIK – me’da saratonining oldini olishda muhim omil

Me’da saratoni xastaligiga erta tashxis qo‘yish va uni to‘g‘ri davolash muammosi nafaqat bizning yurtimizda, balki butun jahon onkolog olimlarining diqqat-e’tiborida turibdi. Saraton kasalligi haqida gap ketganda insonlar ongida vahima paydo bo‘lib, hattoki, bu tashxis o‘limga hukm deb tushuniladi. Odatda onkologik kasallik bilan og‘rigan bemorlar dastavval onkologga emas, balki boshqa soha shifokorlariga murojaat etadilar.

Xavfli o‘smalarning ilk belgilarini bilish, ularni erta bosqichlarida aniqlash va albatta bemorlarni tezda ixtisoslashgan onkologik muassasalardagi malakali onkolog shifokorlarga yuborilishi kasallikning samarali davolashning asosiy mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Chunki, xastalik ilk bosqichlarida onkolog mutaxassis tomonidan malakali davolansa, albatta, bemor ushbu kasallikdan to‘la forig‘ bo‘lishi mumkin. Afsuski, ba’zi bemorlarga me’da saratoni tashxisi qo‘yilganda onkologik muassasalarda davolanmasdan ayrim soxta tabiblarda noto‘g‘ri davolanishadi. Bemor ularning “kasalingizni davolayman” degan soxta so‘zlariga ishonib o‘z hayotini halokat yoqasiga olib borib qo‘yadi. Bunday so‘zlarga ishonish esa albatta, har bir insonning tibbiy ma’daniyatining qay darajada shakllanganligiga bog‘liq.

Yurtimizda onkologik xastaliklar bilan og‘rigan bemorlar uchun xorijdan keltirilgan asbob-uskunalar va malakali shifokorlarga ega bo‘lgan barcha davo muolajalarini mufaqqiyatli amalga oshiradigan onkologik muassasalar faoliyat olib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ammo, xastalikning birinchi va ikkinchi bosqichlarida bemorlar davolanishga juda kam murojaat etishadi. Kasallikning kech bosqichlarida esa maqsadga yo‘naltirilgan va samarali davolash imkoniyati keskin chegaralanib qoladi.

Xastalikni keltirib chiqaruvchi omillar

Respublika Onkologiya ilmiy markazining ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatimizda me’da saratoni bilan kasallanish darajasi har 100 ming nafar fuqarodan 6 kishiga to‘g‘ri keladi. Me’da saratoni barcha onkologik kasalliklar ichida ikkinchi o‘rinni egallab, bemorlarning 60, 5 foizi III bosqichda va 29, 6 foizi IV bosqichda davolanishga murojaat etishgan. Faqat 10 foizga yaqin bemorlarda kasallik I va II bosqichda aniqlangan. So‘nggi vaqtda me’da saratoni kasalligiga inson organizmiga ko‘p omilli va uzoq davom etgan surunkali jarayonning ta’siri natijasi sifatida qaralmoqda.

Bizga ma’lumki, saraton hujayrasi organizmga tashqaridan tushmaydi. Balki kanserogen (saraton chaqiruvchi) omillar ta’sirida normal hujayralardan paydo bo‘lishi aniqlangan. Bu omillarning 80-85 foizi atrof-muhitning inson organizmiga ta’siri natijasida (ekzogen ta’sirot) va faqat 15-20 foizi odamning ichki omillaridan kelib chiqadi (endogen ta’sirot). Saraton kasalligi muammosining murakkabligi uni keltirib chiqaruvchi sabablarning ko‘pligi (polietiologikligi)dadir. Quyidagi omillar me’da saratonini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar hisoblanadi. Ya’ni, irsiy omil (nasliy moyillik), dudlangan, tuzlangan, o‘ta qovurilgan, kuygan non va tagiga olgan eski ovqat, turib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini doimiy ravishda ko‘p iste’mol qilish, noto‘g‘ri ovqatlanish, chekish, spirtli ichimliklarni muntazam iste’mol qilish, saraton oldi kasalliklari bilan surunkali tarzda og‘rib yurish va shu kabi holatlar.

Yana o‘qing:  Insult xastaligi xavfli

Kasallik belgilari

Surunkali gastrit, me’da yarasi kasalligi, me’da poliplari, pernitsioz anemiya (kamqonlik)ni o‘z vaqtida davolatmaslik me’da saratoniga sabab bo‘ladi. Uning erta bosqichlarida alohida klinik belgilar kuzatilmaydi. Balki, uzoq vaqt mobaynida kechayotgan surunkali kasalliklarning yashirin fonida bu dard rivojlanib boradi. Dardning boshlang‘ich davrida bemorlar e’tiborini yaqqol jalb etmaydigan belgilarni uchratish mumkin. Unga quyidagilar kiradi:

– Bemorning oxirgi vaqtlarda o‘zini yomon sezishi, tez charchab qolishi, mehnatga layoqatining pasayishi, kayfiyatsiz yurishi, uning hayotga, ishga qiziqishining yo‘qligi, yotsirashi, sababsiz ishtahaning pasayishi, ba’zida esa bir xil ovqatlarni (masalan, go‘sht, baliq) ko‘ngli tortmasligi, me’dada noqulaylik sezish holati – ovqatlanishdan qoniqmaslik, qorinning to‘lib ketish hissi, epigastral (me’da) sohasida og‘irlik yoki og‘riq paydo bo‘lishi, ba’zan ko‘ngil aynishi, bemorning tez orada sababsiz ozib ketishi, kamqonlik (anemiya) paydo bo‘lishi.

Me’da saratonining rivojlangan klinik manzarasi keyinchalik o‘smaning joylashgan o‘rni va tarqalish darajasiga nisbatan namoyon bo‘ladi. Bu xastalik shu jihatlari bilan xavfliki, xavfli o‘sma rivojlanishi natijasida ovqat hazm bo‘lishining buzilishi, ovqatning ichaklarga o‘tishiga to‘sqinlik qilishi, uning me’da devoridan o‘sib o‘tib, qo‘shni a’zolarga – me’da osti bezi, yo‘g‘on ichakka tarqalishi, agar o‘sma qizilo‘ngachga tarqalsa, ovqat o‘tishining buzilishi, natijada bemorning keskin ozib ketishiga sababchi bo‘ladi. O‘sma ularda qon va limfa tomirlari orqali boshqa a’zolarga (jigar, o‘pka, bosh miya, tuxumdonlar va hakozolarga) metastazlar berishi mumkin.

Tibbiy tekshiruv usullari

Me’da endoskopik tibbiy uskunasi orqali tekshirilganda qizilo‘ngach, me’da, 12 barmoqli ichak holati ko‘riladi. Agar o‘zgarish aniqlansa, shubhali qismlardan morfologik tekshirish uchun biopsiya olinadi. Me’dani kontrastli rentgen orqali tekshirish undagi o‘zgarishlarni aniqlash imkonini beradi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolarini holatini aniqlash maqsadida ultratovush tekshiruvi o‘tkaziladi. Kompyuter tomografiyasi tekshiruvi, laparoskopiya jarayonning qanchalik tarqalganlik darajasini, qo‘shni a’zolarga va yirik qon tomirlarga aloqadorligini, uzoqdagi a’zolarga metastaz berganmi yoki yo‘qligini aniqlash uchun yordamchi usul hisoblanadi.

Me’da saratonini davolashda jarrohlik, kimyoviy va nur bilan davolash usullari qo‘llaniladi. Jarrohlik yo‘li bilan davolashning asosiy maqsadi a’zoning zararlangan qismini ko‘rinarli sog‘lom to‘qima chegarasida katta va kichik charvi va zararlanish ehtimoli bo‘lgan limfa tugunlari bilan birgalikda olib tashlashdan iboratdir.

Yana o‘qing:  Ona suti – mikroelementlar manbai

Ingichka ichakdan hosil qilingan rezurvuar olib tashlangan me’da o‘rnini bosadi. Ovqat yegandan keyin bemorda noxushlik sezgilari yo‘qoladi. Unda to‘yish va qoniqish hissi paydo bo‘ladi. Bu operatsiyaning yana bir afzallik tomoni shundaki, bunday holatda bemorlarga keskin ta’qiqlanuvchi alohida parhezlar tavsiya qilinmaydi. Yana e’tiborli tomoni shuki, rezervuar yasash amaliyoti bajarilgan bemorlarning qisqa vaqt ichida tana vaznining oshishi, gastroektomiyadan keyingi paydo bo‘ladigan asoratlar sonini kamayishi kuzatiladi. Natijada bemorlarning umumiy holati yaxshilanadi va ko‘pchilik bemorlar yana o‘z mehnat faoliyatiga qaytishadi.

Mashhura XUDOYBERDIYEVA,

Respublika Onkologiya ilmiy markazi abdominal jarrohlik bo‘limi shifokori

SHU O‘RINDA

Me’da saratoni o‘sma kasalliklari ichida eng ko‘p uchrovchi xastaliklardan biri hisoblanadi. Dunyo miqyosida yiliga 1 millionga yaqin kishida me’da saratoni kasalligi aniqlanadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: