Qatralar (2015-29)
ORZU
Uning o‘ziga yetib bo‘lsayam oxiriga yetib bo‘lmaydi. Shundoqqina bittasiga yetsangiz, boshqasi paydo bo‘ladi. So‘ng… yana boshqasi… Xullas, oxiri ko‘rinmaydi. U istak bo‘lib, insonni oldinga undab turadi. Unga intilib, unga talpinib, umrning so‘nggi bekatiga yetib kelganini sezmay qoladi kishi.
Qiziq, insonning hayoti tugasa ham istagi – orzusi tugamaydi, hatto vasiyatiga ham singib ketadi u.
VAQT
U Vaqt bilan birga yugurib ketdi: o‘sdi, ulg‘aydi, yoshlikning gashtini surdi. Ammo… Keksalik tomon odimlayotganda chidab turolmadi, Vaqtga qarshi isyon ko‘tardi: sochini rangladi, upa-elik qildi, ajinlar chiziq tortgan yuzini taranglashtirdi. Xullas, yoshlikni saqlab qolishning nimaiki yo‘li bo‘lsa qilib ko‘rdi. Sochlari qop-qora, yuzlari tarang bo‘ldi-yu, qiyofasidagi samimiyat yo‘qoldi, o‘ziga o‘xshamay qoldi.
Eng yomoni… Nimaiki qilmasin, ko‘zlarining tub-tubidan o‘tayotgan Vaqt jilmayib turaverdi.
KO‘ZGU
U juda chiroyli edi. Husniga mahliyo bo‘lib o‘tirardi. U tomonga o‘tsa ham ko‘zguga qarardi, bu tomonga o‘tsa ham ko‘zguga qarardi. Chiroyi bilan kerilardi.
Ammo… Oylar bir tutam… Yillar bir tutam… Umr bir tutam…
U endi ko‘zguga qaramaydi. Qarashdan qo‘rqadi. G‘ijimlangan suvratidan qochgani qochgan.
Lola O‘ROQOVA