HORDIQ VA RAG‘BAT: bola ishtiyoqini oshiradi

Poytaxtimizning Bo‘stonliq tumani so‘lim Burchmulla qishlog‘ida joylashgan “Happy Summer” (“Baxtli yoz”) bolalar oromgohi yanada ko‘rkam ko‘rinish kasb etgan. Joriy yilda to‘liq ta’mirlangan ushbu maskanda “Mohir qo‘llar”, rasm, musiqa va turli sport to‘garaklari bolajonlar ixtiyorida. Shuningdek, uchta suzish havzasida kim o‘zarga maza qilib cho‘milayotgan bolajonlarni ko‘rib havasingiz keladi.

– Har bir mavsumda 250 nafar o‘quvchi dam olayotgan bizning “Happy Summer” bolalar oromgohida har galgidek bu yil ham yurtimizning turli viloyatlaridan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan bolajonlar hordiq chiqarishmoqda. Ularning sog‘lom holda kuchga to‘lib maktab bag‘riga qaytishlari uchun maskanimizda barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi oromgoh rahbari o‘rinbosari Aziza Mahmudova. – Bir-biridan qiziqarli bellashuvlar, sport musobaqalari, yangi-yangi iqtidor egalarini kashf qilayotgan quvnoq qo‘shiqlaru jozibali raqslar guldastasidan iborat bellashuvlar bolajonlarning har bir kuni sermazmun o‘tishiga zamin hozirlayapti. Darhaqiqat, “Izlagan imkon topadi”, – degan xalq maqoliga amal qilayotgan oromgoh jamoasi bolalarning zavqli hordiq olishlari uchun tinmay mehnat qilishmoqda.

– Joriy yilda ixtisoslashtirilgan oromgohlar yo‘nalishlari ko‘payishi bilan birga ular faoliyati sifatini oshirishga ham katta e’tibor qaratildi, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova. – Xususan, har bir hududda “Intellektual rivojlantirish”, “Harbiy-sport”, “Ijtimoiy moslashuv”, “Ekologik-biologik va o‘lkashunoslik”, “Texnik ijodkorlik”, “Badiiy ijodkorlik”, “Mehnat va dam oldirish” oromgohlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur oromgohlarga bolalar qiziqishlari va dunyoqarashlaridan kelib chiqqan holda jalb etilmoqda.

Kasaba uyushmalari, mahalliy hokimliklar, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazlari hamda korxona, tashkilot va muassasalar, fermer xo‘jaliklari hamkorligida 141 ta “Mehnat va dam olish” oromgohlari tashkil etilgan. Mazkur turdagi oromgohlarga akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining 15-18 yoshdagi o‘quvchilari jalb etilgan. Ayni vaqtgacha 5 ming 240 nafar litsey va kollej o‘quvchilari mazmunli hordiq chiqarishlari bilan birga ijtimoiy foydali mehnat ko‘nikmalarini o‘zlashtirib, tanlagan kasb-hunarlari bo‘yicha amaliyot o‘tashdi. Xususan, Navoiy Kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasi qoshida tashkil etilgan “Mehnat va dam olish” oromgohida o‘quvchilar mehnatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilib, ular mehnatlariga yarasha maosh bilan ta’minlandi. Shuningdek, hordiq davomida o‘quvchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari uyushtirilib, ularni suv havzalarida chiniqtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yana o‘qing:  Shodon BOLALAR

Yurtimizning turli hududlarida tashkil etilgan 21 ta “Ekologik-biologik va o‘lkashunoslik” oromgohlarida 2 ming 473 nafar bola, 19 ta “Texnik ijodkorlik” oromgohlarida dam olayotgan 900 nafarga yaqin, 19 ta “Badiiy ijodkorlik” oromgohlarida 846 nafar bolajonlar mazmunli hordiq chiqarishmoqda.

Olib borilayotgan qiziqarli mashg‘ulotlar o‘quvchilarning nafaqat dunyoqarashini kengaytirish, balki ularning ijodkorlik qobiliyatini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, joriy yilda tashkil etilgan 13 ta “Ijtimoiy moslashuv” oromgohlarida 1 ming 200 nafar bolajonlar sog‘lomlashtirilmoqda. Bu turdagi dam olish maskanlariga “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari, maktab-internatlar o‘quvchilari, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar jalb etilmoqda. “Mehribonlik” uylari va maxsus maktab-internatlar dala hovlilarida tashkil etilgan mazkur oromgohlar bolalarning salomatligini mustahkamlash bilan birga ularda yetakchilik va faollikni, ijtimoiy moslashuv ko‘nikmalarini shakllantirish, qo‘shimcha ta’lim-tarbiya berishga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari ta’lim muassasalari qoshida 8. 00 dan 14. 00 gacha tashkil etilgan kunduzgi oromgohlarda maxsus dasturlar asosida bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilib, turli to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan bir qatorda o‘quvchilarning har tomonlama xavfsizligini ta’minlash masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Xususan, har bir oromgohda ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, energetika, kommunal soha xodimlarining tunu kun navbatchiligi tashkil etilgan.

Bolajonlar salomatligini muntazam nazorat qilib borish maqsadida oromgohlarga 1, 5 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlari, shoshilinch tibbiy yordam mashinalari biriktirilib belgilangan miqdorda dori-darmonlar, maxsus zardob dori vositalari bilan ta’minlangan. Mazkur maskanlarga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati mutassaddi tashkilotlarning mas’ul xodimlari tomonidan qat’iy nazorat ostiga olingan.

Yurtimizda ertamiz egalari bo‘lmish bolajonlarning miriqib hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoitlar bekamu ko‘st muhayyo etilgan.

Jamila HAYDAROVA

SHU O‘RINDA

Joriy yilda 1 ming 149 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Ayni kunda 1 ming 167 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyib 100 taga ko‘paygan. Mazkur oromgohlarga qamrab olingan bolalar soni esa o‘tgan yilga nisbatan qariyib 10 ming nafarga ortib, 287 ming 171 nafarni tashkil etadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: