BUXORO bolalarga quvonch bag’ishladi

Yo'l nafaqat manzillarni, balki tarix va bugunni ham uchrashtiradi. Hayot katta saboqxona. Tarix – buyuk muallim. U qanchadan-qancha o'zgarishlarni, tanazzulu taraqqiyotni ko'rmagan, deysiz. Azim Toshkentdan qadimiy va navqiron Buxoro shahriga uyushtirgan safarimiz davomida shularni o'ylarkanman, vujudim entikib ketdi. Poyezdda borarkanmiz hamroh bolalarning shovqin-suronidan qochgan bolakay yonimga keldi:

– Aka, Buxoroga borganmisiz?

– Ha, borganman.

– Birinchi marta uzoq safarga chiqayapman. Katta oyim aytdilar: «Buxoroda baland minora bor ekan!».

– Minorai Kalon. Ha, juda baland. Nega so'rayapsan?..

…Bu bola yo'l bo'yi faqat Buxoro haqida eshitgan, o'qiganlarini so'zlab bordi. Fikri xayolini hech narsa bilan chalg'itolmayapti. U borganida baland Minorai Kalonning tepasiga chiqib, qadimiy shaharni tomosha qilishga oshiqmoqda.

– Manzilga tezroq yeta qolsaydik…

Buyuk Ipak yo'lining chorrahasi – Buxoro shahri olimlarining chuqur ilmiy-falsafiy kitoblari, oltin qo'lli hunarmandlari tayyorlagan serjilo buyumlar jahonning ko'plab mamlakatlariga yetkazilgan. Bugungi kunda dunyoning Rim, Parij, Vashington, Berlin, Sankt-Peterburg, Moskva kabi yirik shaharlari muzeylari ekspozitsiyasini Buxoro kol­leksiyalari bezab turibdi. Bunday shaharga sayohat qilmay bo'ladimi?! Bu sayohat murg'ak qalb bolakaylar uchun ulkan orzu.

Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni hech kimdan kam bo'lmagan insonlar etib voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini ta'minlash, salomatligini mustahkamlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ehtiyojmand bolalarning bilim olishi, jamiyatga faol integratsiyalashuvi uchun zarur shart-sharoit yaratish doimiy e'tiborda.

«Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi, «O'zbekiston temir yo'llari» davlat aksionerlik kompaniyasi va O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur sayohat ana shu yo'ldagi ezgu maqsadlarning amaliy ifodasidir.

Buxoro shahriga uyushtirilgan sayohatni Farg'ona, Andijon, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hamda poytaxtimizdagi «Mehribonlik uy»lari tarbiyalanuvchilari bir olam taassurot bilan o'tkazishdi.

«Sog'lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi tomonidan bolalarni milliy an'ana va qadriyatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning ma'naviyatini yuksaltirishga oid bir qator loyihalar amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq.

Yozgi ta'til vaqtida ijtimoiy ko'makka muhtoj bolalarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun fan, badiiy ijod, sport-sog'lomlashtirish to'garaklari faoliyati yo'lga qo'yilib, ijodiy festivallar, ko'rgazmalar, ijtimoiy aksiyalar, sport musobaqalari o'tkazilayotir. Bu «Mehribonlik uy»lari tarbiyalanuvchilari hamda kam ta'minlangan oilalar farzandlarini qo'llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyati va intilishlarini ro'yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Яна ўқинг:  “КЕНГУРУ ХАЛТАСИ” – ШИРИНТОЙНИНГ ОРОМ МАСКАНИ

Intiq bo'lib kutilgan manzil

Mustaqillik Buxoro zaminida mavjud qadimiy me'morchilik an'analarini zamonaviy andozalar uyg'unligida yanada rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Buning yaqqol isboti sifatida Yurtboshimizning tashabbusi va tavsiyalari asosida Buxoro shahrida 2010-yilning avgust oyida yaratilgan 107 gektar maydonni egallagan «Buxoro madaniy markazi» majmuini ko'rsatish mumkin. Ushbu majmua bir qator yirik inshootlar – 700 o'rinli viloyat Musiqali drama teatri, 2000 nafar tomoshabinga mo'ljallangan Amfiteatr va «Ko'hna va boqiy Buxoro» monumentini o'z ichiga oladi.

Ushbu zaminning ilmiy-madaniy va tarixiy-falsafiy merosini o'zida aks ettirgan «Ko'hna va boqiy Buxoro» monumenti sayohatimiz debochasi bo'ldi. Unda Buxoro viloyati hududida yashab o'tgan buyuk mutafakkirlar, ko'plab adabiyot va san'at namoyandalarining nomlari zarhal harflar bilan bitilgan. Monument markazida uch avlod — baxtiyor yosh oila — ota-ona va bola, nihol o'tqazayotgan bobo va nabira hamda uy qurayotgan ota va o'g'ilning haykallari aks ettirilgan. Buning asosida hayot abadiy, insonning bu dunyoda ezgu ishlar qilishi lozimligi va ularning mangu qolishi, har bir inson farzandlari kelajagini va el-yurtning ertasini o'ylamog'i darkor degan chuqur falsafa yotadi.

Abduxoliq G'ijduvoniy, Bahouddin Naqshband maqbaralari XX asrning 90-yillari oxiriga kelib xaroba holga tushib qolgan edi. Safarimiz davomida aholining milliy tafakkuri, dunyoqarashi, o'z an'ana va qadriyatlariga munosabati, azaliy urf-odatlarni e'zozlashi yaqqol ko'zga tashlanadi. Allomalar maqbaralari joylashgan obod ziyoratgohlarni ko'rib diling yayraydi.

Sayohat davomida bolalar Buxoroning noyob me'moriy obidalari hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan Buxoro madaniy markazi, «Ko'hna va boqiy Buxoro» monumenti, boshqa qator muhtasham imoratlar, madaniy-ma'rifiy inshootlar, sayilgohlar va bog'larni tomosha qildi. Buyuk mutafakkirlar, adabiyot va san'at namoyandalari yetishib chiqqan shahar to'g'risida ko'plab qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'ldi. Zero, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, yurtga sadoqat tuyg'ularini shakllantirishda tarixni bilish muhim ahamiyatga ega.

Beg'ubor niyat

Bahouddin Naqshband ziyoratgohini aylanarkanmiz bolalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob izlashadi. Har bir imoratning yonidagi daraxt, hovuz, hatto g'ishtlarini ham nozik qo'llari bilan silab ko'rishadi. Go'yoki, bu xatti-harakati bilan u biron bir sirni ochib, olamga jar solgisi, kashfiyot qilgisi keladi.

Яна ўқинг:  Фарзанд истиқболи – бахтнинг тимсоли

Ushbu tarixiy obidada uchta quduq bo'lib, mazkur quduq suvlarini ichgan kishilarning niyati amalga oshishini eshitgan bolakaylar quduq tomon yugurishdi. Bu bolakaylarning bir dunyo orzulari bor.

– Siz ham suv ichdingizmi? – so'radi Zarina.

– Ichdim. Niyat qildingmi?

– Ha. Rostdan orzularim amalga oshadimi?

– Albatta, ushbu ziyoratgohning obihayoti nafaqat chanqog‘ingizni qondiradi, balki ruhiy ozuqa ham beradi. Zero, sen hozirgina ichgan zilol suv muazzam Buxoroning ming yillik ilm-ma'rifatining tiniq ramzidir. Bejiz bu yurtning ulamolari nomini butun dunyo e'zoz bilan tilga olmaydi.

Olam-olam taassurotlar quvonchi

Buxoro shahridagi Ark, masjidi Kalon, Mir Arab madrasasi old maydoni kabi ta'mirdan chiqqan o'rta asrning nodir me'moriy obidalari, «Chashmai Ayub», uning oldida Ismoil Somoniy maqbarasi haqidagi taassurotlar bolalarning yodida bir umr muhrlandi.

– Ushbu sayohat yoshlarimizda milliy o'zlikni anglash, vatanparvarlik fazilatlarini kamol toptirishga xizmat qilayotir, – deydi Andijon viloyatidagi Bolalar shaharchasi tarbiyachisi Durnisa Mo'minova. – Muassasamizda tarbiyalanayotgan o'quv­chilarimizning yuzidagi quvonchni, hayratni ko'rib diling yayraydi.

Yurtimizda obodonlashtirilayotgan ziyoratgohlar, qayta ta'mirlanayotgan obidalar xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma'naviy olamini yuksaltirishga xizmat qiladi. Ajdodlarimiz me'morchilik an'analarini rivojlantirish asosida madaniy merosni asrash amaliyotini tobora takomillashtirayotgan buxorolik me‘morlar, qo'li gul ustalar, ta'mirlovchilar va boshqa mutaxassislar ana shu ezgu maqsad yo'lida sidqidildan mehnat qilib, shu yo'nalishdagi savob ishlarni davom ettiraveradilar.

Kiril esa o'zi aytgan minoraga chiqdi va Buxoroni tepadan tomosha qilishga muyassar bo'ldi. Uning hayratga to'la ko'zlari ko'z oldimdan ketmaydi. Bolajonning kichik niyati ushaldi. Krillning hali bir dunyo orzulari bor. Ular ham, albatta, ushaladi. Zero, bu erkin va obod yurtning bolalari doimo e'tiborda.

Navro'z NORBOBOYEV,

«Sog'lom avlod» muxbiri

Muallif olgan suratlar.

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: