G‘OLIB BILIMDONLAR
Samarqand viloyatining bahovo Samarqand tumanida joylashgan “Alpomish” oromgohi yana bolajonlarning shodon qiyqirig‘iga to‘ldi. Chunki, bu yerda respublika miqyosidagi nufuzli “Yosh avtonazoratchilar” respublika slyoti musobaqalari o‘tkazilmoqda. Har bir o‘quvchi o‘zining chaqqon va ziyrak harakati bilan jamoadoshlariga munosib bo‘lishga intilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, “Mahalla” jamoat fondi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Respublika “Kamolot” YOIH Markaziy kengashi, “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi kabi hamkor tashkilotlar boshchiligida o‘tkazilayotgan mazkur slyotda yurtimizning barcha viloyatlaridan hamda Toshkent shahridan kelgan maktab o‘quvchilari o‘zaro kuch sinashdilar.
Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha test sinovi, yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, velosipedda shaklli uchish, radio to‘lqinli mashinani boshqarish, chorraha maketini yasash kabi sakkizta shart bo‘yicha bellashgan bolajonlar har jihatdan o‘zlarining bilimdonligini namoyish etishdi.
Tanlov shartlariga ko‘ra oliy o‘rinni Samarqand tumanidagi 38-maktab o‘quvchilari qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, I o‘rin Namangan viloyati hamda qashqadaryolik o‘quvchilarga, II o‘rin Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidan kelgan ishtirokchilarga nasib etdi. Xorazm viloyati o‘quvchilari esa III o‘rin sohibi bo‘lishdi. G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Mirzog‘olib ALIMOV,
Toshkent shahar IIBB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linma inspektori