III OSIYo OCHIQ CHEMPIONATI BOSHLANDI
Farg‘onada an’anaviy taekvondo bo‘yicha III Osiyo ochiq chempionati boshlandi. Mazkur nufuzli musobaqada yigirmaga yaqin davlatdan 200 nafardan ziyod sportchi ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonda ko‘plab sport turlari kabi taekvondo ham tobora ommalashmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘plab yoshlar mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. O‘zbek taekvondochilarining xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlari soni va salmog‘i ortib bormoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatida o‘tgan davrda taekvondo bo‘yicha 10 nafar xalqaro turnir g‘olibi, 5 nafar jahon chempioni hamda o‘ndan ortiq Osiyo chempionlari yetishib chiqqani ham bu sport turi jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Farg‘ona shahridagi olimpiya zaxiralari kollejining sport majmuasida boshlangan mazkur nufuzli musobaqada yurtimiz vakillari ham faol ishtirok etmoqda. Baxtiyor Odilov, Iftixor Turdiboyev, Sherzod Razzoqov, Boburjon Sobirjonov, Azamat Nishonov, Galina Xegay, Mushtariy Razzoqova, Maftuna Nuriddinova kabi sportchilarimiz g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.
T. ORTIQOVA