Osoyishtalik og‘ushidagi bolalar
Oybek chizayotgan rasmlariga xuddi rassomlardek goh chap, goh o‘ng tomondan, gohi to‘g‘risidan ko‘zini siqibroq nigohini qadar, har joy-har joyiga mo‘yqalam uchini tekkizib, kamchiligini tuzatardi. U oyoq yalang chopib ketayotgan bolalarning baxtli onlari hamda o‘z yurtining go‘zal tabiat manzaralari tasvirlangan rasmlarni alohida taxlar ekan, birdan yuragi orziqib ketdi. Chunki, uning ijodiy ishlari Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan “Baxtli bolalik rasmlar ko‘rgazmasi tanlovi”ga jo‘natilayotgan edi.
Bir oz vaqt o‘tib e’lon qilingan tanlov natijalariga ko‘ra Oybek Kopeyev tanlov g‘olibiga aylanib Yaponiyaning faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. G‘oliblik nashidasi bolalikning baxtiyor onlariga tuganmas shodlik baxsh etdi.
Ha, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 1-sonli “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari orasida O. Kopeyevga o‘xshagan iqtidorli o‘g‘il-qizlar ko‘plab topiladi. Hozirgi kunda ushbu muassasada 117 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lib, shundan 59 nafarini qizlar, 58 nafarini esa o‘g‘il bolalar tashkil etadi.
Ularning bo‘sh vaqtlari “Ingliz tili”, “Kompyuter savodxonligi”, “Yosh kitobxon”, “Gulchilik”, “Pazandachilik”, “Tikuvchilik”, “Qo‘g‘irchoq teatri” kabi bir-biridan qiziqarli to‘garaklarda mazmunli o‘tayotir.
– Bizning tarbiya maskanimizda iqtidorli bolalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, o‘tgan ikki yil biz uchun juda omadli bo‘ldi, desak adashmaymiz. 2013-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Kamalak jilosi” respublika ko‘rik-tanlovida tarbiyalanuvchilarimizdan Azizbek Pirniyazovning turkum rasmlari xay’at a’zolari tomonidan yuqori baholandi va uning “Navro‘z” mavzusidagi rasmi Yaponiyadagi ko‘rgazmada namoyish etish uchun jo‘natildi. O‘zbek milliy an’analari tasvirlangan mazkur rasm barcha dunyo bolalarining chizgan rasmlari bilan birgalikda nufuzli jurnallardan birida chop etilgani jamoamiz a’zolariga olam-olam faxr tuyg‘usini hadya etdi, – deydi “Mehribonlik” uyi direktori Svetlana Son.
Shuningdek, “Tong g‘unchalari” folklor jamoasi ham Turkmaniston shahrida o‘tkazilgan “Avaza – do‘stlik makoni” xalqaro bolalar festivalida o‘z kontsert dasturlari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida tasviriy san’at bo‘yicha o‘tkazilgan IV-V xalqaro bolalar ijodiyoti tanloviga o‘n bir nafar tarbiyalanuvchilarning “Mening Vatanim”, “Mening bolaligim”, “Mening sadoqatli otim” mavzularini aks ettirgan rasmlari jo‘natilgan edi. Ona Vatanga muhabbat, tabiat go‘zalliklaridan hayratlanish, hayvonot olami bilan insonlar orasidagi dustona munosabatlarning bolalar qalbi va ruhiy olamiga monand aks ettirilgan turfa rasmlar tanlov hakamlari va mutaxassislar tomonidan munosib taqdirlandi. Va ularning ijodiy ishlari dunyo bolalari ijodiy ishlari bilan birgalikda “Russkaya galereya – XXI veka” jurnalida chop etildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda sportga, ayniqsa, bolalar sportiga katta e’tibor qaratilayotganini bu dargohda ham kuzatish mumkin. Bu yerda bolalarning sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish yo‘lida turli sport to‘garaklari o‘z faoliyatini yurgizib kelmoqda. Ularning Respublika miqyosida bo‘lib o‘tadigan qator sport musobaqalarida har yili faol qatnashib kelayotgani bunga misol bo‘la oladi.
Joriy yilda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Nafosat olami” shiori ostida “Sog‘lom avlod uchun” fondi kubogi uchun sportning suzish turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazilganida “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilaridan S. Seydanova 1-o‘rin, F. Sharifova 2-o‘rin va D. Quvondiqovalar 3-o‘rinni egalladi. A. Saparov, N. Abushayev, M. Pishenbayev hamda O. Kopeyevlar “Eng go‘zal mahorat sohibi” nominatsiyasi bo‘yicha sovringa ega bo‘lishdi.
Har yili Xo‘jayli tumani “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan sportning “Miltiqdan havoga o‘q otish” turi bo‘yicha musobaqada tarbiyalanuvchilar muntazam ravishda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelishayotgani bu dargohda zukko, epchil, sog‘lom kelajak avlod voyaga yetayotganidan darak beradi.
Joriy yilda “Vatan himoyachilari kuni” hamda “Xotira va qadrlash” kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan sportning tuman musobaqasida qatnashgan tarbiyalanuvchilardan, Doshanova Dinara 2-o‘rinni, “Mehribonlik” uyi jamoasi esa 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lishdi.
Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur muassasada tarbiyalanuvchilar voyaga yetgach mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, o‘z uyi, oilasiga ega bo‘lishlari masalasiga ham katta e’tibor berilayotgani quvonarlidir. 2013-yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 164-sonli qarori asosida, “Mehribonlik” uyida tarbiyalangan chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 26 nafar tarbiyalanuvchi turar joy bilan ta’minlandi.
San’atning insonga ruhiy quvvat berishi haqiqat. Muallimlar bolalarning iqtidoriga qarab maktablarga yo‘naltiradilar. Mazkur muassasa tarbiyalanuvchilaridan R. Karamova, S. Seydanova, N. Ashirbekova, U. Joldasbayeva va K. Hasanbayevlar Xo‘jayli tumanidagi 5-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi teatr bo‘limining 2-sinfida tahsil olishadi. Ular musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika tanlovida o‘z iste’dodlarini namoyish etib O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligining 1-darajali diplomi hamda faxriy yorliqlari bilan mukofotlandilar.
Muassasaning “Tong yulduzchalari” raqs guruhi turli bayram kunlari go‘zal raqslari bilan tomoshabinlarga quvonch ulashadilar. Ular Elikqal’a tumanida o‘tkazilgan qator festivallarda, “Kamalak yulduzlari – 2012” bolalar respublika festivalida g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan. O‘tgan yili Toshkent shahrida “Ko‘hna zamin ohanglari” telefestivalida ham folklor jamoasi bolalar milliy xalq o‘yinlari va kontsert dasturi bilan ishtirok etib, “Yilning eng iqtidorli bolalari” nominatsiyasi bo‘yicha sovrinni qo‘lga kiritdi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining tuman bosqichida N. Urazova, N. Utemuratova va YU. Joldasbayevalar g‘oliblikni qo‘lga kiritib tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma olishdi.
Quyosh tafti atrofni qizdirayotgan bir davrda mazkur dargohdagi barcha sharoitlarga ega zamonaviy suzish havzasi bolajonlarning sevimli maskaniga aylangan. Tajribali pedagoglar nazoratida bolalar suzish bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Ular orasida sinxron suzish mashqlari bilan shug‘ullanganlari ham bor.
Shuningdek, bolalarning barcha sharoitlari mavjud yozgi oromgohlarda dam olishlarini ta’minlash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda Toshkent viloyatining “Konstruktor” oromgohida 30 nafar, Samarqand viloyatining “Zolotinka” oromgohida 30 nafar, Taxiatash shahri “Aydi’n jol” oromgohida 70 nafar tarbiyalanuvchi maroqli dam oladi, o‘z sog‘lig‘ini mustahkamlab, chiniqib qaytishadi.
Biz yuqorida tilga olgan nufuzli tadbirlar, ko‘rik-tanlov hamda sport musobaqalari bolajonlarning har bir kunini mazmunli o‘tishi, ularning jismonan sog‘lom, ma’naviy barkamol farzandlar bo‘lib voyaga yetishlarida munosib ulushi bor. Ona Vatan og‘ushida tinchlik-xotirjamlikda ulg‘ayotgan bu barkamol avlodning kelajakdagi vazifasi el-yurt ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shish hamda ularga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlar ishonchini oqlashdir.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi