OMAD KALITI – BILIM

abituriyentlarni bu yilgi test sinovlarida qanday yangiliklar kutmoqda?

Qalbidagi bir olam oydin orzulari samo qadar yuksaklikka intilayotgan yigit-qizlarning dilidagi hayajon yuzu ko‘zida aks etib turibdi. Axir hayajonlanmay bo‘ladimi? Ayni damda ularni o‘z bag‘riga chorlayotgan oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib talaba bo‘lish oson emas-da?! Qolaversa, ularning zimmasiga ertamizning munosib vorislari bo‘lish, yurt ravnaqi uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shishdek sharafli burch yuklatilgan. Navqiron yoshlarning ana shu yuksak burchni oqlashi uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilgan.

Har yilgidek oliygohlarga bu yil ham minglab yigit-qizlar hujjat topshirmoqda. Bu yilgi test sinovlariga kiritilgan o‘zgarishlar barchani birdek qiziqtiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat Test markazi bosh mutaxassisi Orziqul Boboyev bilan bo‘lgan suhbatimiz aynan ana shu mavzu xususida bo‘ldi.

Orziqul aka, bu yilgi test sinovlaridagi o‘zgarishlar haqida gapirib bersangiz.

– Prezidentimizning 2014 yil 30 apreldagi “Respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 2014/2015 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda matematika fani bo‘yicha test sinovlariga informatika va axborot texnologiyalariga taalluqli savol hamda topshiriqlar kiritilgan edi. Misol uchun matematika bo‘yicha 30 ta, informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha 6 ta savol bo‘lishi belgilangan. Shu bois test sinovlarida matematika fanidan test topshirishi lozim bo‘lgan 168 ta ta’lim yo‘nalishining 108 tasidagi imtihonlarda yuqoridagi tartib bo‘yicha savollar berilishi joriy etilgan.

Prezident Islom Karimovning 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan o‘tgan yildan boshlab 24 ta ta’lim yo‘nalishiga chet tillar bo‘yicha ham test sinovlari qo‘shildi. Buning natijasida mazkur test sinovlari kiritilgan ta’lim yo‘nalishlari soni 59 taga yetdi. Shuningdek, ta’lim yo‘nalishlari tahlil etilib, 43 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan fanlar, jumladan, 22 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislikka oid fanlar qayta ko‘rib chiqildi. “Geofizika”, “Konchilik ishi”, “Neft va gaz konlariga ishlov berish hamda ulardan foydalanish”, sohalar bo‘yicha “Elektrotexnika, elektromexanika va elektr texnologiyalari” va boshqa yo‘nalishlarda fan bloklari o‘zgartirildi.

2014 yildan boshlab fizika fani asosiy mutaxassislik fani bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari, ya’ni 1-blok fani sifatida test sinovlari topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari soni 5 tadan 20 taga, biologiya asosiy fan sifatida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari soni 18 tadan 21 taga ko‘paytirildi.

Yana o‘qing:  IMKONIYATLARDAN MAMNUNMIZ

2015-2016 o‘quv yilida ham test sinovlari jarayonini takomillashtirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 23 iyundagi “2015-2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari tasdiqlandi. Mazkur o‘quv yilida 57 ming 907 nafar talabani oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish belgilangan. Ulardan 19 ming 120 nafar talaba davlat granti, 38 ming 787 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, maxsus sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha Toshkent kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot bo‘limiga 65 nafar talaba davlat granti asosida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga 50 nafar talaba to‘lov shartnoma asosida talabalikka qabul qilinishi belgilangan.

Mazkur qaror asosida yurtimizdagi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va Buxoro muhandislik-texnologiya institutlarida 7 ta yangi yo‘nalish ochildi. Bu haqda to‘liq ma’lumotlarni davlat Test markazining www. dtm. uz saytidan olish mumkin.

Bundan tashqari, davlat Test markazining 2014 yil 6 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qaroriga ko‘ra 2015/2016 yilgi test sinovlarini o‘tkazish tartibi, ya’ni javoblar varaqasi va savollar kitobi bo‘yicha ham quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi.

Birinchidan javoblar varaqasi bo‘yicha avval mavjud bo‘lgan “Oliy ta’lim muassasasi kodi”, “Tanlov kodi” olib tashlanib unda faqat “Maxsus kod” qoldirildi. Endi abituriyentlar kodlarni almashtirib bo‘yash yoki noto‘g‘ri bo‘yash kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yishmaydi hamda javoblar varaqasini to‘ldirish uchun kam vaqt sarflanadi.

Ikkinchidan abituriyentlarning fan bloklarini, savollarni almashtirib bo‘yash kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yishining oldini olish maqsadida savollarga javoblar belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlandi.

Uchinchidan abituriyent haqidagi ma’lumotlarni kiritish va imzo o‘rni javob bo‘yaladigan doirachalar bilan bitta betga hamda barcha ogohlantiruvchi yozuvlar esa ikkinchi betga joylashtirildi.

Savollar kitobi bo‘yicha esa fanlar nomi saqlanib qolgan holda berilgan savollar ketma-ketlikda raqamlandi. Masalan, uchta fan bloki mavjud bo‘lgan savollar kitobida

Yana o‘qing:  OLIS MANZILLARDA: SALOMATLIK VA INSONPARVARLIK KARVONI

birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan savollari 37 dan 72 gacha, uchinchi fan savollari 73 dan 108 gacha raqamlandi. Bu javoblar varaqasi va savollar kitobidagi raqamlar bilan bir xilligini ta’minlaydi hamda abituriyentlarning test materiallari bilan ishlashini osonlashtiradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, abituriyentlar madaniyat, sport va san’at sohalarida ijodiy imtihon topshirishadi. Test sinovi kuni mazkur sohalar ta’lim yo‘nalishlaridagi abituriyentlarga ham 108 ta raqam ko‘rsatilgan javoblar varaqasi beriladi, ammo ular 1 dan 72 gacha sonlarni bo‘yaydi. Shuningdek, ularning savollar kitoblarida 72 ta savol beriladi.

2015 yil oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishdagi imtiyozlar nimalardan iborat?

– Yigit-qizlarni tanlovdan tashqari test imtihonlarisiz imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida” 1993 yil 5 fevraldagi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 2008 yil 13 oktyabrdagi qarori, respublika fan olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomlar asosida amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida” 1999 yil 10 iyundagi farmoni asosida qabul qilish ham shular jumlasidandir.

Bulardan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan har yili o‘tkaziladigan turli respublika tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar ham shunday imtiyozga ega bo‘ladilar.

Davlat Test markazining test sinovlariga tayyorgarligi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Joriy yilda test sinovlarini muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, respublika bo‘yicha apreliyun oylarida Davlat test markazi vakili, auditoriya rahbari va kuzatuvchi sifatida jalb etilishi rejalashtirilgan nomzodlar uchun amaliy seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mazkur seminarlarda 132 ming nafardan ortiq nomzod ishtirok etdi. Mart oyida esa oliy ta’lim muassasalarida test sinovi o‘tkaziladigan binolar (dislokatsiya) o‘rganib chiqildi. Bino va auditoriyalarning test sinovlariga belgilangan tartib asosida to‘la tayyor bo‘lishi borasida davlat Test markazi va oliy ta’lim muassasalari tomonidan zarur ishlar amalga oshirildi.

Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Yana o‘qing:  Bu kasb fidoyilikni talab etadi

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 20 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Abituriyentlar qabul komissiyasiga ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza hamda o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi, 086-U shakldagi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etadi. Shuningdek, pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) ning nusxasi, 3, 5x4, 5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat, mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo‘lim abituriyentlari uchun) topshiriladi.

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika fan olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari tegishli hujjatlarining asl nusxalarini topshiradilar. Abituriyent arizasida “o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman” grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, chin yetim va yetim, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘qligi haqidagi ma’lumotlar) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolar tavsiyanomaning asl nusxasini ham taqdim etadi. Shu bilan birga abituriyent tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi. Mazkur hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Yoshlarga test sinovlariga tayyorgarlik bo‘yicha qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Eng asosiysi test sinovi jarayonida abituriyentga berilgan savollar kitobi va javoblar varaqasi raqamlari mosligini, barcha savollar mavjudligini, nuqsoni yo‘qligini tekshirish hamda abituriyent tomonidan belgilangan joylarga ism-sharifini to‘liq yozib imzo qo‘yilishi shart. Mazkur shartlar bajarilmasa test sinovlari jarayonida biron-bir e’tiroz yuzaga kelganida abituriyentning e’tirozi qabul qilinmaydi.

Shu o‘rinda yigit-qizlarning talaba bo‘lishiga tilakdoshman.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Jamila HAYDAROVA

suhbatlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: