Minnatdorlik maktubi (2015-26)
Mamlakatimizda ona va bola salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ko‘plab samarali ishlar misolida ko‘rish mumkin.
Birinchi farzandimni dunyoga keltirganimdan uch yil o‘tib bir necha marta homilador bo‘ldim, lekin har doim oy-kunimga yetmasdan nobud bo‘laverdi. Va nihoyat Ollohning marhamati bilan 40 yoshimda yana ona bo‘lish baxti nasib etdi. Farzandimni dunyoga keltirish uchun Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘uruqxonaga olib kelishganda ahvolim og‘ir edi. Yo‘qotishlardan ozorlangan qalbim yana bir judolikni ko‘tarolmaydi. “Farzandimni sog‘lom dunyoga keltira olamanmi, o‘zim omon qolamanmi?” degan o‘ylar ahvolimni yanada og‘irlashtirardi.
Qo‘rquvim barham topib, tajribali shifokorlar mening ham, farzandimning ham hayotini saqlab qoldi. Shifoxona hozirgi kun talablariga to‘liq mos kelishi bemorlarning salomatligini tiklashda katta yordam bermoqda. Ayniqsa, tezkor tashxis qo‘yish, ultratovush uskunalari kelajak avlodni sog‘lom dunyoga keltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bir necha yillar orzu qilib kutgan o‘g‘lim hayotini asrab qolishga sababchi bo‘lgan shifokorlar, jumladan Yashnar Mamadaliyeva, Zumrad Abloqulova, Farida Po‘latova, Saida Nig‘matullayeva, Farida Ikromova kabi fidoyi insonlar va shahar 3-sonli tug‘ruqxonasi ma’muriyatiga katta minnatdorlik bildiraman.
B. DUSHANOVA,
Toshkent shahri, Yunusobod tumani