YeNGIL ATLETIKACHILARIMIZ G‘ALABASI
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Turli masofalarga yugurishda Ortiq Ramazonov bittadan oltin va kumush, Xurshid Ahmadaliyev oltin, Nikolay Rozanov va Zikrillo Mamatqulov kumush, Ruslan Nosirov bittadan kumush va bronza, Sevara Kuchmuradova ikkita bronza, Nurxon Muhitdinova va Natalya Asanova bittadan bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Nayza uloqtirishda ayollar o‘rtasidagi bahslarda Anastasiya Svechnikova birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Nozima Muxtorova uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Erkak sportchilar o‘rtasida hamyurtimiz Nuriddin Ro‘zmatov ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Uzunlikka sakrash bahslarida Andrey Reznichenko shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Nikita Loginov ikkinchi o‘rinni egalladi.
Uch hatlab sakrash bahslarida Viktoriya Dirdinaga teng keladigan sportchi topilmadi. Oksana Molchanova va Ivan Denisov kumush, Vasilis Monolis bronza medal bilan taqdirlandi. Sergey Dementyev yadro uloqtirish musobaqalarida tengsiz ekanini isbotladi. Artyom Davletov ikkinchi bo‘ldi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolari estafeta bahslarida marraga birinchi yetib keldi.
T. ORTIQOVA