Hind sori yuzlanib
(Sayohat ocherki)
Hindiston tibeti Himolay tog‘lari etagida joylashgan. Tibetliklarning sir-sinoatli hayoti, o‘ziga xos tabiati, tibbiyoti, turmush tarzi boshqa xalqlarni hamisha o‘ziga maftun etib kelgan. U manzilga safar qilish istagi aslida ukam Sharifboy (rahmatli)ning orzusi edi. Qolaversa, yurtimizning buyuk farzandi, shoh Boburning “O‘z yurtim qo‘yib Hind sori yuzlandim, Yo rab-bu, ne yuz qaroliq bo‘ldi”, degan satrlari qiziqishimni alangalatgan edi.
Panjob viloyatining markazi Amrisar aeroportidan Tibetga olti soatlik yo‘l ekan. Chor atrofning go‘zalligidan bahra olib, o‘ziga-xoslikni kuzatib ketish ham maroqli: yo‘l bo‘yida qad rostlagan ibodatxonalar ham, do‘konlar ham, hatto “g‘iz-g‘iz” o‘tayotgan mashinalar ham turfa ranglar bilan bezatilgan. Bu xalqning yorqin ranglarni xush ko‘rishi yaqqol sezilib turadi. Faqat bir narsa bizning mamlakatga uyg‘unligini sezdim. Yo‘l chetida yastangan daraxtlar bizning an’anaga xos ohaklangan edi. Albatta buning o‘ziga xos jihati bor: ohaklangan daraxtlar ajoyib manzara kasb etish bilan birga ularni qurt-qumursqalardan asraydi. Hindistonda daraxt ohaklashning shakli-shamoili o‘zgacharoq, ya’ni ola-chipor uslubda bo‘yalgan. Ajoyib manzara…
Yo‘llar ravon, mashina qilt etmaydi. Haydovchi yo‘l-yo‘lakay maxsus maskanlarda to‘xtab, yo‘l uchun to‘lov qilib borayotir. Yo‘lning ikki chekkasidagi bug‘doyzoru sholizorlarni, polizlarni kuzatarkanmiz, dalada ishlab yurgan dehqonni uchratmaysiz.
Hosildor tuproqqa qadalgan ekinni tabiatning o‘zi sug‘orib, o‘zi undiradi. Dehqondan esa kam mehnat talab etiladi.
Yo‘llarning ikki chekkasidagi mo‘jazgina ibodatxonalar, shaharlarimizdagi soyabonli bekatlarga o‘xshab ketadi. Faqat ular juda yorqin ranglar bilan bezatilgan. Hatto, sharqirab oqayotgan soylar o‘rtasidagi baland toshlar ustida ham ma’bud haykalchalari o‘rnatilgan.
– Bizning yurtimizda hamma narsa inson uchun, bu diyorda barchasi ma’budlar uchun ekanda, – deydi beixtiyor suhbatdoshlarimdan biri bizga tabassum hadya etib.
Himolay tog‘lariga ko‘tarilgan sari baland-baland archalarning va turli xil gulu giyohlarning xushbo‘y ifori dilni yayratadi. Yaratgan bu yerni juda qadrlab to‘rt faslda yam-yashillikni nasib aylagan, go‘zallik baxshida qilgan ekan. Aeroportda biz Tibetga boramiz deb yo‘nalish oldik, aslida Tibet Xitoy davlatida bo‘lib, bu yerlar Himolay tog‘laridir. Hindiston Tibeti deb atalishiga sabab u yerda Chin mamlakatidan ko‘chib kelgan muhojir tibetliklar ham umrguzaronlik qiladi.
Dalay lama
Lama so‘zi tibetcha bo‘lib “eng ulug‘” ma’nosini anglatadi. Lamaizm Xitoy Tibetida VIII asrda vujudga kelgan. Lamalar buddaviylarning barcha aqidalarini qabul qilganlar. Ayni kunda ularning ko‘pchiligi Xitoyda, Hindistonda va Nepalda yashashadi. Shuningdek, ularning kam sonli aholisi Buryatiya va Yoqutiston respublikalarida ham istiqomat qiladi. Tibetda avval oliy ilmiy daraja olgan va ustoz bo‘lishga haqli rohiblar lamalar deb atalgan. Bugungi kunda esa Tibetda va lamaizm tarqalgan boshqa mamlakatlarda rohiblik ahdini qabul qilgan har qanday shaxs lama deyiladi.
Dalay lama esa mo‘g‘ulcha so‘z bo‘lib “eng ulug‘” ma’nosini anglatadi. Tibetda Dalaylama rohiblar boshlig‘ining unvonidir. U 1391 yili joriy etilgan. Birinchi Dalaylama rivoyatlarga ko‘ra 1351 yili tug‘ilgan. Lamaizm e’tiqodiga ko‘ra Dalay lama tirik mabud deb ulug‘lanadi. U vafot etganda, lamalardan tuzilgan maxsus oliy hay’at yangi tug‘ilgan tibetlik chaqaloqlar orasidan ilohiy mohiyatga ega go‘dakni qidirib topadi. U ibodatxonaga joylashtirilib maxsus tarbiyalanadi. Hozir 14-Dalay lama Tenzin Gyatsodir. U Xitoyning Tibetida 1935 yili tug‘ilgan. 1940 yil Dalay lamani taxtga o‘tqazish marosimi bo‘lgan. U mantiq, tibet san’ati, budda falsafasi, she’riyat, musiqa drama madaniyati, munajjimlik, notiqlik ilmini o‘rgangan. U 24 yoshida ilohiyot doktori darajasini olgan. Tibet milliy uyushmasi 1956 yili favquloddagi sessiyasida diniy va dunyoviy hokimiyatni to‘laligicha egallashni so‘rab, Giyatsoga murojaat qiladi. Shu paytgacha u Xitoy respublikasidagi Tibet avtonom rayoni edi. 1950 yil Xitoy armiyasi Tibetga kirib kelib uni o‘zining tarkibiga rasmiy ravishda qo‘shib olgandi. Xitoy armiyasi bo‘linmalari va Tibetdagi mahalliy aholi o‘rtasida qurolli to‘qnashuv bo‘lganida Giyatso qon to‘kilishining oldini olish uchun yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. U Hindiston rahbari Maxatma Gandidan boshpana so‘raydi. Ularga Himolayning baland tog‘lari orasidan tibetliklar yashayotgan joylardan maskan ajratishadi. Aslida azaldan ham, masalan, Britaniya armiyasi kirib kelganida ham bu yerda tibetliklar yashagan. Dalay-lama 14-Tenzin Gyatso hozir ham shu yerda yashaydi. U quvg‘indagi Tibet hukumatining boshlig‘i hisoblanadi. U o‘nlab kitoblar yozgan. U o‘z kitoblarida Tibet madaniyatini, buddizmni, zo‘rlik ishlatmaslikni, tinchlikni, atrof-muhitni asrab-avaylashni targ‘ib qiladi. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari uchun 1989 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. O‘tgan yili bu yerda tibetliklar uyushmasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan ekan. Zero, tibetliklar uyushmasi ham shu yerda joylashgan.
Dunyo ahli orasida tibetliklar Shambala (o‘zga dunyo va o‘zga o‘lchamga o‘tuvchi darvoza)ni bilishadi degan rivoyatlar yuradi.
Dxaramsala
Dxaramsala – Hindiston Tibetining markazi. Bu yerda tibetlik lamalarning qarorgohi, muzeyi va ibodatxonasi mavjud, Muzey oldida “Ozodlik monumenti” o‘rnatilgan. U juda o‘ziga xos tarzda ishlangan bo‘lib, markazida Dalay lama aks etgan. Atrofida yerdan chiqqan ko‘plab qo‘llar ko‘kka, ozodlikka intilmoqda.
Ibodatxonaning markazida esa bahaybat ma’bud aks ettirilgan bo‘lib, u zarhal ranglar bilan ishlangan. Umuman ibodatxonada turli xil jonivoru parrandalarning timsollari ko‘p bo‘lib, ular ham zarhal ranglarda tovlanib turadi. Eshigi tagida qo‘ng‘iroqchalar qo‘yilgan, kiruvchilar uni chalib, go‘zal ohanglarni taratib o‘tishadi. Bu yerga barcha mazhab, millat vakillari kirib tomosha qilishi mumkin.
Tog‘lar orasidagi bu mo‘jazgina shaharga yetib kelganimizda, quyosh charaqlab turgan edi. O‘sha kuni tibetiklarning bayrami ekan. Ko‘chalar juda gavjum edi. Bu yerda turfa mazhabdagi, turli millat vakillarini uchratish mumkin. Bor-yo‘g‘i kichkinagina uchta ko‘chasi bor, biroq unda o‘nlab mehmonxonalar qurilgan. Bu yerda muqim turuvchilardan ko‘ra sayyohlar ko‘p. Biz tushgan “Sapfir” mehmonxonasi tog‘ bag‘rilab joylashgani bois, binoga beshinchi qavatdan kirilar ekan. Mehmonxonaning ayvoni va derazalari o‘rmon tomonga qarab ochiladi. Tong bilan turfa qushlarning xonishi xushkayfiyat baxsh etadi. Havoning musaffoligidan dil yayraydi. Maymunlar, olmaxonlar daraxtlardan daraxtlarga sakrab tomosha ko‘rsatadi. Go‘yo bulutlarga qo‘l cho‘zsangiz yetadigandek. Tabiatning go‘zalligidan tibetliklarning uzoq umr ko‘rishlarining sababini tushunish qiyin emas. Beixtiyor Sharq allomasi Ibn Sinoning agar havoda chang bo‘lmaganida edi, inson ming yil umr ko‘rardi, degan so‘zlari xayolingizdan kechadi.
Tibetliklarning odatlari, yashash tarzi o‘ziga xos. Ularning ayolu erkaklari bir xil qizil matodan iborat ro‘dapo matoga o‘ranib yurishadi. Erkaku ayolining sochlari tap-taqir olingan. Aytishlaricha, ular uylarining tomini ham qizil shifer bilan yopishar ekan. Uy qurilishiga ham asosan tabiiy mahsulotlar – yog‘och, g‘isht, granit ishlatishar ekan. Hatto, do‘konlarida ham polietilen xaltachalar emas, balki, matodan tikilgan xaltachalar ishlatilardi. Bu yerdagi o‘ziga xoslikni, go‘zal tabiatni ko‘rib dunyo tashvishlarini unutishingiz tabiiy.
Bu yerda ham sigirlar bemalol yuribdi. Birov ularga “po‘sht” demaydi. Bu manzilda tabiat va inson uyg‘unligini ko‘rasiz. Ikki xilqatning o‘zaro mutanosibligi kishini hayratlantiradi. Beozor tabiiy muhit nafaqat hayvonot olamining ko‘payishini ta’min etadi, balki insonning ruhiyatini ham mustahkamlaydi. Ruhiyatiga shikast yetmagan kishining uzoq umr ko‘rishi tabiiy. Holbuki, Sharq allomasi Farobiy ham ruh bilan tan uyg‘unligi, salomatlik, tinchlik garovi ekanligini ta’kidlagan.
Tibet tabobati
Tibetlik lamalar bemorning peshobini, tili va ko‘zlarini kuzatib, tomirini ushlab ko‘rib tashhis qo‘yishayotganining guvohi bo‘ldik. Bizning xalqimizda ham “Rang ko‘r, hol so‘r” degan ibora mavjud. Ibn Sino “Tib qonunilari”asarida xiltlarga alohida e’tibor berganidek, Tibet tibbiyotida ham xiltlarga alohida e’tibor berilar ekan. Tibet tibbiyotida tashhis qo‘yishning asosi yel, safro, balg‘am bo‘lsa, Ibn Sino tibbiyotida bunday xiltlar to‘rtta ekanligi ta’kidlanadi: qon, balg‘am, safro, savdo. Mijozlar haqidagi ta’limot ularda ham bor, bizda ham bor. Ularni qiyoslaymiz, desak uyg‘un jihatlari bisyor.
Ibodatxonalarga kirsangiz allaqanday o‘simlikni tutatib qo‘yishganining guvohi bo‘lasiz. Albatta, bu antiseptik xususiyatga ega bo‘lgan giyoh. Bizda ham isiriq ko‘p dardga malham sifatida ishlatiladi. Shuningdek, uning urug‘i, ildizi ba’zi kasalliklarda malhamligi yoziladi. Eng asosiysi odam qadami yetmagan, inson ovozi bormagan joylardan yig‘ilgan giyohning shifosi kattaligi ta’kidlanadi. Biroq, bugungi kunda odam qadami yetmaydigan joylardan giyohlarni yig‘ish mushkul. Tibetda esa ana shu imkoniyat hozircha mavjud. Shuningdek, u malhamlar tabiiy bo‘lib, kimyoviy qayta ishlanmagan, bugungi zamonaviy tibbiyot esa shunga intilmoqda. Xullas, Tibetda ana shu boshqa joylarda ayni kunda kam kuzatilayotgan tabiat bilan muloqot, yerdan quvvat olish imkoniyati mavjudligi bilan o‘ziga xosdir. Butun jahondan kelayotgan sayyohlarga aynan ana shu osoyishtalik ma’qul kelayotgan bo‘lsa ajab emas!
Biz tabiat bag‘ridan bir olam huzur olib, yana Amrisarga qaytar ekanmiz, o‘zimga yoqqan gullarning urug‘ini olishga intildim.
Boburiylar Hindistonda
Boburiylar saltanati uch yuz yildan ortiq hukmronlik qilgan bu mamlakatni kezib, alloma, shoir, sarkarda Bobur Mirzoning avlodlari bu yerga juda ulug‘vor yangiliklar olib kirganligining, go‘zal qasrlar bunyod etganining guvohi bo‘ldik. Boburiylar qurdirgan qasrlarning ziyoratiga minglab kishilar ko‘rishga mushtoq bo‘lib, chipta olib navbatda turganini kuzatdik. Ulug‘ va ezgu niyatli insonlarning himmati ular boqiylikka ketgandan keyin ham ezgu yo‘lda, el-yurt manfaatiga xizmat qiladi.
(Davomi kelgusi sonda)
Ra’no ZARIPOVA,
Respublikada xizmat ko‘rsatgan jurnalist
Toshkent – Amritsar – Dehli – Toshkent