SO‘Z QADRI VA SO‘ZLAMOQ MAS’ULIYATI HAQIDA
O‘zbekiston Xalq artisti Abdumo‘min O‘tbosarov O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi diktorlar guruhi rahbari, oliy toifali diktor.
Abdumo‘min aka qator spektakl va televizion filmlarda ham turli obrazlarda tomoshabinlar nazariga tushgan. Uning hajviy she’rlari, she’riy uslubdagi latifalari, novellalari jamlangan “Topgan gul…” kitobi chop etilgan.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida elimizning sevimli suxandoni bilan kechgan samimiy suhbatimiz to‘g‘ri tanlangan kasb saodati, ustozlar o‘gitining qahramonimiz ijodi va hayotida tutgan o‘rni, ustozlik baxti, qolaversa, salomatlik hamda farzandlar tarbiyasi borasida bo‘ldi.
– “O‘z ishini topa olgan odam saodatlidir; u boshqa saodatni axtarmay qo‘yaqolsin. Uning qiladigan ishi va yashashdan maqsadi bor”, degan ekan ingliz yozuvchisi Tomas Karleyl. Ushbu hikmatli so‘zlar sizning hayotingizda qanchalik ahamiyatga ega?
– Nazarimda, agar nokamtarlikka yo‘ymasangiz, bu purma’no so‘zlar xuddi men haqimda aytilgandek his qildim. Lekin bolalik orzularimda kelajagimni suxandonlik bilan bog‘lamaganman. Men havaskor ijodkor sifatida avvalo fotografiya, kino sohasi bilan shug‘ullanardim. Harbiy xizmatda yurganimda harbiy gazetada fotomuxbir bo‘lib ishladim. Xizmat muddati tugashiga yarim yil qolganida harbiy kinostudiya ochildi. Men tajribali fotomuxbir sifatida ana shu studiyada kinooperatorlik faoliyatimni boshladim. Jamoa bilan hamkorlikda harbiylar faoliyatini yorituvchi mavzuda oq-qora tasvirda uch-to‘rtta hujjatli film ham yaratdik. Fotomuxbirlik faoliyatimda suratlarga izoh, keyinchalik fotolavhalarga matnlar yozardim. Asta-sekin fotoreportaj, reportaj va maqolalar yoza boshladim. Bu qiziqish meni Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetiga yetakladi. O‘qishga kirish imtihonlari oldidan gazeta sahifalarida chop etilgan foto, fotolavha va turli mavzulardagi maqolalardan 80 tadan ziyod tanlangan ijodiy ishimni kirish imtihonlari bo‘yicha hakamlar hay’atiga topshirganman.
Harbiy xizmatni o‘tayotganimda otam dunyodan o‘tib qoldi. Bu albatta oilamiz uchun katta yo‘qotish edi. Oiladagi to‘rt nafar farzandning ikkinchisi edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak o‘z-o‘zidan oila mas’uliyatini his etganim uchun ham universitetning kechgi bo‘limida o‘qiganman. 1980 yilda kunduzi O‘zteleradiokompaniyaning “Adabiy-dramatik ko‘rsatuvlar tahririyati”da ish faoliyatimni boshlaganman. Diplom ishim ham “Televizion filmlarning televideniyeda tutgan o‘rni” mavzusida edi. U davrlarda ko‘rsatuvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilardi. Shuning uchun mas’uliyat ham nihoyatda katta bo‘lgan.
– Sizni kasbidan kamol topgan insonlar toifasidan deb bilamiz. Suxandonlik faoliyatingiz qachon boshlangan? Ustozlarning qay bir o‘giti siz uchun hayot falsafasiga aylangan?
– Tahririyatimizda “O‘n daqiqa nazm”, “Adabiy kompozitsiya” deb nomlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatilardi. Bir kuni ana shu ko‘rsatuvda g‘azal o‘qishi kerak bo‘lgan ishtirokchi uzrli sabablarga ko‘ra kelmay qoldi. G‘azal o‘qish mas’uliyati menga yuklandi. Shu-shu bunday voqealar tez-tez takrorlanadigan bo‘ldi. O‘sha paytda ustozimiz “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” O‘ktam Jobirov mening g‘azal o‘qishimni kuzatib, diktorlar guruhiga taklif qilgandi. Shunday qilib diktorlik faoliyatimni 1985 yilda “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan ko‘rsatuvdan boshlaganman. Ikki yil diktor-amaliyotchi bo‘lib ishlaganimdan keyin ustozlarimiz “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”lar O‘ktam Jobirov hamda Galina Melnikovalar meni III toifali diktorlik lavozimiga qabul qildilar.
Albatta bugungi kunda men uchun qadrli bo‘lgan kasbimdan kamol topishim, o‘z o‘rnimga ega bo‘lishimda avvalambor “Adabiy-dramatik ko‘rsatuvlar tahririyati”ning zabardast rejissyorlari Meli Mahkamov, Maqsud Yunusov, Haybatulla Aliyev, G‘ayrat Ubaydullayev, Hamid Qahramonovlardan olgan saboqlarimning ahamiyati nihoyatda katta deb bilaman. Ish faoliyatimda menga “Axborot” informatsion ko‘rsatuvi tajriba maydoni bo‘ldi, desam adashmayman. Chunki, har bir ko‘rsatuvning o‘ziga xos talablari bor. Nafaqat suhandon, balki har bir inson qutlug‘ ne’mat – so‘z qadri va so‘zlamoq mas’uliyatini his qilishi lozim. Men turli ko‘rsatuvlar, davlat tadbirlaridan “Navro‘z”, “Mustaqillik” bayramlari, turli kasb bayramlari hattoki, “Oqshom ertaklari”ni ham mas’uliyat bilan olib borishga h arakat qilardim. Keyinchalik mustaqillik yillarida mamlakatimizda sportga, ayniqsa, bolalar sportiga katta ahamiyat berila boshlandi. “Universiada”, “Barkamol avlod”, “Umid nihollari” kabi sport tadbirlari an’anaviy tarzda o‘tkazila boshlandi. Ana shu sport tadbirlarining doimiy boshlovchisi bo‘lganim bois yoshlardagi shijoatni ko‘rib, ularga havas qilaman.
Shu kasbim bois nafaqat respublikamizda, balki chet ellarda o‘tkaziladigan nufuzli tadbirlarni olib borish nasib etdi. Ilk bor “Toshkentning 2200 yilligi”ga bag‘ishlangan tantanali konsert tadbiri Fransiya poytaxti Parijda, YUNYeSKO sahnasida o‘tkazildi. 2012 yilda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida o‘rnatilgan diplomatik aloqalarning 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbir, ikki marotaba Shanxay hamkorlik tashkiloti qatnashchilari uchun o‘tkazilgan konsert dasturlarini olib bordim. Kasbim taqozosi bilan dunyo ko‘rdim, ko‘plab do‘stlar orttirdim. Tajribam oshdi. Bunday davralarda Vatanimiz taraqqiyoti, erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z aytish menga nihoyatda faxr va g‘urur baxsh etadi. Endilikda ustozlar o‘giti va tajribamdan kelib chiqqan holda shu kasbga mehr qo‘ygan yoshlarga zarur maslahatlar berib kelmoqdaman.
– Salomatligingizni mustahkamlash maqsadida sport bilan shug‘ullanasizmi? Bolalar tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, oilaviy muhitning o‘rni borasida sizning fikringiz.
– Sport bilan shug‘ullanaman desam, mubolag‘a bo‘ladi. Lekin ko‘proq piyoda yurishga harakat qilaman. O‘zim uchun jismoniy mashqlarni bajarib turaman. Chunki, o‘zini anglagan har bir kishi salomatligini mustahkamlash maqsadida gimnastika bilan shug‘ullanishi zarur, deb hisoblayman. Ishimiz kech tugaydi. Talabalik davrimda ham o‘qishdan kech qaytardim. Onam (rahmatlik) har doim meni kelishimni poylardi. Harbiy xizmatdaligimda otam dunyodan o‘tgandan keyin onam ko‘proq menga suyanib qolgandi. Onam bilan do‘st edik…
Har bir inson o‘z farzandlarini adolatli, bilimli, olijanob va insonparvar bo‘lishini istaydi. Bolalar aslida taqlidchi bo‘lishadi. Shu bois biz ularga hayotda har tomonlama o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Shuning o‘zi tarbiya. Turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimizda bir-birimizga hurmat, e’tibor bilan qaraymiz. To‘ng‘ich o‘g‘limiz Jamshidjon Toshkent davlat Moliya institutining magistraturasini, Nozimjon esa Toshkent davlat Axborot texnologiyalari universitetini tugatyapti. Biz oilada to‘rt nafar farzand edik. Ota-onamiz bizga qanday tarbiya bergan bo‘lsalar, o‘z navbatida turmush o‘rtog‘im bilan farzandlarimizga ham shunday tarbiya beryapmiz.
Inson manfaatlari oliy qadriyat sanaladigan va uning halol mehnati e’zozlanadigan yurtimizda bu kamtarin, shu bilan birga samimiy so‘z ustasining ko‘p yillik mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. 2002 yilda u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. O‘tgan 2014 yilda esa Abdumo‘min O‘tbosarov “O‘zbekiston Xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu e’tiroflar uning mehnatiga berilgan munosib bahodir. Shuningdek, uning o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati va butun qalbini shu sohaga baxsh etaolganidadir.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA