ShUKRONALIK – BAXTLI TURMUSHDAN DARAK
O‘shanda qish edi. Tuni bilan yoqqan qor hech to‘xtay demas, shamollar shashtiga bo‘ysungancha bo‘ralab yuzu ko‘zimizni ayamay savalardi. Yo‘l muzlagan, avtomobillar ham ehtiyotkorlik bilan harakatlanardi. Men “O‘rikzor” bozori yonidagi bekatda betoqat bo‘lgancha “Chorsu”ga harakatlanuvchi jamoat transportlarini kutish bilan ovoraman. Nariroqda esa bir otaxon o‘rta yoshli kishi bilan u yoq-bu yoqdan suhbatlashish asnosida bot-bot yo‘l qarab qo‘yadi. Biroz muhlat qishning qahriga qarshi turadi. Bo‘lmaydi. So‘ng o‘rta yoshlisi “Chorsu”ga harakatlanuvchi transport o‘tib ketgan yo ketmaganini bilish uchun menga yuzlanadi. Yo‘limiz bir ekanini bilib olgach esa yo‘nalishsiz taksi bilan manzilga yetib olish taklifini bildirdi. Sovuq jonimdan o‘tgan emasmi, darrov rozi bo‘lib qo‘ya qoldim. Otaxon oldi o‘rindiqqa, men esa orqa o‘rindiqqa joylashdik.
– Bu yigit mening shogirdim, – deydi otaxon mamnun qiyofada. Haydovchi bee’tibor bosh irg‘aydi. Old oynadan menga bir qur nazar tashlaydi. Otaxon esa qo‘shimcha qiladi: – Bu, kuzatib qo‘ygan yigitni aytaman-da. Aqlli, hushli. Toshkentga kelganimni eshitib, qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib keldi. Bir hafta mehmon qildi. Ishlari, turmush sharoitlari ancha yaxshi ekan. Bir olis qishloqning oddiy bolasi katta shaharda o‘z yo‘lini topib ketganidan sevindim. Havasim keldi. Shunday shogirdim borligidan g‘ururlandim. Nimagaki erishgan bo‘lsa, mehnati bilan erishdi. U bo‘lsa, “Barchasi sizning sharofatingiz bilan. Agar ta’limingizni olmaganimda bilmadim, taqdirim qanday kechardi”, deydi. Gaplaridan semirib ketasan, kishi. Shu kasbni tanlaganingga shukronalar aytasan.
– Yigit kishining omadini bersin aka, – deydi oltmish yoshlar atrofidagi haydovchi suhbatga chog‘lanarkan. – Yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukmron. Har kim o‘z turmush tarzini yaxshilashi uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan. Bundan faqat unumli foydalanish kerak. Qarang, bir qarich, bir qarich bolalar jahon chempioni bo‘lib kelyapti. Butun dunyoga kimligimizni ko‘rsatib qo‘yyapti. Axir, ular bilan faxrlanmay bo‘ladimi?!
– O‘g‘lim ham shu yerda yashaydi, – haydovchining gapini iladi otaxon. – Uch bolasi bor. Bir-biri bilan ingliz tilida biram biyron so‘zlashadi, hayratimni yashirolmayman. Shogirdimga maqtanib qolsam, yonimizda pildirab yurgan o‘g‘li fransuz tilida she’r o‘qib bersa deng. Kim o‘rgatdi desam, tarbiyachim deydi. Tarjimasini so‘rasam, so‘zma-so‘z aytib beryapti. Biz ham paxsa devorli maktablarda o‘qigan ekanmizda. Sharoitlarini eslab bir kulging keladi, bir yig‘laging. Hozirchi, maktab haqida gap ketsa hammaning ko‘z oldida muhtasham bino gavdalanadi. Ba’zan qayta dars bergim keladi. Laboratoriya xonalari, kompyuter jamlanmalari, sport zallari hech bir davlatnikidan qolishmaydigan o‘quv muassasasida o‘qish, o‘qitishdan ortiq baxt bormi?!
– Ha, men ham nevaralarimning dunyoqarashini ko‘rib, lol qolaman. Kattasi to‘rtinchi sinfda o‘qiyapti, – deydi haydovchi. – Gap-so‘zlari dadil. Katta odamlarday fikrlaydi. Amakimga o‘xshab chet elda o‘qiyman, deb bilim olishga qattiq kirishgan. Kenjamiz Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga kirgandi. Hozir o‘qishini Koreya Respublikasida davom ettiryapti.
– Ha, bizning ham katta nevara Toshkentdagi Turin politexnika universitetida o‘qish niyatida yuribdi. Hozir kitob do‘koniga boryapman. Bir-ikki o‘quv qo‘llanma xarid qilaman. Farzand uchun eng yaxshi sovg‘a kitob-da, – deydi otaxon.
U suhbat asnosida shahrisabzlik ekani, o‘ttiz yildan ziyod yoshlarga matematikadan saboq bergani, uch yuzdan ziyod shogirdi, bolalari xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilayotganini ta’kidlaydi. Gap orasida Toshkentda yozda ham kelganini aytadi. Suhbat poytaxtdagi bunyodkorlik, obodonchilik ishlariga borib taqaladi. Mehmon anhor bo‘yi ajoyib xiyobonga aylantirilgani, Minorda bunyod etilgan masjidning yuqori saviyada qurilgani, bularning barchasi Yurtboshimizning odil siyosati natijasi ekanidan to‘lqinlanib so‘zlaydi.
Otaxon, shuningdek, bu kabi qurilish va bunyodkorlik ishlari mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotganidan, har bir shahar, hatto olis hududlargacha ko‘rkam qiyofa kasb etayotganidan mamnunligini ham yashirmaydi. Urganchga borgani, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlariga safar qilgani, Samarqandning bugungi qiyofasini ta’riflab charchamaydi. Xususan, Shahrisabz shahrining qaytadan barpo qilinayotgani, zamonaviy turar-joylar, savdo markazlari, istirohat bog‘lari va xiyobonlar, sport-sog‘lomlashtirish majmualari, bolalar maydonchalari qurilayotganini bot-bot takrorlaydi. – Kindik qoning tomgan joy chiroyli bo‘lsa, qalbing faxrga to‘ladi-da, – deydi otaxon. Sohibqiron bobomizdan so‘ng hali hech kim Shahrisabzda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgani yo‘q edi. Bir-ikki yildan so‘ng borsangiz so‘zlarimga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Muazzam “Oqsaroy” atrofini taniyolmay qolasiz. Shahrisabz endi nomiga mos shahar bo‘lyapti. Chet eldan turli xil daraxtlarning ko‘chatlari keltirilib, ekilyapti. Ular havoning tozaligini, iqlimning mo‘tadilligini ta’minlaydi.
Ikki yoshi ulug‘ insonning suhbatiga andarmon bo‘lib manzilga yetib kelganimizni ham sezmay qolibmiz. Ammo otaxonning dilida aytadiganlari ko‘p ekani yuzidan bilinib turar edi. U tom ma’nodagi baxtli inson, zahmatkash murabbiy edi. Xayrlashish oldi unga so‘ngi bor nazar tashlarkanman, uning qiyofasida haqiqiy vatanparvar kishini ko‘rdim. Yo‘l-yo‘lakay suhbat mag‘zidan mast bo‘lib, otaxonning ismini ham so‘ramabman. Kasbim taqozosi tufayli ming istihola bilan unga yuzlandim. – Ismim Saidqul muallim, – deydi otaxon.
Turmushning shirin tashvishlari bilan bozor oralarkanman, o‘zbekning har bir nuroniyi ana shunday daryofe’l, keng fikrli, kengashli va mulohazali ekaniga amin bo‘ldim.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri