MTMni YOQTIRMAYDIGAN BOLA
Uning xarxashalari o‘rinlimi?
Erta tongdan har kim o‘z manzili tomon oshiqadi. Kattalar ishga, bolalar maktabga, jajji kichkintoylarimiz esa maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘l oladi. Ba’zan erkatoylarimiz MTMga borish jarayonida ota-onalarini qiyin vaziyatga qo‘yishadi. Turli xarxashalar qilishadi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Tarbiyachilar bolalar bilan yetarlicha shug‘ullanmayaptimi? Yoki bunga uydagi muhit ta’sir ko‘rsatadimi?
Yangi muhitning xavotirlari
Bugun siz farzandingizni ilk bor maktabgacha ta’lim muassasasiga olib boryapsiz. Aynan shu paytda bolangiz uchun ahamiyatsizday tuyulgan har bir narsani e’tibordan chetda qoldirmang. Muhitga moslasha olmasligini sezsangiz, yonida biroz qoling. Bola o‘zi o‘rgangan sharoitdan chiqib ketishi qiyinroq kechadi. Tashqi ko‘rinishidan o‘yinqaroq, yangi narsalarga, sarguzashtlarga qiziqayotganday tuyulsada aslida kundalik o‘rgangan hayotida o‘zini xotirjam his etadi. Kutilmaganda notanish ayolga topshirib ketishingiz, atrofidagi bir necha yangi begona do‘stlarining paydo bo‘lishi, va yana onasi bilan qayta ko‘rishadimi yo‘qmi degan savollar kichkintoyning xayolida aylana boshlaydi.
Ko‘pchilik mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolalardagi tushkunlik holatining kelib chiqishiga asosiy sabab odatga aylanib qolgan hayotining bir kunda o‘zgarib ketishidir. Bola oldinlari doimo onasi yoki yaqin bir oila a’zolari orasida bo‘lgan. Barcha diqqat-e’tibor unga qaratilgan edi. Endilikda esa muassasadagi barcha narsalar unga xavf solayotganday tuyuladi. Ana shunda u MTMga bormaslik uchun turli bahonalarni o‘ylab topadi.
MTMga borishga ko‘ndirish choralari
Bolaning maktabgacha ta’lim muassasasiga ko‘nikib ketishi uchun vaqt kerak. Ko‘pchilik ota-onalar o‘zining farzandini ikki yoshga to‘lgach MTMga berishadi. Bola uchun bu og‘ir qadam. Unga ham ruhiy, ham jismoniy taraflama qiyin bo‘ladi. Chunki mazkur davrda bolaga onaning g‘amxo‘rligi juda zarur hisoblanadi. To‘rt yoshdan so‘ng esa begona jamoaga ko‘nikishi ancha oson kechadi. O‘zining ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan narsalarni bemalol ayta oladi. Tengqurlari bilan bemalol muloqotga kirishadi.
Bolani kundalik tartibga o‘rgating. Agar u kech yotib kech turishga odatlangan bo‘lsa, erta turish biroz u uchun qiyinchilik tug‘diradi. Bu unchalik xavotirli holat emas, 3-4 kun ichida hammasiga ko‘nikadi. MTMga tayyorlash jarayonida uni muassasaga olib borganingizda uyni eslatib turuvchi biror buyum qoldirish kerak. Bu qandaydir yumshoq o‘yinchoq bo‘lishi ham mumkin. Masalan (u bilan uxlash yoqimli bo‘lgan narsa). Yoki bolangiz yoqtirgan, ustini iflos qilmaydigan biror yegulik(olma va sabzi) va boshqalar kabi.
Yana bir usuli, “Agar maktabgacha ta’lim muassasasiga bormasang u yerdagi o‘rtoqlaring seni sog‘inadi. Ko‘rmasa kasal bo‘lib qoladi” kabi bahonalar bilan qiziqtirishingiz ham maqsadga muvofiqdir.
– Bolamni MTMga olib borish jarayonida uydan vaqtliroq chiqamiz. – deydi o‘qituvchi Umida Mamadaliyeva. – Ko‘chani sayr qildirib, tabiat bilan tanishtiraman, turli savollariga yo‘l-yo‘lakay javob berib boraman. Keyinchalik farzandim sayr qilishga qiziqib o‘zi erta turishga odatlandi.
Haqiqatdan ham bolalarning dunyosiga kirib borsangiz ular uchun borliqning hamma narsasi qiziqarli tuyuladi va barcha savollariga javob topishga harakat qilishadi. Ularning qiziquvchanligidan foydalanib MTMga xarxasha qilmasdan borishga o‘rgatishimiz mumkin.
– Bolalarni birinchi marotaba MTMga olib borish jarayonida yig‘lab, xarxasha qilishini ko‘p kuzatganmiz, – deydi bolalar psixologi Dilnoza Avazova. – Bu tabiiy holat. Ularni birinchi navbatda ota-onadan ajralish xavotirga soladi. Ko‘pchilik orasiga qo‘shilib, o‘ynab ketishi uchun esa chalg‘itish, xonani qiziqarli rasmlar, bolaning e’tiborini tortadigan ranglar, o‘yinchoqlar bilan bezatish kerak. Uning fel’-atvoriga qarab muomala qilish tarbiyachilarning iqtidoriga bog‘liq. Farzandlarimiz har xil bo‘lgani kabi ularning dunyoqarashi ham turlicha. Ba’zilari juda sho‘x, bir joyda o‘tira olmaydi. Bunga sabab ular judayam harakatchanligidandir. Ularga ko‘proq o‘tirib bajariladigan o‘yinlarni o‘rgatish, o‘rindiqda o‘tirgan holda o‘ynaydigan o‘yinchoqlar bilan band qilish maqsadga muvofiq. Farzandlarimizning ichida tortinchoq, yumshoq toifadagilari ham bor. Undaylariga esa guruh bo‘lib o‘ynaydigan mashqlarni bajartirish, do‘stlarga o‘rganishini sekinlik bilan amalga oshirish zarur. Bu ham, albatta tarbiyachi pedagoglarimizning qanchalik mahoratga ega ekanligiga bog‘liq.
Bu holatda MTM pedagogik xodimlari qanday yondAshmog‘i lozim?
Aslida muassasada faoliyat yuritadigan pedagog MTMga kelayotgan bolalarning ruhiy holatidan kelib chiqib, chalg‘itib olib qolish choralarini ko‘rishi kerak. Bunday vaziyatda ular maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, pedagogik mahoratga ega ekanligi namoyon bo‘ladi.
Bola MTMga bormasligiga asosiy sabab u va tarbiyachi o‘rtasidagi kelishmovchilik hisoblanadi. Bunday holatlarda tarbiyachi bilan farzandingiz haqida gaplashib oling. Nuridiydangizga alohida e’tibor zururligi, unda hozir moslashish jarayoni kechayotganini muassasa tarbiyachisi tushunishi lozim. Kichkintoyingizga esa o‘zini yaxshi tutishi, MTMda aqlli va odobli bola bo‘lib yurishini o‘rgating.
Har bir bolaning o‘ziga yarasha dunyoqarashi bor. Ba’zi bolalar oiladagi akasi bilan bo‘ladigan kelishmovchiliklarni ko‘ngliga yaqin olmaydi. U bunday munosabatga ko‘nikkan bo‘ladi. Ayrim bolalarga esa ovozingizni balandlatib gapirish, uning ko‘ngli sinishiga kifoya qiladi. Bunday paytda bola tarbiyachiga hech narsa demasligi mumkin, lekin bu MTM bilan bog‘liq bo‘lgan xafagarchilik uning beozor qalbida yig‘ilib boraveradi.
Bolalarning o‘z tarbiyachisini qanchalik yaxshi ko‘rishini, MTMga xarxasha qilmasdan kelishidan ham kuzatsa bo‘ladi. Demakki, tarbiyachi-pedagoglar har tomonlama bilimdon va mehribon bo‘lmog‘i lozim.
Charos XUSHVAQTOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri