POLVON YIGITNING OSMON ORZULARI

Harbiy xizmat kiyimidagi yigitlarni saf tortib shaxdam odimlab ketayotganini ko‘rgan bolakayning ko‘zlari quvonchdan porlab ularning ortidan havas bilan termulib qoldi. Eh… tezroq katta bo‘laqolsaydi u ham albatta ana shu akalari singari harbiy bo‘lardi.

Axir buni uning yoshidagi qaysi bola orzu qilmagan deysiz? Shunday xayollar og‘ushida maktabdan qaytayotgan Mirjalol hovliga kiraverishdagi gullarni begona o‘tlardan tozalayotgan onasining bir zum ishdan to‘xtab, – Xo‘sh, bizning a‘lochi o‘g‘limiz bugun nechta “besh” oldi? – deya bergan savolidan o‘ziga keldi. – Assalomu-alaykum oyijon, bugun ikkita “besh” baho oldim. – Ha.., barakalla, o‘g‘il bola shunday bo‘lishi kerak. Bu gaplardan ko‘ngli tog‘dek o‘sgan bolakay kiyimlarini almashtirib, qornini to‘qlagach, oyisiga yordamga oshiqdi. Dastlab ikkitalab, so‘ngra uchtalab terak shoxlarini tashiyotgan o‘g‘lining ishini zimdan kuzatayotgan oyisi bosh irg‘ab jilmayib qo‘ydi. – Oyijon, bugun maktabdan qaytayotganimda harbiy akalarimni ko‘rdim, egnidagi kiyimlari biram o‘zlariga yarashgan. O‘g‘lining havas bilan gapirayotganini ko‘rgan onaning ko‘nglidan nimalar o‘tgani faqat o‘ziga ayon. Ammo ertasi kuni Mirjalolni yetaklab sport to‘garagiga olib kelganida, murabbiyiga aytgan gaplari hamon uning yodida. – Bizning o‘g‘limiz harbiy bo‘lishni orzu qiladi. Buning uchun ona-bola bugundanoq jiddiy kirishdik, mashg‘ulotlarni kanda qilmay qatnaydi, dangasalik yomon odat ekanligini biladi, Sizni va bizni aslo uyaltirib qo‘ymaydi.

Ha, Mirjalol oyisi aytganidek, mashg‘ulotlarda har bir mashqni bekamu ko‘st uddaladi, murabbiyining ishonchini qozondi. Yaxshi o‘qish bilan birgalikda sportning “Kombat Aykido” turi bilan astoydil shug‘ullangan bolakayning jur‘ati o‘zi tug‘ilib o‘sgan Surxondaryodek yurt polvonlarinikiga o‘xshab ketardi. U tuman, viloyat miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etib, bir necha bor faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Maktabni tugatib Toshkent shahridagi Olmazor Politexnika kasb-hunar kollejiga o‘qishga kirgan Mirjalol Qo‘ziyev o‘zi qiziqqan sport turi bilan yanada jiddiyroq shug‘ullana boshladi. Ilm dargohidagi guruh rahbari Oqila Rahimberdieva, Mirjalolni ham o‘qishda ham sport sohasidagi ilg‘orligini guruhdoshlariga hamisha o‘rnak qilib ko‘rsatadi.

Tinimsiz mashqlar uni g‘alaba sari yetakladi. 2012-yil Mirjalol uchun omadli keldi. U sportning “KOMBAT AYKIDO” turi bo‘yicha Toshkent shahar kubogi musobaqalarida 60 kilogramm vazn toifasida II o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “O‘zbek jang san`ati” bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston birinchiligida III darajali diplom bilan taqdirlandi. Birgina bu emas. Sportsevar yigit kurash bo‘yicha Malayziyada o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘z vazni toifasida faxrli II o‘rinni qo‘lga kiritib ayni kunlarda yana yangi musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Kechagina ko‘zlari chaqnab harbiy akalariga havas qilib ulg‘ayganda askar bo‘lishni orzulagan bolakayning intilishlariga havas qilsa arzigulik.

Яна ўқинг:  Излаган имкон топади

Axir harbiy bo‘lish uchun jismonan sog‘lom ma`nan yetuk bo‘lish lozimligini Mirjalol dil-dilidan anglaydi-da.

Tuhfaniso ORTIQOVA

“Sog`lom avlod” muxbiri,

Robiyaxon XAYITOVA,

Toshkent shahar Olmazor Politexnika kasb-hunar kolleji II bosqich oquvchisi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: