FARZAND – OILA KO‘ZGUSI

U ota-onasidan olgan tarbiyasini oqlab, ularga rahmat olib kelishi zarur, deydi Toshkent Temir yo‘l kasb-hunar kolleji “Tillar” kafedrasi mudiri Shahnoza Inog‘omova.

Shahnozaxonni ilk bora uchratganimda uning insonga biroz sinchkovlik va mehr bilan boquvchi shahlo ko‘zlari yodimda muhrlanib qolgan edi. Poytaxtdagi Navoiy ko‘chasi 30-uyda “Cho‘lpon” bolalar nashriyoti ham faoliyat yuritadi. Sh.Inog‘omova shu nashriyotda musahhih lavozimida ishlagan edi.

U hayotning shirin tashvishlari bilan andarmon bo‘lib yurganida to‘satdan suyangan tog‘i, umr yo‘ldoshi Rashotxon aka vafot etdi. U kishi nufuzli idorada mas’ul lavozimda ishlar edi. Endi oiladagi uch nafar farzand – Nozimaxon, Jahongirjon, Nodiraxonlarni “oyoqqa turg‘azish” Shahnozaxonning nozik yelkalariga tushdi. Uning hayotidagi shiori “Hech qachon qiyinchiliklarga bosh egmaslik va olg‘a intilish”. Ich-ichidan vulqonday otilib turadigan bu so‘zlar unga quvvat berardi. Chunki, ziyoli ota-onasi unga hayotda qat’iyatli bo‘lishni o‘rgatgan. “Malika” to‘qimachilik korxonasida muhandis lavozimida ishlagan Shoabror aka (rahmatli) va huquqshunos Moila opa Shahnozaxon va uning ukasi Jamolbekni go‘zal insoniy fazilatlar egasi etib tarbiyalashdi. Chunki, o‘qimishli kishilar bolalar tarbiyasida kitobning ahamiyati juda kattaligini yaxshi anglashar edi. Shu sababli ularning tug‘ilgan kunlari va bayramlarda bolalarning sevimli o‘yinchoqlaridan tashqari albatta kitoblar ham sovg‘a qilishardi. Ayniqsa, oilada ota-onalardan tashqari bobo-buvilar pandu nasihatini eshitib ulg‘aygan bolajonlar atrof-muhitga, insonlarga mehru muhabbatli bo‘lib ulg‘ayishadi. Otaning salobati va talabchanligi, onaning mehr-la uyg‘un qattiqqo‘lligi Shahnozaxon va uning ukasini hayotda rostgo‘y va insonparvar bo‘lib ulg‘ayishi hamda hayotda o‘z o‘rinlarini topishiga turtki bo‘ldi. Chunki, lavhamiz qahramoni o‘qituvchilik kasbini tanlagan bo‘lsa, uning ukasi hozirda advokat sifatida faoliyat yuritmoqda. Ota-onaning hayotiy tamoyillari rostgo‘ylikka asoslangani tufayli u ham adolat qaror topishida insonlarga ko‘maklashmoqda.

Shahnozaxon Inog‘omova pedagog sifatida bola tarbiyasida ham ota-onasi tutgan yo‘lni to‘g‘ri deb biladi. U o‘z dilbandlarining kitobga mehr qo‘yib ulg‘ayishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan. Zero, onasi Moila opa ham ilk bora unga ertak kitoblarni sovg‘a qilganida qizining ko‘zlari quvonchdan porlab ketgan edi.

– Kitob inson uchun eng bebaho va beg‘araz do‘st. Uning satrlaridagi falsafiy fikrlar odamning hayotda to‘g‘ri yo‘lni topishiga ko‘maklashadi. Shu sababli farzandlarimning ham kitoblarni tanlab o‘qishlarini va undagi ma’nolarni uqib, eng avvalo yaxshi inson degan nomga sazovor bo‘lishlarini istar edim, – deydi Shahnozaxon biz bilan suhbatda.

Yana o‘qing:  HISOR SINOATI

Ilmu ziyoli oilada tarbiya olgan farzandlar ham ma’rifatga intilib yashashmoqda. Nozimaxon O‘zbekiston Jahon tillari universitetining 1-bosqich magisturaturasini bitirayapti. Jahongirxon Toshkent Pediatriya tibbiyot instititutining 3-bosqichiga o‘tish arafasida. Kenja qiz Nodiraxon esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti qoshidagi akademik litseyning 1-bosqichini tugalladi.

Shahnozaxonning tarjimai holini o‘qir ekanman u yillar davomida bosqichma bosqich, o‘z faoliyatida muvaffaqiyatlarga erishayotgani e’tiborimni tortdi. Lavhamiz qahramoni ilk mehnat faoliyatini rus tili va adabiyoti fanidan maktabda o‘quvchilarga saboq berishdan boshladi. Keyinchalik u litseyga ishga kirdi. Bir muddat “Cho‘lpon” nashriyotida musahhih lavozimida faoliyat yuritdi. So‘ngra “Vektor-Press” nashriyotida muharrir sifatida ishlagan bo‘lsa, 2008 yildan esa Toshkent Temir yo‘l kasb-hunar kollejida rus tili va adabiyoti fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda. Iqtidorli va tinib-tinchimas, izlanuvchan Sh.Inog‘omova 2014 yildan buyon shu kollejda kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda. Ha, Shahnozaxon nafaqat o‘z farzandlariga, balki o‘quvchilarga ham ezgulik g‘oyalarini singdirib, yoniq qalb bilan yashamoqda.

“Bolalaringizga yaxshilikni singdirib o‘stiring, unga baxtni faqatgina shu beradi” – deganida nemis bastakori Lyudvig van Betxoven naqadar haq edi.

Gulchehra ShIRINOVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: