YUKSAK SALOHIYAT, SOG‘LOM RAQOBAT
Bilimlar bellashuvining respublika bosqichi ana shunday samimiy ruhda tashkil etildi
Mamlakatimizda yosh avlodning ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom voyaga yetishi yo‘lida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, san’at va madaniyatda o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Birgina umumta’lim maktablarining 5-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan Bilimlar bellashuvi fikrimizning tasdig‘idir.
Mazkur an’anaviy musobaqa doirasida ko‘plab yosh ilm sohiblari aniqlanmoqda va munosib rag‘batlantirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bu yilgi Bilimlar bellashuvi ham 2 million nafardan ziyod o‘quvchini qamrab oldi. To‘rt bosqichda o‘tkazilgan mazkur tanlovda eng kuchli, bilimli deb topilgan 500 nafar o‘g‘il-qiz turli fanlar bo‘yicha respublika bosqichida dars davomida o‘rganganlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazadi.
– Bilimlar bellashuvining respublika bosqichida ishtirok etish qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lsa, shunchalik mas’uliyatli hamdir, – deydi Navoiy shahridagi 10-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sevara Hamroqulova. – Musobaqada geografiya fanidan ishtirok etyapman. Raqiblarimning hammasi bilimli, salohiyatli. Ular men kabi o‘zlarini g‘oliblar safida ko‘rishni juda istashadi. Bunga haqlari ham bor. Boisi har biri ushbu fanning yoshiga doir sirlarini puxta o‘zlashtirgan. Qunt bilan o‘qigan. Bunday tanlovlar esa biz o‘quvchi yoshlarning dunyoqarashimiz kengayishiga zamin hozirlaydi. Bir-birimiz bilan fikr almashamiz. Do‘stlashamiz. Maktablardagi dars o‘tish jarayonlari, u yerdagi ishchan muhit haqida o‘rtoqlashamiz.
Mazkur tadbirning ochilish marosimi ham yuqori saviyada tashkil etildi. Unda vazirlik mutasaddilari, davlatimizning yuksak unvoni va mukofotlari bilan taqdirlanganlar, malakali mutaxassislar, mahalla faollari hamda ota-onalar so‘zga chiqib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim sohasida erishilgan yutuqlarlarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Bilimlar bellashuvini tashkil etishdan asosiy maqsad o‘quvchilarning qobiliyat va iqtidorlarini quyi sinflardan boshlab aniqlash, maktablarda sog‘lom raqobatni tashkil etish orqali yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, bellashuv natijasida Davlat ta’lim standartlarida belgilangan talablarning bajarilish holati ham tahlil qilinadi. Ta’lim sifati ko‘rsatkichlari orqali umumta’lim muassasalari, hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari faoliyati baholanib, respublikamizdagi mavjud 194 ta tuman (shahar)larning reytingi aniqlanadi.
Bilimlar bellashuvining respublika bosqichi joriy yilning 16-17 iyun kunlari boshlandi. Unda aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlar yo‘nilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan saralangan o‘quvchilar ishtirok etdi.
– Matematika fanlarning shohi darajasida e’tirof etiladi, – deydi Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashgan umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abbos Sayliyev. – Shu fanni puxta o‘zlashtirayotganimdan maqsad ham vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish. Bilimlar bellashuvi mening iqtidorimni namoyish etish uchun zo‘r imkoniyat maydoniga aylandi. Shu orqali Xitoy Xalq Respublikasida matematika fani bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi xalqaro fan olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Xudo xohlasa, ushbu nufuzli musobaqada g‘olib bo‘lib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilaman.
Har yili bellashuvlarda yuqori natija ko‘rsatgan 500 nafar o‘quvchi uchun respublika miqyosida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Quyoshli” bolalar oromgohida, hududlarda esa eng namunali oromgohlarda 1 ming 400 nafar o‘quvchi uchun hududiy “Intelektual-rivojlantirish oromgohlari” tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur muassasalarda o‘quvchilarning sog‘lomlashtirilishini tashkil etish bilan bir qatorda har bir fan bo‘yicha mamlakatimizning yetakchi pedagog-o‘qituvchilari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirokida turli tadbir va viktorinalar tashkil etiladi. Xususan, fan kechalari, mahorat darslari, turli tanlov hamda musobaqalar shular jumlasidandir.
“Intellektual-rivojlantirish oromgohlari”ning 1-navbati 18-29 iyun kunlari, ikkinchi navbati esa 1-12 iyul kunlari tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Bilimlar bellashuvining filologiya fanlari yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichi 29-30 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri