TABIIY HUDUDLAR MUHOFAZASI
O‘zbekiston Respublikasi mamlakatimizdagi biologik xilma-xillikning ahamiyatini inobatga olgan holda, BMTning biologik xilma-xillikni muhofaza etish bo‘yicha konvensiyasiga qo‘shildi. Ushbu hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida respublikamizda qator ibratli ishlar olib borilmoqda.
Bundan asosiy maqsad mamlakatimizdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar milliy tizimini rivojlantirish, biologik xilma-xillikni muhofaza etish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishdir.
Kuni kecha o‘tkazilgan “Biologik xilma-xillik masalalari ommaviy axborot vositalarida: jurnalist salohiyati” deb nomlangan tadbir ana shu mavzuga bag‘ishlandi.
Tadbirda yurtimizda muhofaza etiladigan tabiiy xududlarni samarali boshqarishning yangi usullarini ishlab chiqish orqali mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy xududlar tizimini kengaytirishga yo‘naltirilgan loyiha haqida so‘z yuritdilar. Mazkur loyiha uchta faoliyatni o‘z ichiga olishi ta’kidlandi. Ya’ni, – O‘zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy xududlar tizimini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli dastur tayyorlash;
– Boshqaruv samaradorligini takomillashtirishni va kengaytirishni ta’minlash uchun institutsional va individual salohiyatni mustahkamlash;
– Qo‘riqxonalar muhofaza zonalarida yangicha usullarni qo‘llash orqali boshqaruv samaradorligini mustahkamlashdan iborat.
Bugungi kunda Respublikamizda 8 ta qo‘riqxona, 2 ta Davlat tabiat bog‘lari, 10 ta buyurtmaxonalar, 5 ta tabiat yodgorliklari, 1 ta Ekomarkaz faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Chotqol, Tyan-Shan, Pomir tog‘larida, Zarafshon, Surxon milliy bog‘lari ham mavjud bo‘lib, bu yerlarda kamayib borayotgan o‘simlik hamda hayvonot dunyosini asrab qolish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Anjumanda so‘zga chiqqan mutaxassislar O‘zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini kengaytirish bo‘yicha milliy dasturning istiqbollari, yangiliklarni tayyorlash nazariyasi, amaliyoti va ommaga yetkazishning zamonaviy usullari yuzasidan atroflicha fikr bildirdilar. Tadbir doirasida interfaol usulda ishlash bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.
O‘z muxbirimiz