“TA’QIQLANGAN MEVA TOTLI BO‘LADI”…MI?

Yoki o‘smir yigit-qizlarni kashandalikdan qanday asrash mumkin?

Inson tashqi muhitdan asosiy ma’lumotlarni ko‘proq ko‘rish va eshitish orqali oladi. Bundan tashqari hid sezish, teri orqali sezish, ta’m bilish sababli ham odam miyasi ma’lumotga ega bo‘ladi. Ammo psixologlarning fikricha har bir kishi ko‘proq ko‘rish orqali ma’lumotlarni eslab qolar ekan. Shu nuqtai nazardan kattalar ko‘proq yoshlarga o‘z ezgu amallari bilan ibrat bo‘lishlarini istar edik.

Tamaki mahsulotining tarkibi nikotin (kuchli zaharli modda), uglerod oksidi, o‘sma kasalligini chaqiruvchi qo‘rg‘oshin, radioaktiv izotop, azot, asosan og‘ir metallar (simob, kadmiy, nikel, kobalt va h.k.)lardan iborat. Uning tutunidagi moddalar bir-biri bilan kimyoviy reaksiyaga kirishib, zaharli ta’siri yanada ortadi. Nikotin moddasi organizmga osonlik bilan kirib, hayotiy muhim a’zolarga to‘planadi, natijada ularning faoliyati buziladi. Odam nikotin bilan zaharlanganda kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi. Surunkali zaharlanish natijasida esa xotiraning pasayishi va ish qobiliyatining susayishi kuzatiladi.

Dunyodagi eng nufuzli va yirik xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanuvchi BMT (Birlashgan millatlar tashkiloti)ning tarkibiga kiruvchi JSST (Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti) 1988 yilda 31 may sanasini xalqaro kashandalikka qarshi kurash kuni deya e’lon qildi. Shundan buyon ushbu sana an’anaviy tarzda nishonlanib kelinmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyodagi barcha davlatlar va ularning sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddi xodimlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Ushbu tashkilot XXI asrda dunyoda tamaki chekish butunlay barham topishi uchun juda keng qamrovli targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Kashandalarning tinimsiz tamaki chekishiga sabab – bu ularning nikotinga tobeligidir. Nikotin organizmni bo‘shashtiruvchi va tinchlantiruvchi ta’sirga ega. Shuning uchun u soxta yengil lazzatlanish sezgisini beradi. Inson tamaki chekishni boshlagandan keyin uning organizmida tabiiy endorfin ishlab chiqarish to‘xtatilib, tashqaridan kelayotgan nikotinga talab orta boradi. Ko‘pincha kashandalik giyohvandlik debochasi deb ham ataladi. Lekin shunga qaramasdan hozirda ko‘pgina G‘arb davlatlarida turli yoshdagi aholi o‘rtasida tamaki chekish juda keng tarqalgan va bu holat oddiy holday qabul qilinadi.

Nikotin zaharli modda bo‘lganligi sababli qizlar va ayollar ya’ni, bo‘lg‘usi onalarning tamaki chekishlari mutlaqo noto‘g‘ridir. Chunki, kelajak avlodni dunyoga keltiruvchi xotin-qizlar avvalo sog‘lom bo‘lishlari zarur. Kashanda onalarning bolalari ona qornidayoq nikotinga tobe bo‘lib dunyoga kelishadi.

Yana o‘qing:  Qandli diabet: uning kelib chiqish sabablari, kasallik oqibatlari va profilaktikasi xususida

Homilador ayollarga nikotin har tomonlama salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassis-shifokorlar fikricha kashanda onadan tug‘ilgan go‘dak ko‘pincha nikotin xumor qilgani uchun ham besabab chinqirib yig‘lar ekan. Nikotin yurak-qon tomir tizimi, mayda qon tomirlar (kapillyarlar)ga salbiy ta’siri natijasida ichki a’zolar zarur moddalar va kislorod bilan yaxshi ta’minlanmaydi. Shuning natijasida barcha qon tomirlar torayishi sababli bosh miya, o‘pka, yurak va buyrakning faoliyati susayadi. Erkaklarda bu holat unchalik sezilmasligi mumkin. Lekin tamaki mahsulotlari homilador ayolga juda ham tez va kuchli salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki, homilador ayol organizmi ikki jon uchun faoliyat yuritadi. Natijada homila dunyoga kelganida uning vazni ham me’yordan anchagina past bo‘ladi. Chekuvchi onalardan ko‘proq chala tug‘ilgan go‘daklar dunyoga kelishi kuzatiladi. Tamaki chekiladigan xonadonda voyaga yetayotgan yosh bolalarning uyqusi yomon bo‘ladi. Chunki, nikotin markaziy asab tizimi faoliyatiga ham zarar yetkazadi. Me’da-ichak tizimi faoliyati ham susayadi. Bola tengdoshlaridan ham jismonan ham aqlan orqada qoladi.

Chekuvchi ayollarning qoni nikotin ta’sirida quyulib ketadi. Shu sababli gipoksiya rivojlanadi. Natijada to‘qimalarga kislorod yetib borishi qiyinlashadi. Ushbu holatda qon tomirlar devorining ichki yuzasida qonning quyulishini yanada kuchaytiruvchi modda paydo bo‘ladi. Bu esa tomirlarda tromb (qon laxtasi) rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Gormonal kontratsepsiya vositalari ham qon quyulishini keltirib chiqaradi. Shu sababli qon tomirlarda tiqilma (tromboz) hosil bo‘ladi. Yana shuni aytib o‘tish joizki, ayniqsa, samolyotda uchish bu xavfni yanada kuchaytirib yuboradi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan barcha xatarli omillar birgalikda tezgina venalar trombozi paydo bo‘lishiga katta zamin yaratadi. Agar venalar yallig‘lansa tromboflebit kasalligi rivojlanadi. Bundan ham og‘ir holat qon laxtasi (tromb) uzilib qon tomirlar orqali harakatlanib o‘pka tomirlariga tiqilib qolishi mumkin. Natijada tromboemboliya kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida to‘satdan o‘lim hodisasiga sabab bo‘ladi. Shunday qilib xotin-qizlarning chekishi naqadar o‘zlarining hayotlari uchun xavfli ekanligini yana bir bora ta’kidlashni joiz deb bildik. Ayniqsa, chekuvchi ayollar hapdori (tabletka)li kontratsepsiya (istalmagan homiladorlikning oldini oluvchi) vositalarni qabul qilsalar ularning qonlari yanada quyulib, hayotlariga katta xavf solishi mumkin.

Yoshlarning tamaki chekishga qiziqmasliklari uchun ota-onalar farzandlari tarbiyasiga e’tiborliroq bo‘lishlari kerak. Ular bolalarini qayerda va kimlar bilan yurganini, do‘stlari kimligini aniq bilishlari hamda ularni albatta so‘rab-surishtirishlari kerak. Chunki, xalqimizda “Do‘sting kimligini ayt, men sening kimligingni aytaman” degan maqol bejizga aytilmagan. Oiladagi kattalar bolalarni turli to‘garaklarga jalb kilishlari zurur. Ularning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishlarini nazorat qilishlari shart.

Yana o‘qing:  Zaharli qo‘ziqorindan saqlaning!

Nikotinning organizmga salbiy ta’siri ko‘p. Me’da-ichak tizimida yallig‘lanish va yara kasalliklarini keltirib chiqaradi. Nikotinning buyrak faoliyatiga ham salbiy ta’siri natijasida peshob ajralishi kamayib ketadi. Qon quyiladi. Markaziy asab tizimiga ta’siri natijasida esa birdaniga miya qo‘zg‘alib va tormozlanishi sababli uning faoliyati buziladi.

Chekish qon bosimining oshishi, (qon quyilishi sababli) buning natijasida miokard infarkti, insult, me’da-ichak tizimi yara kasalliklari, o‘pka kasalliklari, ya’ni, o‘pka raki, milklarning yallig‘lanishi sababli tishlarning tushib ketishi kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Chekmaydigan inson tamaki chekayotgan insonning yonida zaharli tutundan nafas oladi va passiv (nofaol) chekuvchiga aylanadi. Passiv chekuvchilar kashandalardan ham ko‘prok zaharlanadilar. Chunki, chekuvchi tutunni yutib, nafas yo‘llaridan qayta chiqarib yuboradi. Uning ma’lum qismi organizmda qoladi. Kashandaning yonidagi passiv chekuvchi esa tutunni ichiga yutaveradi. Natijada unda o‘pka raki, burun, ko‘z shilliq qavatlarining yallig‘lanishi, o‘pka faoliyatining pasayishi, yo‘tal kuzatiladi. Ko‘krak qafasida turli noxush holatlar va noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Bular jumlasiga qiynalib nafas olish sabab yo‘talni kiritish mumkin. Passiv chekuvchilarda qonda kislorod aylanishining buzilishi natijasida jismoniy faoliyat pasayadi.

Fuqarolarning sog‘lig‘ini, avvalo, yigirma yoshga to‘lmagan shaxslarning salomatligini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zararli ta’siridan, shu bilan bog‘liq ijtimoiy hamda boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishda, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning tashkiliy, xuquqiy shart-sharoitlarini yaratishda hukumatimiz tomonidan qonun qabul qilindi. Ushbu qonun yosh avlodni zararli illatlardan asrashda katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonuni chiqdi. Bu qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2011 yil 27 iyunda qabul qilinib, Senat tomonidan 2011 yil 26 avgustda ma’qullandi. Ushbu qonunning maqsadi alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: