MAROQLI HORDIQ bolajonlarga tortiq
An’anaga ko‘ra bu yil ham o‘quv mavsumi nihoyasiga yetgach bolajonlar safar sumkalarini hozirlab, yozgi oromgohlar tomon yo‘l olayotir. O‘z navbatida dam olish maskanlarida barcha shart-sharoitlar hozirlanib, tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 10 mart kuni qabul qilingan “Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Respublikamiz bo‘yicha joriy yilda 213 ta statsionar va 795 ta kunduzgi oromgohlar tashkil etilishi hamda ularda 287 ming 171 nafar o‘quvchining yozgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazish va sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.
Ularning 151 ming 726 nafari statsionar oromgohlarda va 135 ming 445 nafari kunduzgi oromgohlarda dam olishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda tashkil etiladigan ixtisoslashgan yo‘nalishlarda respublika bo‘yicha jami 68 ta oromgoh tashkil etildi.
Bolalarning ta’tilni mazmunli o‘tkazishlari hamda bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanish maqsadida chet tillarini o‘rgatish to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Bu yilgi mavsum 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunidan boshlandi. Oromgohlar 7 mavsumdan iborat.
Darhaqiqat, yoshlarni har tomonlama barkamol voyaga yetkazish, ularni istiqlol g‘oyalari hamda ona-Vatanga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalasiga katta e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yozgi oromgohlar qayta rekonstruktsiya qilinib, jihozlar yangilandi. Bolalarning ham ruhan, ham jismonan salomatligini ta’minlash uchun ularning ovqatlanish dasturi ham dietolog tomonidan tuzib chiqilgan. Xullas, ta’tilning maroqli hamda mazmunli o‘tishi uchun barcha qulayliklar muhayyo. Bolalarning yozgi ta’til kunlarini maroqli o‘tkazishi kelgusi o‘quv yilida yanada a’lo baholarga o‘qish uchun zamin hozirlaydi.
Bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish ham doimiy e’tibordagi masalalardandir. Shu maqsadda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zaruriy dori-darmon vositalari jamlandi. Bolalar xavfsizligini ta’minlash, salomatligini nazorat qilish yo‘nalishidagi ishlar kuchaytirilib, har bir oromgohda ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmat sohalari mutaxassislarining tun-u kun navbatchiligi tashkil etildi.
Yozgi oromgohlar jismoniy sog‘lomlashtirish bilan bir qatorda bolalarning ma’naviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini oshirish maskaniga ham aylangan. Oromgohlarda qator tashkilotlar, shu jumladan, kasaba uyushmalari tomonidan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlar, qiziqarli uchrashuvlar, badiiy kechalar, ijodiy festivallar, ko‘rik-tanlovlar, kitobxonlik bayramlari, bolalar aktsiyalari tashkil etiladi.
Shuningdek, intellektual rivojlantirish oromgohlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Bo‘stonliq tumanidagi “Quyoshli” bolalar oromgohi negizida shunday faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda bilimlar bellashuvlarida g‘olib bo‘lgan 500 nafardan ortiq o‘quvchi dam olishmoqda.
Hududiy axborot-resurs markazlari tomonidan statsionar oromgohlar 100 ming 705 dona bolalar adabiyotlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan risolalar, gazeta va jurnallar bilan ta’minlandi. Kunduzgi oromgohlarda dam oluvchi bolalar esa maktab kutubxonalaridan foydalanadi. Shuningdek, oromgohlar Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan mavsum davomida sport jihozlari bilan ta’minlanadi.
Muxtasar aytganda, bolajonlarning miriqib hordiq olishlari uchun oromgohlar barcha sharoitlar yaratilgan. Ayni damda yurtimizdagi so‘lim dam olish maskanlari bolalarning shodon kulgisi va kuy-qo‘shiqlari bilan yanada fayzli bo‘lib bormoqda.
Dildora QARSHIBOYeVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri