KOLLEJDA ILMIY-AMALIY ANJUMAN
Yurtimizda olib borilayotgan odilona siyosat tufayli bugungi kunda mamlakatimizning har go‘shasida yuksak o‘zgarishlar, har jabhada misli ko‘rilmagan yutuqlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yutuqlar zamirida esa xalqimizning yuksak ma’naviy dunyoqarashi, boy moddiy va ma’naviy merosiga bo‘lgan chuqur hurmat va ehtiromi mujassam.
Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlarimizfaxrimiz-g‘ururimiz” deya nomlangan ilmiy-amaliy anjuman ham ana shunday ezgu ishlarning amaliy ifodasi sanaladi. Mazkur tadbir buyuk davlat arbobi, sohibron Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan bo‘lib, uni o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad sarkardaning tariximizda tutgan o‘rni, qoldirgan boy moddiy va madaniy merosini o‘rganishni qadriyat darajasiga ko‘tarish hamda yosh avlod ongini vatanparvarlik ruhida kamol toptirishdir.
Tadbirini kollej direktori Abdufattoh G‘oibnazarov ochib berib buyuk sarkardaning hayotda tutgan yo‘li, aytgan o‘gitlari bugungi kunda nechog‘lik ahamiyatli ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Anjumanda kollejning qator iqtidorli o‘quvchilari Amir Temur siymosi, uning davlat boshqaruvidagi huquqiy asoslar diplomatik aloqalardagi o‘ziga xos jihatlarini nemis, rus, ingliz, arab tillarida tayyorlagan ma’ruzalarda bayon etishdi. Shuningdek, yig‘ilishga temir yo‘l sohasida ko‘p yillardan beri faoliyat yuritgan fidoyi insonlar, tajribali keksa ustozlar ham taklif etilib, “ustoz va shogird” an’analarining yanada mustahkamlanishiga zamin yaratildi.
Tadbir davomida kollej miqyosida “Ajdodlarga munosib avlod bo‘laylik” mavzusida referatlar tanlovi o‘tkazildi.
To‘raxo‘ja ARIPXO‘JAYEV