Xonaki gullarning eng foydali beshta turi
Xonaki gullarning estetik ko‘rinishidan tashqari inson salomatligi uchun foydali jihatlari ham borligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ular havoni tozalab, o‘zidan odam sog‘lig‘ini tiklovchi moddalar ajratib chiqarar ekan. Biz quyida gullarning xona havosiga ijobiy ta’sir qiluvchi beshta turi haqida sizlarga ma’lumot bermoqchimiz. Ular nafaqat havoni tozalaydi, balki inson vujudini kislorod bilan to‘yintirib, uning hayotiy quvvatini tiklaydi. Shuningdek, kishida ruhiy zo‘riqish(stress) paydo bo‘lishining oldini oladi. Yana bu o‘simliklar allergiya xastaliklarini kamroq keltirib chiqaradi. Dunyo olimlari tibbiyot nuqtai nazaridan uyda aynan qanday o‘simliklarni o‘stirish mumkinligini o‘rganib chiqdi.
Spatifillum
Ko‘rinishidan o‘ziga xos viqorga ega bu gulga uyga kelgan mehmonlar havas qilsa arziydi. Ammo shu dabdabali ko‘rinishiga qaramay u uyingizdagi “qora ishlar”dan qo‘rqmaydi. Ya’ni, bu “kibor xonim” toksin(zahar)larni o‘ziga yutib, xona havosini tozalaydi. Aseton, benzol, turli spirtlar va ammiak hidlarini so‘rib olish unga cho‘t emas. Uyingiz yangi ta’mirdan chiqarilgan bo‘lsa, turli bo‘yoq hidlarini yo‘qotish uchun xonadoningizga spatifillum gulini eking. Barcha turdagi kimyoviy moddalar hidi bilan kurashishda bu gulga teng keladigani yo‘q.
Fikus
Uzoq yillardan buyon ma’lum bo‘lgan bu mashhur gul ham yuqorida tilga olingan o‘simliklar kabi havoni yaxshi tozalaydi. Shuningdek, ushbu o‘simliklar bor xonaga kirgan kishi beixtiyor havodagi musaffolikni o‘z tanasida his etadi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Fikus umuman inson organizmida allergik reaksiya paydo qilmaydi. Shu sababli bu gulni bolalar xonasida, hatto ularning karavotlariga yaqin joyga qo‘yish mumkin. Beg‘ubor va bezarar fikus guli o‘zidan ajratadigan biofaol moddalar insonning tinch uxlashiga va tiniqib uyg‘onishiga yordam beradi.
Bambukli palma(xamedoreya)
Agar ingliz “paxmoq” guli parvarish jarayonida suv quyish va oziqlantirishga anchayin injiq bo‘lsa, bambukli palma quyosh tushadigan joyga qo‘yilsa, yanada yashnab ketadi. Uni tez-tez sug‘orish shart emas. Bu gul havoni sof saqlaydi. Shuningdek, uydagi elektromagnit maydoni hosil qiluvchi jihozlarning zararli ta’sirini ham kamaytiradi.
Ingliz “paxmoq” guli
Bu “nozikta’b xonim” – “Ledi palmasi” boshqa o‘simliklarga nisbatan nafaqat havoni zararli qo‘shimchalardan tozalaydi, balki uni foydali mineral va tuzlar bilan ham boyitadi. Ayniqsa, yuqori va quyi nafas yo‘llari kasalliklariga ushbu o‘simlik ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, bronxial astma(ziqqinafas), o‘pka-bronx yo‘llari kasalliklari va yurak xastaliklari bilan og‘rigan bemorlar mavjud xonadonlarda albatta “Ledi palmasi” guli parvarish qilishni tavsiya qilamiz. Yana bu gul asablarni ham tinchlantiradi. Mutaxassislar kim kitob o‘qishni yaxshi ko‘rsa ushbu o‘simlikni o‘ziga yaqin joyga qo‘yishni maslahat berishmoqda. Shu bilan bir qatorda mazkur o‘simlik asabni tinchlantirish xususiyatiga ham ega.
BEGOYIM tayyorladi